Jahon banki Oʻzbekistonga strategik islohotlarni amalga oshirishda qoʻshimcha koʻmak koʻrsatadi

14:27 19 Dekabr 2022 Iqtisodiyot
1519 0

Foto: Illustrativ foto

Jahon banki (JB) taraqqiyot siyosatini qoʻllab-quvvatlash doirasida 950 million AQSH dollari miqdorida Oʻzbekistonga moliyaviy mablagʻ taqdim etishni maʼqulladi.

Bank veb-sayti maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekiston hukumatiga strategik islohotlarni amalga oshirishda, jumladan, xususiy jabhaga yoʻnaltirilgan inklyuziv iqtisodiyot qurish, bozor institutlarini rivojlantirish va barcha fuqarolar iqtisodiy oʻsishning natijalaridan foydalanishlari uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha koʻmak koʻrsatiladi.

Jahon bankining hukumatga yordami moliyaviy paket shaklida taqdim etiladi. U 470 million AQSH dollari qiymatidagi imtiyozli kreditlar va 480 million AQSH dollari qiymatidagi past stavkali kreditlardan iborat.

«Dunyodagi hamda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi murakkab vaziyatga qaramasdan, Oʻzbekiston islohotlar yoʻlida qatʼiy davom etishini namoyish etmoqda, dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Tatyana Proskuryakova. Jahon bankining joriy operatsiyasi Oʻzbekiston uchun 2017-yildan buyon mamlakatda inklyuziv bozor iqtisodiyotini barpo etish maqsadida koʻrsatgan keng koʻlamli moliyaviy va texnikaviy yordamiga asoslanadi. Jahon bankining mamlakat bilan 2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi hamkorlik dasturi Oʻzbekistonning kelgusi besh yilga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor islohotlarni amalga oshirishga xizmat qiladi».

Jahon banki moliyalashtirish orqali hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar va chora-tadbirlar, fuqarolarni, shu jumladan, kambagʻal va zaif oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimining samaradorligini oshirish maqsadida yangi Aholini ijtimoiy himoya qilish Milliy strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, xususiy sektorda ishlaydigan ayollarni, moliyaviy xizmatlar bozorida nobank kredit tashkilotlari sonini koʻpaytirish, kichik tadbirkorlik subyektlarini, mobil telekommunikatsiya aloqalari bozorida barcha ishtirokchilar uchun raqobat muhitini yaratish uchun ushbu bozorda xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish vazifalarini qoʻllab-quvvatlaydi.

Bundan tashqari, tobora kengayib borayotgan global iqtisodiy noaniqlik, xalqaro moliya bozorlaridagi murakkablashib borayotgan holat hamda oziq-ovqat mahsulotlari va energiya resurslarining jahon bozoridagi narxlari oʻsayotganligi sharoitida Jahon banki joriy operatsiya doirasida davlat byudjetiga ham moliyaviy jihatdan koʻmak koʻrsatdi.

2022-yil 16-dekabr holatiga koʻra, Jahon bankining Oʻzbekistondagi mamlakat boʻyicha dasturi 27 ta loyihani oʻz ichiga olgan. Loyihalar hukumat tomonidan Bank koʻmagida turli muhim sohalarda amalga oshirilmoqda. Ular xususan, kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, makroiqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, suv resurslarini boshqarish, qishloq xoʻjaligi, suv taʼminoti va kanalizatsiya, energetika, transport, sogʻliqni saqlash, taʼlim xizmatlarini, aholini ijtimoiy himoya qilishni, shahar va qishloq infratuzilmasini, innovatsiyalar, soliq maʼmurchiligi, statistika idoralari va moliyaviy tizimlarni rivojlantirish va boshqa yoʻnalishlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, Jahon banki aholi salomatligi, iqtisodiyot va fuqarolar farovonligi uchun hukumatga COVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatishda yordam berishni ham davom ettirmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер