Janubiy Koreyada Fargʻonaning investitsiya va savdo vakolatxonasi faoliyat boshladi

15:18 29 Noyabr 2024 Jamiyat
141 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Janubiy Koreyada boʻlib, tadbirkorlik, investitsiya, taʼlim, turizm va madaniyat sohalarida bir qator istiqbolli kelishuvlarga erishilmoqda.

Viloyat delegatsiyasining ushbu yurtga safari chogʻida Chungchongnam-do provinsiyasi Asan shahrida investitsiya va savdo vakolatxonasining tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.

Maʼlumki, Chungchongnam-do provinsiyasi gubernatori boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil may oyida Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida ushbu vakolatxonani tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishilgan edi.

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov investitsiya va savdo vakolatxonasini tashkil etishda yordam berganlarga oʻz minnatdorligini bildirib, hududlararo munosabatlar yangi bosqichga olib chiqilishida faol iqtisodiy hamkorlik muhim ahamiyatga ega ekanligini taʼkidladi.

Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov mazkur investitsiya va savdo vakolatxonasi Oʻzbekiston va Janubiy Koreya, Fargʻona hamda Chungchongnam-do oʻrtasidagi doʻstona aloqalar kengayishiga xizmat qilishini aytib oʻtdi.

Janubiy Koreyaning Son Moon universiteti qoshida tashkil etilgan vakolatxonaning ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda Fargʻona viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер