Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

17:38 21 Sentyabr 2022 Jamiyat
736 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar “Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholining barcha qatlamlarini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishga jalb qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qildilar.

Kun tartibidagi masala yuzasidan deputatlarning savollariga Sportni rivojlantirish vaziri A. Ikramov javob berdi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda sport siyosat darajasiga koʻtarildi. Oʻtgan vaqt davomida sohani rivojlanitirshga oid Prezidentimizning oʻndan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Ular asosida sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport musobaqalari orqali yoshlarda oʻz irodasi, kuchi va imkoniyatlariga boʻlgan ishonchni mustahkamlash, iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish hamda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Hukumat soati”da xalq vakillari mahallalarda yoshlarning sport bilan shugʻullanishlari uchun zaruriy infratuzilmani yaratish, keng tarqalgan ommaviy sport turlari asosida respublika musobaqalarini oʻtkazish tizimini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqdi.

Sportni rivojlantirish vaziri taʼkidlaganidek, mahallalarda yoshlar oʻrtasida ommaviy sport musobaqalarni tizimli tashkil etish, ularni ommaviy sportga jalb etishni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida davlatimiz rahbarining “Mahallalarda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida yengil atletika, voleybol, stritbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, futbol, mini futbol va vorkout sport turlari boʻyicha mahallalarda istiqomat qiluvchi (7-10, 11-15, 16-21, 22-26, 27-30) yoshlar oʻrtasida yiliga ikki mavsumda sport musobaqalarini oʻtkazish tizimi joriy etildi.

Jumladan, 7-10 yoshli bolalar oʻrtasida “Quvnoq startlar”, shaxmat-shashka sport turlari boʻyicha musobaqalarda 630 ming nafar, 2 mln. 174 ming nafar
11-15 yoshli oʻsmirlar oʻrtasida yengil atletika, shaxmat-shashka, stol tennisi, mini futbol boʻyicha sport musobaqalari oʻtkazildi.

Bundan tashqari, 254 ta sport maktabining yoʻriqchi-uslubchi shtat birliklari hisobiga sport maktabi direktorining ommaviy sportni rivojlantirish va seleksiya boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etildi. 9 349 ta mahallaga sport maktablarining trenerlari va umumiy oʻrta taʼlim maktablarining jismoniy tarbiya fani oʻqituvchilari biriktirildi.

Deputatlar sohada olib borilayotgan ishlarni eʼtirof etib, davlat sport-taʼlim muassasalari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar hamda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan savollar berishdi.

A. Ikramov qayd etganidek, davlat sport-taʼlim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. Xususan, 279 ta bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va ularning filiallari negizida zamonaviy sport infratuzilmasiga ega boʻlgan 254 ta sport maktabi tashkil etildi. Joylarda aholi soni va ularning qiziqishlari inobatga olinib, sport maktablarida olimpiya sport turlari boʻyicha sportchilar tayyorlash boʻyicha yangi tizim yaratildi.

Shuningdek, iqtidorli sportchilarni professional taʼlim bilan qamrab olish, ularning iqtidorini toʻla namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejlari negizida olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil qilindi. Bugungi kunda ushbu markazlarda oʻqish jarayoni 13 ta ustuvor va ixtisoslashgan olimpiya sport turlari boʻyicha 2 ta bosqichda amalga oshirilmoqda. Yaʼni, birinchi bosqichda 5-11 sinflar uchun Olimpiya maktablari, ikkinchi bosqichda 1-2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kollejlari faoliyat koʻrsatmoqda.

“Hukumat soati”da xalq vakillari sport-taʼlim muassasalarini oliy maʼlumotli, malakali trenerlar bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham qiziqdi.

Sportni rivojlantirish vaziri taʼkidlaganidek, Prezidentimizning tegishli Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning Nukus va Fargʻona filiallari tashkil etilib, ularda hozirgi kunda sport turlari hamda adaptiv jismoniy tarbiya va sport ixtisosliklari boʻyicha trenerlar yetishib chiqmoqda. Sport turlari hamda adaptiv jismoniy tarbiya va sport ixtisosliklari boʻyicha oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash 2018-yilga nisbatan 26 foizga oshgan.

Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining Nukus, Samarqand va Fargʻona filiallari ham tashkil qilindi. 2022-yil yakuniga qadar 12 434 nafar jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislari qayta tayyorlashdan oʻtishi rejalashtirilgan boʻlib, mazkur malaka oshirish kurslariga jalb qilingan jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislar qamrovi 2017-yilga nisbatan 5 barobarga oshgan.

Savol-javoblarga boy boʻlgan “Hukumat soati”da deputatlar mavjud muammolarni bartaraf etish, soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berishdi.

Muhokamalar soʻnggida kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini taʼminlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?