Zelenskiy Germaniyada va “Tolibon”ning qora roʻyxatdan chiqarilishi (+video)

19:34 06 Sentyabr 2024 Dunyo
99 0

Pokrovskda vaziyat qanday?

Ukraina harbiy qoʻmondoni Aleksandr Sirskiy Ukrainaning Kursk viloyatiga hujumini himoya qilib chiqdi. Rasmiylarning taʼkidlashicha, hujum Rossiyaning Pokrovsk shahriga intilishini sekinlashtirgan va bu strategiyaning bir qismidir. “CNN”ga koʻra, Sirskiy Pokrovskni yoʻqotmaslik uchun hamma narsani qilmoqda. Qoʻmondonning qoʻshimcha qilishicha, dushman soʻnggi 6 kun ichida bir metr ham siljimagan. Kiyev Kurskning 1,300 kvadrat kilometr hududini nazorat qilayotgani aytilmoqda.

Payshanba kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kursk hujumi Rossiyaning oldinga siljishini sekinlashtira olmagani va bu harakat Ukrainaning Doneskdagi mudofaasini zaiflashtirishga xizmat qilganini aytgan edi. Tahlilchilarning taʼkidlashicha, Rossiya Ukraina sharqidan bir nechta askarlarni Kursk shahriga koʻchirgan, u yerda askarlar etnik Chechen jangchilari tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi. Ukraina rahbarining aytishicha, Kreml Kurskda 60 mingta askarini joylashtirgan va Kiyevning maqsadi ushbu hududda rus jangchilarini toʻplashdir.

Rossiya tomoni Pokrovskdan Sharqda va yaqin atrofdagi bir nechta kichik qishloqlarni egallab olgani, oʻn minglab aholi evakuatsiya qilinayotganini aytmoqda. Sirskiy ham Pokrovskdagi vaziyatni muammoli deb atagan.

“Biz artilleriya otishmalarining miqdori va hujumning intensivligi kamayganini bilamiz. Menimcha, bu strategiya toʻgʻri tanlangan va bu bizga kerakli natijani beradi. Davom etayotgan janglar va soʻnggi bir hafta ichida oʻnlab odamlarni oʻldirgan Rossiya bombardimonining yangi toʻlqini sharoitida Ukraina AQSH va uning boshqa ittifoqchilariga koʻproq havo mudofaasi bilan taʼminlash va Gʻarb tomonidan taqdim etilgan uzoq masofali qurollardan foydalanishga ruxsat berish uchun bosimni kuchaytirdi. Ushbu masalalar juma kuni Ukrainaga harbiy yordam koʻrsatadigan Ukraina Mudofaa aloqa guruhi aʼzolari Germaniyada uchrashganda muhokama qilinishi mumkin. Yigʻilishga Zelenskiy ham tashrif buyurgan va muzokaralarda qatnashadi. Uchrashuv oldidan Birlashgan Qirollik yil oxirigacha Ukrainaning havo mudofaasi qobiliyatini oshirish uchun 650 ta yengil koʻpfunksiyali raketa tizimlarini yetkazib berishini eʼlon qildi”, — degan qoʻmondon.

Tramp migratsiya inqirozida Baydenni ayblamoqda

Amerika Qoʻshma Shtatlari hozirgi Amerika maʼmuriyati davrida yomonlashgan migratsiya inqirozidan aziyat chekmoqda. Bu haqda AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Xarrisburgda (Pensilvaniya) saylovchilar bilan uchrashuvda aytib oʻtdi.

“Bizning asosiy muammomiz bu AQSH hukumati mamlakatga ruxsat bergan 21 million odam. Ular mamlakatimizni zaharlashdi. Ular bu yerga qamoqxonalardan, psixiatrik shifoxonalardan kelishadi. Ular orasida terrorchilar ham bor”, deya keskin bayonet berdi siyosatchi.

Trampning soʻzlariga koʻra, bu AQSH duch kelgan eng murakkab muammo.

Avvalroq, AQSH prezidentligiga Demokratik partiyadan nomzod Kamala Xarris saylovda gʻalaba qozonsa, Kongressda Amerika chegarasidagi choralarni kuchaytirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini qabul qilishini soʻrashini aytgandi.

Avgust oyi oxirida Texas federal sudi AQSH prezidenti Jo Baydenning mamlakatdagi noqonuniy muhojirlarni qonuniylashtirish boʻyicha dasturini qabul qilishni toʻxtatdi. Shuningdek, sud qarori uzaytirish imkoniyati bilan ikki hafta muddatga amal qilishi qayd etilgan.

Oʻz navbatida, Donald Tramp muhojirlarni qaytarib olishdan bosh tortgan davlatlarga bojlarni oshirish bilan tahdid qildi. Siyosatchi, shuningdek, amaldagi rahbariyatning muvaffaqiyatsiz migratsiya siyosati tufayli AQSHni jinoyat epidemiyasi qamrab olganini taʼkidladi.

Bayden mavzusidan uzoqlashmaymiz. Uning oʻgʻli Xanter Bayden unga nisbatan soliq jinoyatlari boʻyicha barcha ayblovlar boʻyicha kelishuvga erishdi.

“Xanter Bayden federal soliq ishida oʻziga qoʻyilgan barcha ayblarni tan oldi”, — deyiladi xabarda. Oq uy rahbarining oʻgʻliga hukm oʻqilishi 16-dekabrga belgilangan.

Avvalroq, Jo Bayden haligacha oʻgʻlini afv etish niyatida emasligi maʼlum boʻlgandi. Oq uy, shuningdek, Xanter Baydenning aybini tan olish niyati tufayli uning jazosini yumshatish imkoniyatini rad etgan.

2023-yilning dekabr oyi boshida prezidentning oʻgʻliga soliq toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun toʻqqizta ayblov qoʻyilgandi. Ushbu ayblovlarga koʻra, 53 yoshli kichik Bayden 17-yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Qirgʻiziston “Tolibon”ni terrorchilik tashkiloti roʻyxatidan chiqardi

Qirgʻiziston Bosh prokuraturasi mamlakat hududida sudlar tomonidan faoliyati taqiqlangan terrorchilik tashkilotlarining roʻyxatini eʼlon qildi, ular orasida “Tolibon” yoʻq, deb xabar bermoqda “Anadolu” agentligi.

Qayd etilishicha, 20 ta tashkilot nomi keltirilgan hujjatga 2006-yildan beri Qirgʻizistonda terrorchilik harakati sifatida tan olingan — “Tolibon” kiritilmagan.

Qirgʻiziston Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasi rahbari oʻrinbosari Azamat Yusupovga koʻra, Afgʻonistonda yuz bergan soʻnggi oʻzgarishlar sabab, “Tolibon” roʻyxatdan chiqarilgan boʻlishi mumkin.

“Batafsil maʼlumot olish uchun sud organlariga va roʻyxatni eʼlon qilgan Bosh prokuraturaga murojaat qilishingiz lozim”, deydi u.

Din ishlari boʻyicha davlat komissiyasi raisining boshqa bir oʻrinbosarining qoʻshimcha qilishicha, Qozogʻistonda ham “Tolibon” terrorchilik tashkilotlari roʻyxatidan chiqarilgan. Uning soʻzlariga koʻra, hozirda KXSHT davlatlari ham ushbu masalani muhokama qilmoqda.

Akayev “Sobiq prezident” maqomini qaytarib olmoqchi

Qirgʻiz Respublikasini 1990-yil 27-oktyabrdan 2005-yilgacha Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajargan Asqar Akayev parlamentdan unga sobiq prezident maqomini qaytarib berishni soʻradi.

Maʼlum boʻlishicha, Qirgʻiz parlamentining Konstitutsiyaviy qoʻmitasi rahbari Choʻlpon Sultonbekova ushbu xatni 5-sentyabr kuni olganini va hozircha chuqur oʻrganmaganini bildirgan.

Asqar Akayevdan yoʻllangan xat, dastavval, 2024-yil 30-iyulda parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev nomiga kelib tushgan. Bu vaqtda deputatlar taʼtildaligi sababli mazkur murojaat koʻrib chiqilmagan. Sultonbekova maktubni oʻqib chiqqach, fraksiya yetakchilariga joʻnatishini, shundan soʻng maslahatlashuvlar oʻtkazilishini aytdi. Bu juda uzoq jarayon va parlament qanday qaror qabul qilishi nomaʼlum, deya qoʻshimcha qildi u.

Asqar Akayev Qirgʻizistonni mustaqillikning ilk yillaridan 2005-yilgacha boshqargan va shu yilning mart oyida ommaviy norozilik namoyishlari fonida hukumatdan ketgan edi. Oʻshanda Akayev va uning oila aʼzolari Qirgʻizistondan Moskvaga chiqib ketgan va tez fursatda prezidentlikdan isteʼfoga chiqqandi.

Maʼlumot uchun aytish mumkinki, 2010-yilda, aprel inqilobidan keyin Akayev Qirgʻizistonning sobiq prezidenti maqomidan mahrum qilingandi.

Germaniya Isroilni ogohlantirdi

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Isroilni Gʻarbiy Sohilga harbiy hujum uyushtirmaslikka chaqirdi. Berbok isroillik hamkasbi bilan uchrashgach, bunday harakatlar Isroil xavfsizligiga tahdid solishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Maʼlum boʻlishicha, nemis siyosatchisi baʼzi Isroil vazirlarining Falastin maʼmuriyatini agʻdarish va Gʻarbiy Sohilda aholi punktlarini egallashga boʻlgan chaqiriqlaridan xavotir bildirdi. Berbok, shuningdek, Isroilning oʻng qanot rahbarlarining manipulyatsion bayonotlarini tanqid qilib, Falastin maʼmuriyatini mustahkamlash tinchlik uchun juda muhim ekanligini bildirgan.

Uning taʼkidlashicha, Germaniya va Yevropa Ittifoqi terrorizmga qarshi kurash boʻyicha Falastin maʼmuriyatidagi islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyor. “Barqaror Falastin davlati sari qadamlar Isroilning uzoq muddatli xavfsizligi uchun zarur”, degan u.

Germaniyaning ushbu chaqiriqlariga qaramasdan, Isroil Milliy xavfsizlik vaziri rahbarlaridan biri Itamar Ben-Gvir Gʻarbiy Sohildagi XAMASning magʻlubiyatini davlatning hozirgi mojaro maqsadlariga kiritishga chaqirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?