Jenevada oʻtgan maxsus konferensiyada Oʻzbekiston tajribasi ilgʻor namuna sifatida eʼtirof etildi

Jeneva shahrida boʻlib oʻtayotgan Xalqaro mehnat konferensiyasining 113-sessiyasi doirasida “12-iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan maxsus konferensiya tashkil etildi. Ushbu tadbirda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurash boʻyicha xalqaro tajribalar almashildi, bu borada qisqa vaqt ichida salmoqli natijalarga erishgan Oʻzbekiston misol tariqasida eʼtirof etildi.
Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva “Bolalar mehnatiga barham berishda Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida maʼruza qildi. U oʻz chiqishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi va shaxsiy tashabbuslari tufayli ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan qatʼiy chora-tadbirlar yuksak natija berganini taʼkidladi.
Tadbirda Oʻzbekistonning bolalar mehnati va majburiy mehnatga nisbatan qatʼiy pozitsiyasi, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining asosiy konvensiyalarini, jumladan 29-sonli Konvensiyaga Bayonnomani ratifikatsiya qilgani eʼtirof etildi. Bu esa sohaga oid islohotlarning mustahkam huquqiy asosini shakllantirgan. Ayniqsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya va Mehnat kodeksida bolalar mehnatiga toʻliq barham berish, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangani qayd etildi.
Konferensiya ishtirokchilari Oʻzbekistonda Xalqaro mehnat tashkilotining tegishli konvensiyalarini ratifikatsiya qilish, milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish, majburiy mehnat va bolalar mehnati uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish hamda institutsional asoslarni mustahkamlash borasidagi ishlarga yuksak baho berishdi. Ularning fikricha, bu yondashuv Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirda Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi, Xalqaro ish beruvchilar Konfederatsiyasi, YUNISEF hamda Filippin, Marokash, Chili, Germaniya, Braziliya hukumat vakillari ham ishtirok etib, oʻz maʼruzalarini taqdim etdilar. Ekspertlar Oʻzbekiston tajribasini bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashda boshqa davlatlar uchun oʻrnak sifatida eʼtirof etishdi.
Bu konferensiya Oʻzbekistonning inson huquqlari, xususan bolalar manfaatlarini himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlari xalqaro darajada eʼtirof etilayotganini yana bir bor tasdiqladi. Bunday tadbirlar orqali mamlakatimizning ijtimoiy adolat va inson qadrini yuksaltirish yoʻlidagi yutuqlari dunyo miqyosida keng targʻib qilinmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring