Jarimalar, shaxsiy mashinalar, do'konlar... — IIV vakili karantin rejimiga oid savollarga javob berdi

15:37 25 Iyul 2020 Jamiyat
1486 0

Karantin rejimi vaqtida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan kelib tushayotgan savol va murojaatlarga Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi, Vazirning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi Shohruh Gʻiyosov javob qaytardi.

Savol: 2020-yil may oyida yoʻl harakati xavfsizligi qoidasini buzganim uchun dalolatnoma tuzilgan. Bir necha marotaba toʻlash uchun borganimda, karantin deb yopib qoʻyilgandi. Toshkent viloyati Qibray tumanida turaman, qanday qilib jarimani toʻlasam boʻladi?

Javob: Siz yoʻl harakati qoidabuzarligingizni 8860 raqamiga transport vositasining davlat raqam belgisi va transport vositasini qayd etish guvohnomasini kiritishingiz va SMS orqali kelgan xabar boʻyicha, qoidabuzarligingiz yuzasidan chiqarilgan qarorni onlayn tarzda “Payme”, “CLICK” tizimlari orqali toʻlovni amalga oshirishingiz mumkin.

Savol: Vrach boʻlib ishlayman. Shanbadan yakshanbaga oʻtar kechasi navbatchilikda turaman, ishxonam uyimdan juda uzoqda joylashgan. Shu sababli ishga oʻzimni shaxsiy mashinamda borsam buladimi?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 8-iyuldagi 34-son bayoni qaroriga koʻra, sogʻliqni saqlash tizimidagi hamda xususiy tibbiyot tashkilotlari, tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar koʻrsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalarida faoliyat yuritayotganliklarini tasdiqlovchi hujjat asosida harakatlanishi belgilangan.

Hurmatli fuqaro, Siz shaxsiy avtotransport vositangizda karantin qoidalariga toʻliq amal qilgan holda hamda faoliyatingizni amalga oshirayotganingiz haqidagi hujjat bilan harakatlanishingiz mumkin.

Savol: Shanba va yakshanba kuni oziq-ovqat doʻkonlaridan tashqari barcha doʻkonlar yopiladi deyilgan, spirtli ichimliklar doʻkoni oziq-ovqat sirasiga kirmaydi. Bunday doʻkonlar nega ochiq?

Javob: Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 30-avgustdagi “Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq oziq-ovqat mahsulotiga quyidagilar kiradi:

– oziq-ovqat xom ashyosi, (shu jumladan etil spirti), oziq-ovqatlar (shu jumladan alkogolli ichimliklar) va ularning tarkibiy qismlari, oziq-ovqat xom ashyosi va oziq-ovqatlarga tegib turadigan moddalar, materiallar, yordamchi va qadoqlash materiallari hamda ulardan tayyorlangan buyumlar birga.

Shu bilan birga, agar biz spirtli ichimliklarni yoki sigaret mahsulotlarini savdosini toʻxtatib qoʻysak, odamlar bu mahsulotni uyda qoʻlbola tayyorlashlari mumkin. Bu esa oʻz navbatida, fuqarolarni alkogolli ichimliklardan zaharlanish xavfini oshishiga olib keladi. Misol uchun, oʻtgan 80 yillarda sobiq ittifoq hukumati «suxoy zakon» eʼlon qilgan, yaʼni spirtli ichimliklarni ishlab chiqarish va savdosi toʻxtatilgan. Shu davrda odamlarning qoʻlbola tayyorlangan spirtdan zaharlanib oʻlishi juda yuqori foizga oshib ketgan.

Savol: Meni Yunusobodda doʻkonim bor. Oʻtgan shanba, yakshanba kuni PPX xodimlari kelib doʻkonni yopishimni aytishdi. Men doʻkonlar faoliyatiga ruxsat berilgan-ku, — desam meni gapimni eshitishni ham xohlashmadi. Agar dam olish kunlarida ham bu holat takrorlanadigan boʻlsa, men qayerga murojaat qilishim kerak?

Javob: Aholi oʻrtasida koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 8-iyuldagi 34-son bayon qarori bilan 2020-yil 13-iyuldan 2020-yil 1-avgustga qadar respublika miqyosida qoʻshimcha ravishda karantin cheklovlari oʻrnatilgan hamda buyum bozorlari va buyumlar savdosi bilan shugʻullanuvchi yirik doʻkonlar faoliyati toʻxtatilishi belgilangan. Shuningdek, faoliyatini olib borish uchun ruxsat etilgan oziq-ovqat doʻkonlari esa karantin qoidalariga toʻliq rioya etishlari lozim. Respublika maxsus komissiyasi qarorlari ijrosini taʼminlash va nazoratini olib borish Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Agar Siz ichki ishlar organlari xodimining noqonuniy xatti-harakatlardan jabr koʻrgan boʻlsangiz yoki norozi boʻlsangiz Ichki ishlar vazirligining 1102 raqamli ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?