Zafarobodda yangi madaniyat va maʼrifat maskanlari foydalanishga topshirildi
Navoiy viloyatining Zafarobod shaharchasida “Navoiyuran” davlat korxonasi shaharsoz korxona hisoblanadi. Shu bois mazkur shaharchada aholi farovonligini oshirish, bekamu koʻst infratizimni yaratish davlat korxonasining doimiy eʼtiborida.
Shu jarayonlarda “Navoiyuran” davlat korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy ahamiyatga ega investitsiya loyihalari korxonaning asosiy qadriyati boʻlgan ijtimoiy masʼuliyat va xalq bilan hamnafaslik tamoyillarini oʻzida mujassam etgan. Shaharcha markazida foydalanishga topshirilgan Amfiteatr va Kutubxona binolari shular jumlasidan boʻlib, mahalla aholisiga Oʻzbekiston kasaba uyushmalarining 120-yillik yubiley, keng nishonlanayotgan shu kunlarda munosib bayram tuhfasiga aylandi.

Muassasalarning tantanali ochilish marosimida bu kabi madaniyat va maʼrifat oʻchoqlari yoshlar tarbiyasida, ularning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishda, kitobxonlikni targʻib etishda muhim oʻrin tutishini alohida taʼkidlanib, bunday ezgu tashabbuslar mamlakatimizda inson manfaatlarini taʼminlash tamoyillarining tarkibiy qismi ekanligi eʼtirof etildi.
— Korxonamiz tomonidan ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 6 milliard 600 million soʻm mablagʻ ajratildi, — deydi “Navoiyuran” davlat korxonasining investitsiyalar boʻyicha boshqaruvchi direktori Xudoyor Meliyev. — Bu hali hammasi emas, joriy yilgi manzilli dastur doirasida korxonamiz Zafarobod shaharchasida yana toʻrtta ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani amalga oshirmoqda. Yaʼni, joriy yilning oʻzida 27 ta obyektda qariyb 95 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari bajarildi, bu esa oʻtgan yilga nisbatan 269 foiz oʻsishni tashkil etadi. Mazkur koʻrsatkichlar korxonamizning iqtisodiy salohiyati bilan birga, ijtimoiy masʼuliyatni his qiladigan, xalq uchun ishlaydigan korxona ekanligini yana bir ifodasidir.

Tantana ishtirokchilari yangi kutubxona binosida yaratilgan sharoitlar, zamonaviy interyer va boy kitob fondi bilan yaqindan tanishdilar. Dastlabki bosqichda ushbu muassasaga oʻzbek va jahon adabiyotining 1000 dan ortiq eng sara asarlari sovgʻa qilindi. Yaqin kelajakda esa kutubxona fondi bosqichma-bosqich boyitilib, elektron kitoblar bazasini kengaytiriladi. Ayni chogʻda esa kutubxona huzurida tashkil etilgan oʻquv markazida malakali oʻqituvchilar tomonidan chet tillari, matematika va boshqa fan yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv kurslari mashgʻulotlari yoʻlga qoʻyilgan.
Tadbir yakunida yangidan qurilgan amfiteatr sahnasida shaharchadagi “Yoshlik” madaniyat uyi badiiy jamoasining rang-barang konsert dasturi namoyish etilib, yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
Temur ESHBOYEV,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring