Yurtin ardoqlagan har zotki buyuk

12:23 16 Yanvar 2024 Siyosat
1025 0

Xalqimizning bukilmas irodasi, maʼnaviy-ruhiy qudrati, vatanparvarligi hamma zamonlarda muvaffaqiyatlarimiz, yurt tinchligi va taraqqiyotining eng muhim kafolati boʻlgan. Shu bois ajdodlarimiz farzandlarini goʻdakligidayoq oq va qorani ajratishga, hayotga, dunyoga teran nazar tashlashga oʻrgatgan, ularning qalb koʻzini ochishga intilgan. Har qanday qiyin sharoitda ham yuksak mantiq asosida ish yuritishga, tadbirli va shijoatli boʻlishga, hamjihatlik, jasorat va matonat namunalarini koʻrsatishga undagan.

Nigoh

Ota-bobolarimizdan qolgan “Bilagi zoʻr birni yengar, bilimi zoʻr — mingni”, “Birlashgan oʻzar — birlashmagan toʻzar” kabi xalq maqollari tildan-tilga, dildan-dilga oʻtib asrlar osha yashab kelayotganining boisi ham shunda.

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida el-yurtimiz ravnaqi, farovonligini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish bilan birga, ajdodlarimizning ana shu oʻlmas merosini, bebaho qadriyatlarimizni asrab-avaylashga, yosh avlod ongu qalbiga yanada chuqur singdirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining oʻtgan haftada boʻlgan kengaytirilgan yigʻilishida ham Qurolli Kuchlar va harbiy-maʼmuriy sektorlarning 2023-yildagi faoliyati yakunlarini muhokama qilish hamda yaqin istiqbolga moʻljallangan vazifalarni belgilab berish asnosida ayni shu masalaga yana bir bor urgʻu berdi.

Hayot-mamot masalasi

Davlatimiz rahbari kuyinchaklik bilan aytgan har bir fikr-mulohaza insonni hushyorlikka, ogohlikka, vatanparvar boʻlishga chorlaydi, shu nuqtayi nazardan yigʻilishni tom maʼnoda tarixiy, deb atash mumkin.

Anjumanda mamlakat tinchligi, xavfsizligi bilan bogʻliq masalalar kompleks muhokama etildi. Davlatimiz rahbari milliy armiyamizni takomillashtirish, uning jangovar qobiliyati, mudofaa salohiyatini mustahkamlash, zamonaviy qurol-aslahalar bilan taʼminlash, kadrlarning harbiy professionallik darajasini oshirish bilan bir qatorda ularning ruhiy-maʼnaviy tayyorgarligi, vatanparvarlik tarbiyasini yuksaltirish nihoyatda dolzarbligini uqtirdi.

Hozirgi dunyo tub oʻzgarishlar, tafakkurdagi evrilishlar davrini boshdan kechirmoqda. Turli siyosiy maqsadlar, yangi jahon tartibotini vujudga keltirish, dunyoga egalik qilish maqsad va iddaolari jiddiy tus olmoqda. Davlatlararo va mintaqalararo manfaatlar toʻqnashuvi tobora chuqurlashmoqda. Siyosiy va gʻoyaviy qarama-qarshiliklar dunyoning turli mintaqalarida yangi keskinlik oʻchoqlari paydo boʻlishiga, millatlar va konfessiyalar oʻrtasida qarama-qarshiliklar kuchayishiga, radikalizm va ekstremizm xavfi tobora ortib borishiga sabab boʻlmoqda.

Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti 2023-yilda dunyo boʻylab kamida 183 ta mintaqaviy mojaro roʻy berganini maʼlum qildi. Bu soʻnggi 30-yildagi eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.

Bunday xatarlarning bizga umuman aloqasi yoʻq, deb ayta olmaymiz. Mamlakatimiz suvereniteti, istiqlolimizga nopisandlik bilan munosabatda boʻlayotganlar, oʻtkazilayotgan islohotlarni inkor qilayotganlar, yurtimiz taraqqiyotiga gʻarazgoʻylik bilan qarayotganlar bor ekan, xalqimiz bir zum ham xotirjam yashay olmaydi.

Ana shunday murakkab siyosiy, harbiy, iqtisodiy, maʼnaviy va ruhiy bosimlar paytida yurt taqdiriga befarq boʻlmagan vatanparvar, jismonan va maʼnaviy yetuk avlodni tarbiyalash hayot-mamot masalasiga aylandi.

Dunyoda kuzatilayotgan keskinlik, inson hayoti, ongu qalbiga qaratilgan tahdidlar barchamizni sergak torttirishi lozim. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi boʻlishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur.

Bugun koʻz oʻngimizda sodir boʻlayotgan hodisalarning oʻzi hayotning achchiq haqiqatidan saboq chiqarishga undaydi. Katta davlatlar oʻrtasida dunyoni, ulkan tabiiy resurslarga boy oʻlkalarni taqsimlash “oʻyin”lari hali tinganicha yoʻq. Turli yoʻllar bilan yer osti va yer usti boyliklariga, salohiyatli inson kapitali va resurslariga ega mintaqalar ustidan nazorat oʻrnatish uchun kuchli kurash borayotgani, “kichik” davlatlarga oshkora bosimlarning kuchaygani zamonamizning asl haqiqati. Bunday tahdidlardan Markaziy Osiyo mintaqasi ham xoli emas.

Mustaqillikni saqlab qolish gʻoyat murakkab, ayni paytda xalqimizning eng oliy maqsadidir. Zero, jabrdiyda xalqimiz tarixda mustamlaka boʻlib, ne-ne jafolarni chekdi. Zulmu sitam, azob-uqubat, turli adolatsizliklardan ezilib yashadi. Erkka, hurlikka talpingan qanchadan-qancha oʻtyurak oʻgʻlonlar toʻpga tutildi, oʻqqa uchdi, borsa kelmas sovuq oʻlkalarga surgun qilindi.

Shukrki, xalqimiz istiqlolga erishdi. Qancha jonlar, qancha qonlar evaziga qoʻlga kiritilgan bu bebaho neʼmat barchamiz uchun gʻoyatda qadrlidir.

Bugun mustamlakalik azoblarini koʻrmagan, jismi ham, qalbi ham ozod va erkin, ruhi baland, musaffo osmon ostida ulgʻayayotgan avlod dunyoga keldi. Endi ular bu ulugʻ neʼmatlarni koʻz qorachigʻidek asrashga butun vujudi, bor imkoniyatlari bilan kurashadi.

Yangi mezon va yondashuvlar zarur

Hozirgi kunda eng katta boylik — tinchlikni asrash tobora dolzarblik kasb etayotgan ekan, muhim rejalarni belgilashda mavjud xavf-xatarlarni hisobga olmaslik aslo mumkin emas.

Yigʻilishda yangi Oʻzbekiston armiyasini kechagi mezon va yondashuvlar bilan barpo qilib boʻlmasligi alohida qayd etildi. Negaki, har bir davlat har qanday murakkab vaziyatda ham oʻz suverenitetini asrashni tarix va kelajak oldidagi muqaddas burchi, majburiyati, deb biladi. Biz mafkura poligonlari qanchalar kuchayib borayotgani, uning taʼsir doirasi har qanday yadro qurollarinikidanda kengroq hududlarni qamrab olishi mumkinligini koʻplab hayotiy misollarda koʻrib turibmiz.

Dunyoda, haqiqatan ham, urush strategiyasi, jang olib borish taktikasi oʻzgarib bormoqda. Bugungi axborot va yuqori texnologiyalar asrida faqat harbiy salohiyat, zamonaviy oʻquv poligonlari, qurol-aslahalarning oʻzi mamlakatning tinchligi va barqarorligini taʼminlash uchun yetarli emas. Axborot maydoni haqiqiy jang maydoniga aylanib boʻldi. Ommaviy kommunikatsiya texnologiyalari orqali axborot kanallari oʻtkir va tezkor qurol sifatida tobora kuch olmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, gibrid urushlar davri boshlandi. Bu esa aynan ana shunday xurujlarga qarshi tura oladigan milliy armiyani takomillashtirishni talab etadi.

Kuchli ruhiy-maʼnaviy tarbiya, harbiy-vatanparvarlik tarbiyasi nafaqat Qurolli Kuchlar tizimi uchun, balki butun mamlakat yoshlari uchun ham eng muhim vositadir. Aynan maʼnaviy-ruhiy tarbiya kerak paytda qalqon, kerak paytda himoya quroli vazifasini oʻtay oladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, oʻz farzandlarida yuksak vatanparvarlik ruhini kamol toptira olmagan davlat qanday qudratli qurolga ega boʻlmasin, mudofaa qobiliyatini mustahkamlay olmaydi. Bunday millat bir kun Qanimlar tomonidan mahv etilishi mumkin. Buni nafaqat tarix, ayni zamonda dunyoda kechayotgan voqea va hodisalar ham koʻrsatib turibdi.

Ana shu maʼnoda, yigʻilishda Qurolli Kuchlar tizimida askar va ofitserlarning maʼnaviy-ruhiy, vatanparvarlik tarbiyasini kuchaytirishda yozuvchi va shoirlar, kino, teatr, televideniye ijodkorlari, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faoliyat yurituvchi tashkilotlar oldiga muhim vazifalar qoʻyildi. Negaki, keyingi yillarda yaratilgan, yurakka yaqin “Harbiy qoʻshiqlar”, “Jangovar chaqiriqlar”, “Harbiy meros va jang sanʼati” ifoda etilgan tarixiy-ilmiy, adabiy asarlar, maʼnaviy vatanparvarlik dasturlari muhim ahamiyatga ega boʻldi. Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov ijrosida aytilgan “Kim Vatanga qalqon boʻlsa, mendirman oʻshal!” degan qoʻshiq bugun ulugʻ sarkarda Jaloliddin Manguberdi timsolida millionlab yuraklarda mardlik va jasorat, vatanparvarlikni ulgʻaytirishga xizmat qilmoqda.

Ammo bu kabi yurakni junbushga keltiruvchi, yuksak vatanparvarlik hissini kuchaytiruvchi qoʻshiqlar koʻplab yaratilishi lozim. Zero, mardlik mardlikni uygʻotadi, er yigit soʻzi er yigitni kamolga yetkazadi.

Sher bor joyga qashqir yoʻlolmas

Ajdodlarimiz mardona ruhi, jasorati bilan asrlar davomida dushmanlarni qoʻrquv va tahlikaga solib turgan. Zero, sher bor joyga qashqir yoʻlolmas, deb bejiz aytmaganlar. Vatanimiz tarixida aynan vatanparvarlik tuygʻusi sabab oʻzidan son jihatdan bir necha oʻn barobar koʻp boʻlgan qudratli lashkarlarni yenggan qanchadan-qancha jasur ajdodlarimiz oʻtgan. Toʻmaris, Spitamen, Mahmud Torobiy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Bobur Mirzo — bular maʼnaviy ruh, mardlik va shijoat, millatparvarlik, vatanparvarlik tuygʻusi bilan askarlarini qudratli kuchga aylantira olgan yurt qalqonlaridir. Shu maʼnoda, jasur ajdodlarimizning jang sanʼati, harbiy merosini yanada chuqurroq oʻrganish, ayniqsa, yosh avlod ongu qalbiga singdirish nihoyatda dolzarb.

Vatanparvarlik gapirishga oson, ogʻizning bir chekkasidan chiqib ketaveradigan oddiy soʻz emas. Oʻz xalqiga sadoqat va fidoyilik, ona Vatanni himoya qilish, uni cheksiz sevish har qanday insonning haqiqiy vatanparvarlik fazilati hisoblanadi. Vatanparvarlik yurtining ozodligi va obodligi, uning sarhadlari daxlsizligi, mustaqilligining himoyasi yoʻlida fidoyilik koʻrsatib yashash, xalqining or-nomusi, shon-sharafi, baxtu saodati uchun kuch-Qayrati, bilim va tajribasi, butun hayotini baxsh etishdek muqaddas hamda oliyjanob faoliyatni anglatadi. Shu maʼnoda, u yurt taraqqiyoti uchun daxldor boʻlishga undaydigan maʼnaviy-axloqiy fazilat, desak, toʻgʻri boʻladi.

Tarixdan maʼlumki, Vatan ozodligi uchun kurashish masalasi allomalar asarlari hamda ezgu gʻoyalarni ifoda etuvchi taʼlimotlarning bosh gʻoyasi boʻlib kelgan. Vatan tarixini bilgan, ulugʻ ajdodlar merosini chuqur oʻrgangan har bir inson qalbida milliy gʻurur-iftixor tuygʻulari yanada joʻsh urib, el-yurtga sadoqati ortib boraveradi. Inson qalbida millat, Vatan, ajdodlar ruhi oldidagi burch va tuygʻular qanchalik chuqur joy olgan boʻlsa, mahdudlik oʻrnini milliy gʻoyalar egallaydi. Kurashchanlik, tashabbuskorlik, oʻz oʻzini anglash, millat, mamlakat shaʼni va manfaatini himoya qilishdek muqaddas tuyQular uning hayot tamoyiliga aylanadi.

Demak, tugʻilib-oʻsgan tuprogʻi shaʼni, or-nomusini jon-jahdi bilan himoya qiladigan, jamiyat maqsad va manfaatlarini tushunib yetadigan, har tomonlama komil insonni tarbiyalash, buning uchun farzandlarimiz ongida Vatanga muhabbat, yurt taqdiriga daxldorlik, tinch, erkin va farovon hayotning qadriga yetish tuygʻusini kuchaytirish eng ustuvor masala boʻlib qolaveradi.

Hushyorlik, maʼnaviy-ruhiy tarbiya, vatanparvarlik har bir yurakda uygʻotuvchi kuch boʻlishi kerak. Oʻzgalar maʼnaviy poydevorga ega boʻlmagan qalbga, gʻaflat bosgan yuraklarga doim oʻz bayrogʻini tikishga hozirligini hech qachon unutmaslik lozim. Bugun dushmanning oʻqlari insonlarni jismonan yoʻq qilsa, uning soʻzlari kishilarni maʼnan mahv etmoqda. Dushman tomonidan otilgan bitta oʻq bir kishini yiqitsa, u tomondan aytilgan bitta soʻz minglab kishilarning ongi, ruhini yemirib, manqurtga aylantirmoqda.

Shunday ekan, yigʻilishda qayd etilganidek, agar biz Oʻzbekiston axborot makonida milliy kontent yaratishni oʻz qoʻlimizga olmas ekanmiz, dunyodagi voqealarga milliy manfaatlarimiz nuqtayi nazaridan baho bermas ekanmiz, bu ishlar xorijdan turib amalga oshirilishiga imkon yaratib bergan boʻlamiz. Chunki odamlardagi yangilik, tahliliy maʼlumot, real voqealarga boʻlgan ehtiyojni biz qondirmas ekanmiz, buni boshqalar qiladi. Bunga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.

Bu dunyo — kurash maydoni

Tan olish kerak, bugungi notinch zamonda, ayniqsa, yon-atrofimizdagi vaziyat keskinlashib borayotgan bir paytda ona yurtimizni asrab-avaylash, doʻstni dushmandan, oqni qoradan ajratishga, aholimizni doimo sezgir va ogoh boʻlib yashashga daʼvat etishda milliy ommaviy axborot vositalari oʻz hissasini qoʻshishi alohida ahamiyatga ega. Ayrim odamlarda jamiyatda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni tahlil eta olish koʻnikmasi mavjud emasligini biz, matbuot va OAV vakillari ishimizdagi kamchilik deb bilishimiz zarur.

Bunday holat baʼzi yurtdoshlarimizda yuz berayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini teran anglashga xalaqit qilayotganini sezish mumkin. Nima boʻlganda ham, globallashuv jarayonlari sharoitida u yoki bu mamlakatning milliy xavfsizligiga qaratilgan tahdidlar orasida axborot xurujlari asosiy oʻrinni egallayotganini mutaxassislar ularning fuqarolar ongiga taʼsir etish kuchi yuqoriligi bilan izohlashmoqda.

Axborot xurujlari, deya taʼriflanayotgan bunday xatti-harakatlar u yoki bu mamlakatga faqatgina tahdid qilishdangina iborat emasligini ham unutmaslik lozim. Aslida bunday eʼlon qilinmagan “urush”lar zamirida yolgʻon axborot tarqatishdan tashqari, ijtimoiy ongni egallash, nishonga aylangan mamlakat aholisining milliy va madaniy qadriyatlarini yoʻq qilish, uni tarixiy xotirasidan ayirish bilan birga kishilar ongi, turmush tarziga yot va begona qadriyatlarni singdirish maqsadlari ham yotibdiki, bu ana shu hududdagi aholini manqurtlik koʻchasiga kiritishga urinishdan boshqa narsa emas.

Davlatimiz rahbari yigʻilishda hayotdagi eng buyuk maslagi millat va Vatan hurriyati boʻlgan fidoyi jadid bobolarimizni alohida eslab oʻtdi. Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — jadidlar, uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Maʼrifatparvar ajdodlarimizning merosi yoshlarni vatanparvarlik va daxldorlik ruhida tarbiyalash ishiga xizmat qiladi. Chunki ularning gʻoya va dasturlari yangi Oʻzbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uygʻun va hamohangdir.

Biz, ijod ahli mard va jasur ajdodlarimiz, sarkardalarimiz, jadid bobolarimizning yorqin siymosini kinotasvirlarda, spektakllarda, matbuotda, badiiy asarlarda koʻrsata olsak, yurtdoshlarimizni, yoshlarimizni hozirgi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyorlashga erisha olamiz. Masalan, agar xalqimizni birgina xorijiy seriallar oʻrniga harbiy-vatanparvarlik ruhidagi milliy seriallarni tayyorlab, ularni jon dili bilan tomosha qilishga koʻniktira olsak, bundan qanchalik yutgan boʻlardik! Bugun yoshlarimizga ibrat boʻladigan ota-bobolarimizning jasoratli yoʻlini ochib beruvchi qoʻllanmalar, badiiy asarlar, qoʻshiqlar, kinofilmlar suv va havodek zarur.

Toʻgʻri, bu ulugʻ, ayni paytdagi gʻoyat sharafli ish ijodkorlardan yuksak salohiyat bilan birga, tunu kun izlanishni, jon koyitishni, mashaqqat chekishni, ayniqsa, fidoyilik va vatanparvarlikni talab etadi. Qanchalik qiyin boʻlmasin, lekin shu ishni bugun qilmasak, ertaga kech boʻlishi mumkin. Aks holda avlodlarimiz bizni aslo kechirmaydi, shuningdek, ajdodlarimiz ruhi oldida qarzdor boʻlib qolamiz.

Axir jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohalarni rivojlantirishga borini bagʻishlagan. Buning badalini oʻz jonlari bilan toʻlagan. Ular istiqlol orzusida kurashgan, oʻzini ayamagan, biz mustaqillik uchun nima qilyapmiz, deb oʻzimizga savol berib koʻraylik. Mustaqillikning mustahkam zamini nima oʻzi? Avvalo, vatanparvarlik, bilim, maʼnaviyat. Shundan kelib chiqib, jamiyatimizda ana shunday vatanparvarlik ruhini kuchaytirishga borimizni bagʻishlashimiz zarur. Jadid bobolarimizning erkparvarligi, vatanparvarligi, yurt ertasi uchun kuyib-yonishi, yangilikka intilishidan xulosalar chiqarishimiz, maʼnaviyatni ulardan oʻrganishimiz lozim. Maʼnaviyatsiz endi na yangi Oʻzbekistonni, na uchinchi Renessansni barpo etish mushkul ekanini anglash davri keldi.

Yigʻilishda belgilangan vazifalar ijro etilar ekan, yaqin yillarda nafaqat Qurolli Kuchlar tizimidagi askar va ofitserlar, balki har bir Oʻzbekiston fuqarosi qalbida milliy ruh, millat shaʼnini asrash tuygʻusi, vatanparvarlik yangi bosqichga koʻtariladi. Shunday bir kezda millatning gʻururi, ori, hamiyati, birligini yoʻqotishga, yoshlarimiz yuragidan vatanparvarlik tuyQusini sidirib tashlashga urinayotgan kuchlarga nisbatan ham ziyolilar eng katta maʼnaviy qurol — muqaddas Vatanimizga boʻlgan yuksak muhabbatni dastur qilib maydonga chiqishi lozim. Bu holatda yurtning kelajagi, mamlakatimiz taraqqiyoti, yuksalishi biz, fuqarolar, avvalo, ziyolilar, millatparvarlar, katta-kichik lavozimdagi kishilarning oʻtmish va kelajak oldidagi maʼnaviy masʼulligiga, bu masʼuliyatni butun ongu shuurimiz, qalbimiz bilan his etishimizga bogʻliq. Shu oʻrinda Abdurauf Fitratning quyidagi soʻzlari yodga keladi: “Bu dunyo kurash maydonidir. Bu kurashning quroli sogʻlom tan, oʻtkir aql va axloqdir”.

Ibrat maktabi

Qurolli Kuchlar orasida maʼnaviy-ruhiy tarbiyaning armiyani yengilmas kuchga aylantiruvchi yana bir jihati bor, bu uning xalq bilan yaqinligida namoyon boʻladi. Deydilarki, “Armiyasi va xalqi bir boʻlgan davlatni yengib boʻlmaydi”. Negaki, armiya bilan bir boʻlgan xalq oʻz tinchligi va farovonligini armiya kuch-qudratida koʻradi. Unday xalq armiya uchun chinakam vatanparvarlarni tarbiyalab beradi. Vaziyat taqozosiga koʻra, xavf tugʻilganda u armiya bilan bir butun kuchga, yengilmas lashkarga aylanadi.

Bunga tarixdan juda koʻp misollar keltirish mumkin. Birgina Najmiddin Kubro jasoratini eslaylik: moʻgʻullar Gurganjni qamal qiladi. Garchi Chingizxon bir necha marotaba 76 yoshli shayxga elchi yuborib, uning salomat qolishiga kafolat berib, qalʼani tark etishga daʼvat qilsa-da, Najmiddin Kubro: “Kindik qonim toʻkilgan, menga mehr-muhabbat koʻrsatgan Vatanim uchun kurashib oʻlish huquqini mendan hech kim tortib ololmaydi”, deya bu taklifni rad etadi. Vatan ishqi, ozodligi yoʻlidagi insoniy burch umrida hatto oʻnlik lashkarni ham boshqarib koʻrmagan buyuk olim, donishmand Najmiddin Kubroni moʻgʻullarga qarshi qahramonona jangga otlangan qoʻrqmas qoʻmondon, mard jangchiga aylantiradi.

Bu muhoraba ona Vatanimiz tarixidagi eng shonli, shuningdek, eng fojiali sahifalardan biri boʻldi. Maʼnaviy-ruhiy jipslik, xalq va lashkar oʻrtasidagi birlik eng zarur paytda yagona qudratga aylanadi. Shayx boshchiligidagi mudofaachilar Vatanning yuragi boʻlmish Gurganj himoyasini or-nomus himoyasi deb biladi. Bunday tuygʻu barcha lashkarni qamrab oladi. Shayxning daʼvati mudofaachilar qalbidagi oʻlim va mardlik tushunchalarini uygʻunlashtiradi. Shaharda tirik jon borki, mudofaachiga aylanadi. Dushmanga katta talafotlar yetkazadi. Biroq askarlar soni teng emasdi. Yogʻiy moʻr-malahdek bostirib kelaveradi. Oxir-oqibat shayx dushman bayrogʻiga chang solgancha halok boʻladi...

Davlatimiz rahbari tinchligimizni asrab-avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash, mustaqilligimizni mustahkamlashda vatanparvarlikning oʻrni beqiyosligini, shonli tariximiz, boy ilmiy va madaniy merosimiz, bahodir ajdodlarimizning hayoti va faoliyati biz uchun chinakam ibrat maktabi ekanini bejiz taʼkidlamadi.

Masalan, buyuk bobomiz Amir Temur qoʻshinlarining jangovar ruhi gʻalabani taʼminlashda muhim omil boʻlgan. Biz ajdodlarimizning harbiy merosini chuqurroq oʻrganishimiz bugungi qaltis zamonda ham ayni muddao.

Buyuk harbiy sarkarda, strateg, ilm-fan, madaniyat homiysi Sohibqironning muvaffaqiyatli gʻalabalari, olib borgan chuqur oʻylangan strategiya va taktikalari esa mutlaqo noyobdir. Bu balandparvoz gap emas. Chunonchi, bugun dunyoning koʻp davlatlari harbiy siyosatida Amir Temur bobomiz oʻgitlari va boshqaruv tutumlaridan keng foydalanib kelmoqda. Buni bobomiz qoʻllagan oʻnlab harbiy atamalar bugungi kungacha koʻplab mamlakatlar harbiy sohasida qoʻllanib kelayotganida ham koʻrishimiz mumkin.

Bundan, albatta, faxrlanamiz. Ammo oʻzimiz ham bu buyuk merosdan samarali foydalanishimiz kerak. Shu maqsadda Prezidentimiz katta ishlarni boshlab berdi. Xususan, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yaqin-yaqingacha “Suvorovchilar” deb nomlanib kelgan harbiy akademik litseylar “Temurbeklar maktabi”ga aylantirildi. Bu buyuk davlat arbobi va sarkarda sohibqiron Amir Temurning Vatanga sadoqat, el-yurtni ardoqlash, mardlik, fidoyilik va adolatparvarlik kabi yuksak fazilatlari yosh avlod uchun oʻrnak boʻlib xizmat qilishiga imkon yaratdi.

Darhaqiqat, Sohibqiron bobomizning ibratli hayoti va harbiy-siyosiy faoliyati, bebaho harbiy merosi, xususan, uning “Temur tuzuklari” asari yoshlarni yurt qaygʻusi va uni sevib ardoqlash ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega. “Tuzuklar”da shunday harbiy taktikalar, zalvarli fikrlar, hayotiy oʻgit va nasihatlar keltirilganki, ular bugun ham komil farzandni tarbiyalashda, shuningdek, Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy xizmatchilarning maʼnaviy saviyasini yuksaltirish, milliy tariximizni chuqur oʻrganishda juda qoʻl keladi.

Zero, buyuk Amir Temur dunyoga adolat tantanasini meros qoldirdi. Bu meros bugun ham, keyin ham oʻzining soʻnmas va doimo talpinuvchan ruhi bilan dunyo xalqlarini hamjihatlik va bagʻrikenglikka, toʻgʻri va halol yashashga, oliyjanob hamda mehribon boʻlishga chorlab turadi. Sohibqiron hazratlaridagi vatanparvarlik, mardlik, yurt tinchligi va farovonligi, ravnaqi uchun qalqon boʻlish kabi fazilatlar nafaqat shaxsiy namuna, shu bilan birga, Jahongir Mirzo, Umarshayx Mirzo, Shohrux Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi temuriylar faoliyatida ham mujassam boʻlgan.

Shu oʻrinda yana bir buyuk sarkarda bobomiz Jaloliddin Manguberdining harbiy merosi ham bebaho ekanini taʼkidlash joiz. Ulugʻ sarkarda harbiy faoliyati davomida qoʻshini tarkibida, boshqarish tizimida, qurol-yarogʻlar taʼminotida, jangovar harakatlari va boshqa harbiy jabhalarda ulugʻ ajdodlariga xos boʻlgan eng yaxshi anʼanalarni saqlab qola olgan. Ayni paytda u boʻlib oʻtgan janglarda harb ilmining yuksak bilimdoni, yangi harbiy taktikalarning yaratuvchisi, qoʻshinni mohirlik bilan boshqara oladigan lashkarboshi, qoʻrqmas, mard, qahramon kurashchi, Vatan, xalq ozodligi uchun jonini baxsh etgan fidoyi inson sifatida tarix sahifalariga muhrlandi.

Sulton Jaloliddinning harbiy taktikasida eng koʻp qoʻllanilgan jang usullaridan biri — bu dushman qoʻshini markaziga hujum qilib, uni parokanda etish, uning oʻrtasiga yorib kirib, qirib tashlashdan iborat boʻlgan. Chunki markazning halokati qoʻshinning magʻlubiyatiga olib kelgan. Jaloliddinning oz sonli lashkarlar bilan dushmanning koʻp sonli qoʻshinlari ustidan doimo gʻalaba qilish sirlaridan biri ham ana shunda boʻlgan. Jaloliddin Manguberdining kuch-qudrati, qahramonligi, ulugʻ sarkarda, yetuk davlat rahbari, harbiy mahoratiga nafaqat atrofidagi unga hamkor, hamfikr boʻlgan insonlar, amirlar, sultonlar, xonlar, shohlar, balki uning ashaddiy raqiblari, dushmanlari ham tan bergan. Masalan, Sind daryosi boʻyidagi qattol jangdan keyin urush olovidan qutulib ketgan Jaloliddinning mardligidan hayratga tushgan Chingizxonning unga qarata “Haqiqiy ota oʻgʻil mana shunday boʻlishi kerak! U shunday qirgʻinbarot jang maydonidan va oʻlim daryosi girdobidan qutulib himoya qirgʻogʻigacha chiqa oldimi, demak, undan yana ham koʻp qahramonliklar va son-sanoqsiz tashvishlar kutish mumkin”, degan soʻzlarida ulugʻ sarkardaga nisbatan nafrat bilan birgalikda uning mardligiga tan berish ham oʻz ifodasini topgan.

Jaloliddin Manguberdining oʻn bir yildan ortiq moʻgʻul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashi beiz ketmadi. U oʻz fidoyiligi, jasorati, matonati bilan koʻp xalqlarni moʻgʻullar iskanjasiga tushishdan asrab qoldi. Mana, boy harbiy merosimizni oʻrganish nima uchun kerak?!

Maʼnaviy jasorat — eng oliy talab

Inson oʻzligini anglagani, nasl-nasabini chuqurroq bilgani sari yuragida Vatanga muhabbat tuygʻusi ulgʻaya boradi, tugʻilib oʻsgan yurtiga mehri ortadi. Bu Oʻzbekiston tuprogʻida yashayotgan, uni oʻz ona Vatani deb biladigan barcha millat va elatlarga birdek daxldor.

Xalqimiz boy tarix, yuksak madaniyat va buyuk maʼnaviyatga ega. Zotan, eng qaltis va tahlikali davrlarda millatimizga umid va ishonch bergan, uni yovlarga qarshi kurashga undagan, ajdodlarimizni ilmiy kashfiyotlar, harbiy zafarlarga, maʼrifat mashʼalini baland koʻtarib, jaholatga qarshi chiqishga chorlagan beqiyos kuch maʼnaviy jasorat tuygʻusidir.

Tarix sinovidan oʻtgan haqiqat shuki, ezgu gʻoyalarga, maʼnaviy merosga, anʼanalar va zamonaviy talablarga asoslanmagan har qanday davlat tizimi uzoqqa bormaydi. Dunyoda eng qiyin ish insonni tarbiyalash, uning ongu tafakkurini shakllantirish, degan gap bor. Chunki bu borada quruq soʻz va hatto bilim-tajribaning oʻzigina kifoya qilmaydi. Bu borada, avvalambor, inson oʻzining amaliy ishi va ezgu saʼy-harakatlari, fidoyiligi bilan maqsadning toʻgʻriligi, haqqoniyligini isbotlab berishi kerak.

Bizning maqsadimiz oddiy va hayotiy — harbiy xizmatchilar, shuningdek, yoshlar qalbi va ongida yuksak vatanparvarlik, daxldorlik tuygʻulari qaror topishi, oliyjanob fazilatlar ustuvor boʻlishiga erishish. Tabiiyki, bunda farzandlarimizning nafaqat bilimini oshirish, balki ular qalbida mustaqilligimizni mustahkamlash bilan boQliq yangicha tafakkur, yangi gʻoyalarni kamol toptirish, ularni yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotini taʼminlash yoʻlida ezgu ishlarga ragʻbatlantirish, odamlar ongu shuurida hayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarga daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch va shukronalik tuygʻularini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Xullas, Prezidentimizning Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yiQilishida bildirgan fikr-mulohazalari, soha mutasaddilariga, ijodkor ziyolilarga bergan topshiriqlari, koʻrsatmalari Qurolli Kuchlarimiz jangovar qobiliyatini oshirish, mamlakatimiz sarhadlari xavfsizligi va hududiy yaxlitligi, suverenitetini himoya qilish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Ayni paytda jahonda roʻy berayotgan ziddiyatlar, qurolli toʻqnashuvlar sharoitida har bir yurtdoshimizni doim ogoh va hushyor yashashga, Vatanimiz tinchligi, osoyishtaligi, taraqqiyoti yoʻlida bir tanu bir jon boʻlib kurashishga undaydi.

Vatanni sevish, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash — har birimiz uchun muqaddas burch. Bugungi tahlikali, talatoʻp dunyoda toʻgʻri yoʻlni yoʻqotmasdan, turli aldov va hiylalarga uchmasdan, mana shu burchga hamisha sodiq qolsak, yuzimiz yorugʻ, manzilimiz oydin boʻlishi, shubhasiz.

Har lahza turlanib boradi dunyo,

Shu fursat ortida qancha sir pinhon.

Qayda quyosh kulsa, qay joy zim-ziyo,

Kemaday chayqalib turibdi jahon.

Barimiz yoʻlovchi muqaddas yoʻlda,

Nurli manzillarga qadalgan nigoh.

Maqsadsiz odimlar — bari behuda,

Hushyor yashamasak, boʻlmasak ogoh...

Barchamiz bir boʻlsak — bitta koʻz boʻlsak,

Vahshatli toʻlqindan sogʻ oʻtajakmiz.

Koʻnglimiz mushtarak, bitta soʻz boʻlsak,

Sirli eshiklarni lang ochajakmiz.

Ne zotlar shu yurt deb oʻrtangan, yongan,

Qanchasining bagʻri porayu kuyuk.

Vatanini sevgan har odamki shan,

Yurtin ardoqlagan har zotki — buyuk.

Buyuklar yurtidir demak bu oʻlka,

Amir Temur aytsin, Shiroq yo Kubro.

Yuziga, soʻziga tushmas koʻlanka,

Chunki osmonini bezar Oy, Zuhro.

Senga panoh boʻlsin porloq ziyolar,

Voz kech foniy dunyo savdolaridan.

Momolardan olgin ezgu duolar,

Ruhingga saboq ol bobolaringdan.

Oʻgʻlon! Jasur ersang ayama jonni,

Bu Vatan abadiy, jon esa oʻtar.

Koʻtar yelkang uzra Oʻzbekistonni,

Dovrugʻini koʻtar, shonini koʻtar.

Unutma!

Yovlar moʻl, yoʻl etar davom,

Posbon boʻl, koʻnglingda muqaddas bir his.

Mudom jaranglasin qalbda bir kalom:

Vatanni asramoq — sevmoqday aziz!

Oʻtkir RAHMAT

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер