“ZAGS”lar DXAga oʻtdi. Sohani nima kutmoqda?

18:44 19 Iyun 2020 Jamiyat
1090 0

Xabaringiz bor, joriy yilning 1-apreldan boshlab FHDYO organlari Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtdi. Bunga asosiy sabab, FHDYO boʻlimlarining faoliyatini toʻgʻri tashkil etish va nazorat qilinishini taʼminlash. 

Xoʻsh, endilikda “ZAGS”lar qanday transformatsiyaga uchraydilar?

Bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi mazkur sohani yaxshilash uchun bir necha yoʻnalishdagi ishlarga qoʻl urdi.

Raqamlashtirish.

Albatta, bugun barcha sohalar dunyodagi trendlar bilan hamnafas boʻlishi uchun avvalambor raqamlashtirish ishlarini amalga oshirishi kerak. FHDYO sohasi ham bundan mustasno emas. Aslida DXA tomonidan fuqarolik holati dalolatnomalarini raqamli koʻrinishga oʻtkazish boʻyicha ishlar ancha oldin oldin boshlab qoʻyilgan.

Buning uchun har bir hududda arxivarius shtati tashkil etildi, eng zamonaviy uskunalar olib kelinib, maxsus axborot tizimi ishga tushirildi.

Natijada, hozirda mamlakatimiz boʻyicha 33,21 millionta (yaʼni 60 foizdan ortiq) dalolatnoma yozuvlari raqamlashtirilib, “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga kiritildi.

Ayrim hududlar esa, masalan, Buxoro viloyati raqamlashtirish ishlarining yakuniga yetmoqda. Mazkur hududda 96 foizdan ortiq hujjatlar raqamlashtirildi.

Toshkent shahrida nikoh va nikohdan ajralganlik haqida arxiv hujjatlari toʻliq raqamlashtirilgani bois, ushbu maʼlumotlarni onlayn tarzda olish imkoni yaratildi.

Raqamlashtirish — davlat xizmatlarini olishni soddalashtirish demak, degan xulosa qilsak xato boʻlmaydi.

Integratsiya.

Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilganidanoq, uning faoliyatida shu soʻz koʻp ishlatiladi. Xuddi, koʻpchilikni zeriktirgan “innovatsiya” iborasi kabi.

Biroq, davlat xizmatlari sohasini rivojini integratsiyasiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Bizning faoliyatimizda integratsiya barcha davlat idoralarining oʻzaro bogʻlangan tizimga ulanishini anglatadi.

Yuqorida aytilganidek, “ZAGS” sohasiga oid hujjatlarni kompyuter sichqonchasining bir bosishida olish imkonini yaratish uchun maxsus “FHDYOning yagona elektron arxivi” tizimi ishga tushirildi.

Fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlarini olish bilan bogʻliq boshqa davlat tashkilotlarning maʼlumotlarini (talab yuqori boʻlgan masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat notarial idora va boshqalar) faqatgina maxsus axborot tizimi orqali raqamli koʻrinishda amalga oshirish tartibini joriy etish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Moliya va Sogʻliqni saqlash vaziriliklari, Statistika va Soliq qoʻmitalari, Davlat personallashtirish markazi, Majburiy ijro byurosi, Pensiya jamgʻarmasi, Notarial idoralar, my.gov.uz portali axborot tizimlari bilan integratsiya ishlari oʻz yakuniga yetdi.

Xoʻp, integratsiya, qilindi deylik, menga bundan nima foyda, deysizmi?

Misol uchun, sogʻliqni saqlash idoralari tomonidan “FHDYO yagona elektron arxivi” axborot tizimiga tugʻilish va oʻlim haqidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida elektron shaklda taqdim etilishini taʼminlash orqali fuqarolarni va soha xodimlarini ortiqcha ovoragarchiligining oldini olish mumkin.

Yil oxirigacha tugʻilishni qayd etish bilan bogʻliq kompozit xizmatlarni ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu bilan, fuqaro 1 ariza berib, bir vaqtning oʻzida 6 ta davlat xizmatini olishi mumkin.

Tugʻruqxonadan bola tugʻilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma berish, FHDYO boʻlimida bola tugʻilganligini qayd qilish, bolani otasi yoki onasining doimiy yashash manziliga roʻyxatga qoʻyish, farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini olish, poliklinikaga roʻyxatga qoʻyish va bolani maktabgacha taʼlim muassasasiga navbatga qoʻyish kabi harakatlar elektron tarzda parallel ravishda amalga oshiriladi. Yaʼni, fuqaro vaqti tejaladi va ortiqcha xarajatlari oldi olinadi.

Joriy yilda, shuningdek Oliy sud, Bandlik va mehnat munosabatlari, Maktabgacha taʼlim va Tashqi ishlar vazirliklari bilan oʻzaro elektron hujjat almashuv tizimi yoʻl qoʻyilmoqda.

Yana-chi?

Hozirda FHDYO boʻlimlarida undirilayotgan toʻlovlarni amalga oshirishda avtomatlashtirilgan “Billing” tizimi joriy etildi. Mazkur tizim mablagʻlar faqatgina rasmiy bank hisob raqamlariga kelib tushib, ortiqcha toʻlovlarni oldini olishga xizmat qiladi, yaʼni, pul tushumlari bilan bogʻliq manipulyatsiyalarni oldini olib, shaffoflikni taʼminlaydi.

Albatta, moliyaviy ragʻbatlantirish xodimlarning oʻz xizmat vazifalariga vijdonan va sidqidildan yondashishlariga turtki boʻladi degan fikrdamiz. Shu bois, FHDYO organlari xodimlarining mehnatiga adolatli haq toʻlash choralari koʻrilmoqda.

Tushunib turganingizdek, kelgusida “ZAGS”larni anchagina oʻzgarishlar kutmoqda. Harakatlarimiz negizida esa faqatgina aholiga sifatli xizmat koʻrsatish istagi mavjud.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер