Jahon bozoridagi mashhur brend

15:34 15 Dekabr 2025 Jamiyat
241 0

Yaqin yillargacha tor, diqqinafas xonadonlarda ayollar, bolalar kiyimlari ishlab chiqarish bilan shugʻullangan Uchkoʻprik tumanidagi “Boboshbek” mahallasi endi qulochni keng otish imkoniga ega. Bundan buyon uch-toʻrt sotixli hovlida katta oilaning yashashi, oʻttiz-qirqtagacha doimiy ish oʻrni yaratgan holda ishlashiga hojat qolmaydi. Ayni paytda mahalladagi 1065 ta oilada 6230 nafar aholi istiqomat qiladi. Eʼtiborlisi, mahalla ahlining 800 nafarga yaqini tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtgan va samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Mazkur mahallada tayyorlanadigan kiyim-kechaklarni MDH davlatlari, Xitoy, Janubiy Koreya, hatto AQSHda ham bilishadi. Shu bois mahalla chevarlari tomonidan tikilib, mahalliy brend ostida eksport qilinayotgan mahsulotlar juda xaridorgir.

– Birgina joriy yilda hududda 50 ta mikroloyiha amalga oshirildi, – deydi Mahalladagi hokim yordamchisi Roʻzali Meliqoʻziyev. – Buning uchun 1 mlrd 200 mln soʻm bank krediti jalb etilgan boʻlsa, oʻz biznesini yanada rivojlantirish maqsadida mahalla tadbirkorlari 1 mlrd 250 mln soʻm investitsiya kiritdi.

Bugun “Boboshbek” yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo va logistika majmuasida 212 ta trikotaj sexi, 336 ta savdo doʻkoni, 560 ta kichik savdo rastasi hamda 2 ta logistika markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu avval oʻz xonadonida ishlab kelgan aksariyat tadbirkorlarga yangi majmuadan joy olib, faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida kengaytirish imkonini berdi.

– Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chogʻida tadbirkor-chevarlar bilan yuzma-yuz uchrashgani koʻplab tashabbuslarni yuzaga chiqardi, — deydi tadbirkor Bumayram Alixonova. — Natijada mahallaning boʻsh hududida muhtasham, zamonaviy markaz qurib bitkazildi. Bevosita oʻzim xonadonimda ishlashni davom ettirib, yangi majmuadan ham joy olgan holda faoliyat koʻlamini sezilarli darajada oshirishga muvaffaq boʻldim. Natijada oʻnlab yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Mahallada ishlab chiqarilayotgan trikotaj va yengil sanoat mahsulotlari mahallaning oʻzida tashkil etilgan ulgurji bozori orqali toʻgʻridan-toʻgʻri eksportga joʻnatiladi. Bu yerda yil davomida xorijdan kelgan katta yuk mashinalari, xaridorlar navbat kutadi. Zamonaviy majmuadagi “Ailembabay” brendi ostida oʻz mahsulotlarini eksport qilayotgan korxonada 30 nafardan ziyod mahalla ayollari yuqori daromadli doimiy ish oʻrni bilan taʼminlangan. Shuningdek, kasanachi sifatida 100 dan ortiq xotin-qizlar faoliyat koʻrsatadi.

– Dastlab faoliyatimni 4 nafar mahalladoshim bilan boshlaganman, – deydi korxona rahbari Dilshodjon Ergashev. – Xorijdan 10 ga yaqin toʻquv dastgohi, 30 dan koʻproq zamonaviy tikuv mashinalarini olib kelindi. Tabiiy matolardan tayyorlanadigan kiyim-kechaklarni oʻnlab mamlakatlarga eksport qilish salohiyatimiz kengayib bormoqda.

– Oiladagidek muhit yaratilgani bois ishim oʻzimga juda yoqadi, —deydi Basida Tursunova.— Shu tarzda oila byudjetiga oʻz ulushimizni qoʻshayotganimdan xursandman.

Majmuadagi “Imron salmon” MCHJda “Dassikids” brendi ostida bolalar kiyimlari ishlab chiqarilmoqda. Korxonada mahalliy ishchilar bilan birga, 3 nafar hindistonlik, 15 nafar pokistonlik mutaxassislar ham faoliyat koʻrsatadi.

— Korxonada jahon bozoridagi talab va ehtiyoj asosida yangi andozalar yaratish, mahsulotlar sifatini nazorat qilish vazifasini bajaraman, — deydi pokistonlik Muhammad Sulton.— Mahsulotlarimiz bolalar sogʻligʻiga xavfsiz va bozor talablariga mos. Shu sababli toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilish istagidagi xorijlik xaridorlar ortib bormoqda. Oʻz navbatida, mijozlar safini koʻpaytirish uchun muntazam ravishda Osiyo, Yevropa mamlakatlariga mahsulotlarimizdan nusxalar joʻnatamiz.

Uchkoʻprik tumani viloyatning sanoat salohiyati jadal yuksalib borayotgan hududlaridan sanaladi. Shu yil yakuniga qadar tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 4 trln 585,8 mlrd soʻmga yetkazish maqsad qilingan. Yil yakuni bilan jon boshiga ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmini 20 mln soʻmga yetkazish, 100,6 mln dollarlik sanoat mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan.

Botir MADIYOROV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?