Janubiy Koreyada Alisher Navoiy haykali yaratilmoqda

13:18 12 Aprel 2021 Dunyo
443 0

Oʻzbekistonning Seuldagi elchixonasi Koreya-Oʻzbekiston Biznes assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Janubiy Koreyada yodgorlik va haykallar yasash boʻyicha yetakchi sanalgan “Malong Company” kompaniyasi vakillari bilan buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy haykalini yaratish borasida amaliy ishlarni davom ettirmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Elchixona xodimlari Xvason shahrida joylashgan ushbu kompaniyaga qarashli ustaxonada boʻlib, haykalning yaratilish jarayoni bilan tanishdi. “Malong Company” vakillariga haykalning meʼmoriy bezaklari va dizayni, tagkursidagi yozuvlar matni yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ayni paytda haykalning maketi tayyor qilingan boʻlib, endilikda uni bronzadan yasash ishlari boshlanadi. Tagkursi uchun oq marmar tanlangan.

— Dunyo xalqlari adabiyotining buyuk namoyandasi Alisher Navoiy siymosini yaratish sharafiga muyassar boʻlayotganimdan juda ham xursandman, — deydi Janubiy Koreyadagi yetakchi haykaltaroshlardan biri Park Kyong Dal. — Chunki Navoiydek ulugʻ zot haykalini yaratishni har bir haykaltarosh orzu qiladi.

Albatta, Navoiy siymosini uning nomi va jahon adabiyoti tarixida tutgan mavqeiga mos ravishda shakllantirish oson ish emas. Har bitta haykalni yasashda yaratilayotgan shaxsni oʻrganish muhim. Navoiy haqida koʻp eshitganman. Uning siymosini yaratish uchun buyuk shoir shaxsiyatini chuqur oʻrganib, keyin ish boshladim. Men bor mahoratimni ishga solib, bu tarixiy shaxs haykalini yaratishni oʻz oldimga maqsad qilib qoʻydim.

Park Kyong Dalning maʼlum qilishicha, Alisher Navoiy haykali may oyining boshlarida tayyor boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?