Jizzaxda “Adolat uyi” ochildi

20:50 07 Noyabr 2025 Jamiyat
34 0

Jizzax shahrida viloyat sudlari uchun yangidan bunyod etilgan maʼmuriy bino foydalanishga topshirildi. Majmua zamonaviy talablar asosida qurilgan boʻlib, 1,56 gektar maydonda joylashgan va uchta asosiy binodan iborat. Binolarda viloyat sudlari, tumanlararo sud, sud departamenti uchun xizmat xonalari, sud zallari, advokat va prokurorlar xonalari, arxiv xonasi, kutish zallari, zamonaviy telekommunikatsiya xonasi, oshxona, sport zali, ona va bola xonasi, tibbiyot xonasi, muzey va kutubxona mavjud.

Majmuada inson huquqlari himoyasi, qonun ustuvorligi, sud ochiqligi va fuqarolar ishonchini mustahkamlash prinsiplari ustuvorligi eʼtiborga olinib, sud zallari audio va video yozuv tizimlari, videokonferensaloqa uskunalari va yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlangan. Hovli hududida favvoralar, ayvonchalar va keng turargohlar barpo qilingan.

— Barcha sharoitlarga ega mazkur majmuaning foydalanishga topshirilishi sudlarning mustaqilligi va odil sudlovni taʼminlash borasida olib borilayotgan islohotlar samarasidir, — deydi viloyat sudi raisi Akram Shukurov. — Oldimizdagi asosiy maqsad fuqarolar va sud jarayonlari ishtirokchilarining haq-huquqlarini toʻliq taʼminlab, ushbu binoni chin maʼnoda adolat va ishonch uyiga aylantirishdan iborat.

Majmuaning tantanali ochilish marosimida Oliy sud raisi Baxtiyor Islomov, Jizzax viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari Zafar Azimov, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmoʻmin Yodgorov, sud faxriylari, jamoatchilik va turli soha vakillari ishtirok etdi.

Ulugʻbek ADILOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер