Zamonang bor, yayrab davron surmoqqa

09:15 04 May 2024 Madaniyat
332 0

5-may — Ibroyim Yusupov tavallud topgan kun

Ibroyim Yusupov oʻz ijodi bilan XX asrning ikkinchi yarmi — XXI asr boshlaridagi qoraqalpoq adabiyoti tarixiga yorqin sahifalar bitgan shoirdir. Uning otashin sheʼrlari, ayniqsa Toshkentda tahsil olayotgan payti yozgan “Mening yigit vaqtim, sening qiz vaqting” satrlari oʻz vaqtida koʻplab talaba-yoshlarning sevimlisiga, madhiyasiga aylangan, desak mubolagʻa emas.

Shoir bugun oramizda emas, ammo barhayot siymosi yuragimizga muhrlangan, bitiklari hamisha tilu dilimizda jaranglab turadi.

SOGʻINISH

Sahar vaqti chiqsam Maʼshuq togʻiga,

Sharqdan kulib boqdi Zuhro yulduzi.

Kumush buloqlarning shoʻx qaynashi ham

Seni esga soldi Amuning qizi.

Togʻdan bulutlarni haydasa shamol,

Silkib turgandaysan menga oq roʻmol,

Suv ichishga kelgan yeldek shoʻx marol

Senga oʻxshab ketdi Amuning qizi.

Goʻyo choʻng Elbrus osmonga tekkan,

Bulutlar mahliyo, boshini eggan,

Bahor bayramida oq koʻylak kiygan

Paytlaring yod etdim Amuning qizi.

Shamol shildiratsa tollar yaprogʻin,

Seni keldimi deb aldandim tagʻin,

Kakliklar gurlashib uchgani sayin

Xandangni eslatar Amuning qizi.

Koʻrsam jimirlagan suvlarin soyning,

Tinglab choʻpon chalgan shodon surnayin,

Shunda bir sen boʻlib shodligim, qaygʻum,

Koʻz oldimda turding Amuning qizi.

Narzan buloqlari qandayin shinam,

Sening koʻngling yangligʻ tiniq va koʻrkam,

Togʻlar uygʻonadi, qalbimda bir gʻam –

Orzuyim oʻzingsan, Amuning qizi.

Sogʻinching tugatdi bor toqatimni,

Tosh ustida turdim oʻqib xatingni,

Yozsam yosh emanga oʻyib otingni,

Togʻlar yodlab oldi Amuning qizi.

Beshtov jilvalanib turar qoshimda,

Bulutlar oʻrmalar xarsang toshida,

Har kim kuyar boʻlsa sevgi yoshida,

Mendek boʻlib kuysin Amuning qizi.

TOSHQIN BOʻLIB OQIB OʻT

Zamonang bor, yayrab davron surmoqqa,

Daryo boʻlsang, toshib-toshib oqib oʻt.

Yelman desang, shamolday chop toʻrt yoqqa,

Bulut boʻlsang koʻngillarga yogʻib oʻt.

Gulman desang, xumor boqtir koʻzlarni,

Tilman desang, marjonday tiz soʻzlarni,

Qon-qardoshdan burma aslo yuzlarni,

Goh-gohida eshigini qoqib oʻt.

Botir boʻlsang, armugʻoqday koʻpik soch,

Shunqor boʻlsang, yozgin samoda quloch,

Keng feʼl boʻlib el-yurtingga quchoq och,

Havolanmay, sen muloyim boqib oʻt.

Vaqt gʻanimat, bilgin olmosdan qimmat,

Unutma, bu gaplar emas behikmat,

Er yigitda boʻlsin saxovat, himmat,

Togʻlar osha chaqmoq boʻlib chaqib oʻt.

Yoshlik fasli yozilmagan bir doston,

Dogʻ tushmasin unga, avayla, inson,

Yashash Yaratgandan bizgadir ehson,

Tiriklik bir marta berilar faqat.

SOʻYLASIN

Qoʻlga olgin dutoring, har nomadan soʻylasin,

Jannatmonand guldiyor Fargʻonadan soʻylasin.

Xorazmning men suygan oʻn ikki maqomidan,

Yo Rajabiy, Abdulla mavlonadan soʻylasin.

Keltir Halimaxonning jonona “Tanovarin”,

Bubul xonish yayratgan arvonadan soʻylasin.

Oyimxon “Dam bermasin” Amu bulbullariga,

Nodirayu Zulfiya soʻzonadan soʻylasin.

Dil istak xohishidir “Samarqand ushshoqlari”,

Dongdor tengdosh Tursunoy dugonadan soʻylasin.

Oʻzbek “oq oltini”ni olamga doston etgan,

Paxtakor dehqon xalqim mardonadan soʻylasin.

Soz torlari soʻylasin Ayoziy dardlarini,

Senday jonondan yetgan armonlardan soʻylasin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер