Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari: besh oyda besh muhim natija

21:53 05 Mart 2022 Jamiyat
1948 0

Prezident qaroriga muvofiq, respublikamizning barcha hududlarida Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari tashkil etilganiga mana besh oy toʻldi.

Ochigʻini aytganda, 2021-yil 1-oktyabrdan tuman darajasidagi davlat idoralari faoliyatida qonuniylikni taʼminlashni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tashkil etilgan ushbu markazlarga nisbatan boshida koʻp savollar, hatto shubhalar ham bor edi. Oradan oʻtgan 5 oy ushbu tizim faoliyatiga dastlabki baho berish uchun yetarli.

Xoʻsh, Yuridik xizmat markazlari shu qisqa muddatda nimalarga erishdi?

Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi taqdim etgan maʼlumotlarga koʻra, markazlardagi 1 029 ta shtat birliklariga hujjat topshirgan 7 727 nafar nomzodlar orasidan Adliya vazirligining “MinJust HR” axborot tizimi orqali onlayn tanlovlar oʻtkazilib, barcha Markazlar malakali kadrlar bilan toʻldirildi.

Markazlar hamda ular yuridik xizmat koʻrsatadigan 2 mingdan ortiq davlat organlari “E-huquqshunos” elektron tizimiga ulandi.

Markazlar tomonidan xizmat koʻrsatiladigan davlat organlarining yuridik tusdagi barcha hujjatlarini ishlab chiqish, oʻzaro kelishish, huquqiy ekspertizadan oʻtkazish va qabul qilish jarayonlari elektron shaklga oʻtkazilib, barcha hujjatlarga avtomatik tarzda raqam berish tizimi joriy etildi.

Bugungi kunda yuridik taʼminotga ega boʻlmagan tuman darajasidagi davlat organlariga (irrigatsiya, qurilish, veterinariya, pensiya jamgʻarmasi) sifatli yuridik xizmat koʻrsatilishi taʼminlandi.

Oʻtgan davr mobaynida markazlar tomonidan qator ijobiy natijalarga erishildi. Ulardan eng muhim 5 tasini keltiramiz.

Birinchidan, malakali va yosh huquqshunoslar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish tizimi yoʻlga qoʻyilib, barcha yoʻnalishlardagi murakkab huquqiy muammolarni kollegial tarzda hal qilish imkoniyati yaratildi.

Markazlar tashkil etilgunga qadar tumandagi davlat organlarida 1 ta yurist shtat birligi mavjud boʻlib, oʻzaro tajriba almashish va muammolarni kollegial tarzda hal qilish imkoniyati boʻlmagan.

Ikkinchidan, davlat organlarining 207 ta hududdagi 2 mingdan ortiq boʻlinmalarida bir xil huquqni qoʻllash amaliyoti shakllandi, aholi va organlarga tezkor va sifatli huquqiy xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.

Uchinchidan, yuridik xizmat xodimlarining toʻliq mustaqilligi taʼminlanishi orqali ularni ish faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan ishlarga jalb etish holatlariga barham berildi.

Toʻrtinchidan, yuristlarning ishi maqbullashtirilib, qogʻozbozlikka barham berildi hamda ish yurituvi toʻliq raqamlashtirildi.

Beshinchidan, markazlar xulosasi asosida qabul qilingan birorta hujjat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki sud orqali bekor qilinmadi.

Kelgusi rejalar qanday?

Dastlabki davrda ayrim shaxslar, blogerlar, “ekspertlar” tomonidan markazlarning ishga tushirilishiga nisbatan salbiy taxminlar, prognozlar ilgari surilganiga qaramasdan, tizim oldiga qoʻyilgan maqsadlarga bosqichma-bosqich erishib bormoqda.

Adliya vazirligi tomonidan bugungi kunda yuridik xizmatga ega boʻlmagan bandlik, soliq, qishloq xoʻjaligi, mahalla, sport va turizm boʻlimlari hamda respublikadagi barcha davlat maktablari, bolalar bogʻchalari va oilaviy poliklinikalarga Markazlar tomonidan yuridik xizmat koʻrsatilishi rejalashtirilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari faoliyatini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish uchun joylashtirildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?