Zaxiradagi ulkan imkoniyat

13:40 12 Mart 2025 Jamiyat
130 0

Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Bugun mamlakatimizda “Yashil energiya”ga talab kundan-kunga ortib bormoqda. Shu yilning 27-yanvar kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan “Atrof-muhitni asrash va “Yashil” iqtisodiyot yili” davlat dasturi loyihasi yuzasidan oʻtkazilgan yigʻilishda ham bu boradagi imkoniyatlarga eʼtibor qaratildi. Unda maʼlum qilinishicha, respublikamizda qoʻshimcha 1 gigavatt quvvatli muqobil energiya ishlab chiqarishga qaratilgan loyihalar shakllantirilib, obyektlarga quyosh panellari oʻrnatishni ragʻbatlantirish davom ettiriladi. Buning uchun 2 trillion soʻm kredit mablagʻi ajratiladi.

Andijon viloyatida ham bu boradagi ishlar koʻlami ortib bormoqda. Oʻtgan yillar davomida umumiy quvvati 87607,1 kVat boʻlgan 12826 ta quyosh panellari oʻrnatildi. Natijada obyektlarda taʼminotning uzluksizligiga erishildi.

— “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali tomonidan oʻtgan yilda quyosh panellari oʻrnatilgan xonadon va xoʻjalik subyektlari bilan shartnoma tuzildi, — deydi filial xodimi Munisaxon Sobirova. — Unga muvofiq isteʼmolchilar oʻz ehtiyojidan ortgan elektr energiyasini davlatga sotish imkoniyati yaratildi. Natijada 263 nafar fuqarolardan 1 ming 644 kVat, 442 ta xoʻjalik yurituvchi subyektlardan 10 ming 280 kVat energiya sotib olindi.

Viloyatda elektr energiyasiga boʻlgan ehtiyojni qondirishda mikroGESlar faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Boisi hududda bir qancha oqin suvdan iborat kanallar mavjud. Ular asosiy elektr manbasi hisoblanadi. Zaxiradagi ushbu imkoniyatni ishga solgan holda “Yashil energiya” imkoniyatlaridan unumli foydalanish mumkin. Bu borada ham aniq reja ishlab chiqilgan boʻlib, unga asosan 51 ta mikro va kichik GESlar qurish ishlari boshlab yuborildi. Jumladan, Ulugʻnor tumanidagi “Fazogir” mahallasi hududida soatiga 600 kVat quvvatga ega boʻlgan yangi gidroelektrostansiyasi ishga tushirildi. 1 mln. AQSH dollariga teng qiymatdagi ushbu loyiha “Ulugʻnor GES 001” MCHJ tomonidan amalga oshirildi.

— GESimiz “Oq oltin” nimstansiyasidan chiquvchi 23 km.dan iborat havo tarmogʻi orqali 30 ta transformator punktini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi, — deydi GES ishchisi Rahmatjon Turgʻunov. — Buning natijasida 10 dan ortiq yuridik maqomdagi subyektlar, 2100 ta aholi xonadonlariga elektr energiyasini yetkazib bermoqdamiz. Bunga qadar hududning kunlik isteʼmoli 6,5 ming kVatdan iborat edi. GES ishga tushirilgach, ushbu koʻrsatkich 12 ming kVatga yetkazildi. Bu bilan taʼminotdagi uzluksizlikka erishibgina qolmasdan, shu miqdordagi elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun foydalanilgan 5200 tonna koʻmir va tabiiy gaz uchun xarajat ham iqtisod qilinmoqda.

Tumanda ayni paytda yana bir mikroGES qurilishi amalga oshirilmoqda. U foydalanishga topshirilgach, 1100 ta aholi xonadonlaridagi elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolar barham topadi.

— Qiymati 1 mln. AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu loyiha shu yilning 1-choragida ishga tushiriladi, — deydi xitoylik muhandis Li Jinxuye. — Shunda yiliga 5 mln. kVat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Minglab xonadonlarda taʼminotdagi barqarorlik yoʻlga qoʻyiladi. Shu bilan birga 10 ta yangi ish oʻrni ham yaratiladi.

Yashil energiyaga oʻtish hisobiga energetik mustaqillikka erishish mumkin. Bu orqali iqtisodiy rivojlanish taʼminlanib, atrof-muhitni muhofaza qilish imkoniyati yaratiladi. Shu bois bu boradagi saʼy-harakatlar respublikamizdagi istiqbolli loyiha sifatida jadallik bilan amalga oshirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер