Zamon va adabiyot

01:46 19 Yanvar 2023 Madaniyat
1003 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Zamon va adabiyot” mavzuida davra suhbati oʻtkazildi.

Maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda quyi palata deputatlari, devon xodimlari, shoir va ijodkorlar, taniqli adabiyotshunoslar ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, adabiyoti yoʻq millatning tarixiy xotirasi boʻlmaydi. Bunday millat odamlari qanday yashagani, nima deb oʻylagani, nimaga intilganini hech kim bilmaydi. U koʻngildagi ehtiyojni qanoatlantiradi, ruhiyatni adabiyot yangilaydi.

Soʻz olganlar keyingi yillarda mamlakatimizda ona Vatani va xalqiga muhabbat va sadoqat tuygʻusi bilan yashaydigan barkamol shaxsni tarbiyalash, ayniqsa, yoshlarni adabiyotga, kitobga boʻlgan qiziqishini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini bildirdi.

Xususan, Prezidentimiz Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida ham taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli ekanligiga alohida toʻxtaldi. Birinchi navbatda, eʼtibor Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya boʻlgan taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilishi qayd etildi.

Haqiqatdan ham, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim-tarbiyadir. Shuning uchun yurtimizda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirishga katta kuch va mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish masalasi Prezidentimizning doimiy eʼtiborida boʻlib, adabiyot sohasi fidoyilarini har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ularning erkin va samarali ijod qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish boʻyicha salmoqli ishlar qilinmoqda.

— Yosh avlodni yangi davrga munosib qilib tarbiyalash, inson ongu shurini, ruhiyatini va dunyoqarashini shakllantirishda adabiyotning roli katta, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Farida Boʻtayeva. — Shuningdek, jamiyat hayotida ezgu qadriyat va anʼanalarni chuqur qaror toptirishga ham uning oʻrni beqiyos. Zero, adabiyotga eʼtibor — maʼnaviyatga, kelajakka eʼtibor.

Koʻp yillik ijodiy tajribaga ega boʻlgan Qonunchilik palatasi deputatlari Xurshid Doʻstmuhamedov va Farida Boʻtayeva suhbat chogʻida xalqimizning ijtimoiy-madaniy, siyosiy sohalarda tafakkurini kengaytirish, yoshlar tarbiyasini yanada yuksak pogʻonalarga koʻtarishda adabiyotning roli katta ekanligini qayd etdi. Aslida har bir mamlakatning tarixi va madaniyatini oʻrganishda uning adabiyotiga murojaat etish muhimligi aytildi.

Tadbirda deputatlar sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida ham toʻxtalib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?