Jizzaxda 10 ta tuman hokimining raqobatga zid qarorlari bekor qilindi

23:36 10 Iyul 2024 Jamiyat
428 0

Jizzax viloyatidagi ayrim tuman hokimlarining qarorlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Qoʻmitaning hududiy boshqarmasi tomonidan 10 ta tuman hokimligi va 9 ta tashkilotda jami 38 925 ta hujjat xatlovdan oʻtkazilgan. Natijada 124 ta hujjat — 78 ta qaror, 32 ta farmoyish, 14 ta chiqim xatlarini qabul qilishda qonun talablari buzilgani aniqlangan. Jumladan:

  1. Baxmal tuman hokimining 2023-yil 31-maydagi farmoyishiga asosan “20 ming tadbirkor-500 ming malakali mutaxassis” dasturini tashkil etish boʻyicha tuman ishchi guruhi tarkibiga bir nechta bank masʼullari hamda “Oʻzagrosugʻurta” tuman boʻlimi rahbari kiritilgan.
  2. Doʻstlik tuman hokimining 2023-yil 28-dekabrdagi qaroriga asosan tuman hududidagi transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha komissiya tarkibiga bir nechta tadbirkorlik subyektlari rahbarlari kiritilgan boʻlib, aynan ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektlarning bino-inshootlari tanlangan.
  3. Boshqa holatda Zafarobod tumani hokimining 2023-yil 14-iyundagi xatiga asosan Jizzax viloyati hokimiga 2023-yil manzilli dasturga kiritilgan obyektlar qurilishiga Imronbek-Imona MCHJni bosh pudratchi etish tavsiya qilingan.
  4. Mirzachoʻl tuman hokimining 2023-yil 10-martdagi qaroriga asosan transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibiga Mirzachoʻltrans direktori hamda Umid tezkor taʻmir katta ustasi kiritilgan boʻlib, texnik koʻrikdan oʻtkazish joyi sifatida 33 ta holatda Umid tezkor taʻmir binosi tanlangan.
  5. Forish tumani hokimining 2023-yil 20-yanvardagi qaroriga asosan transport vositalarini yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish komissiyasi tarkibiga “Oʻzbekinvest” sugʻurta kompaniyasi menejeri va “Xalq banki” tuman boʻlimi boshqaruvchilari kiritilgan.

Ish yurituvga olingan 4 ta holat boʻyicha Gʻallaorol, Paxtakor, Zafarobod tuman hokimliklari hamda viloyat Madaniyat boshqarmasiga ish qoʻzgʻatilgan va hududiy maxsus komissiyaning qaroriga asosan koʻrsatmalar yuborilgan.

Shuningdek, Zarbdor, Doʻstlik, Arnasoy, Mirzachoʻl, Yangiobod, Forish va Baxmal tumanlari hokimliklariga qonunbuzilish holatlarini toʻxtatish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan.

“Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablarini buzgan mahalliy davlat boshqaruvi organlari hamda tuman hokimliklarining yuqoridagi hujjatlari bekor qilindi va amaldagi qonun hujjatlariga muvofiqlashtirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер