Yurak shifokori

“Xalq soʻzi” tanloviga
2020-yilning 17-iyuli. Ergashev nomidagi 4-sonli shahar klinik shifoxonasi. Kardiologiya boʻlimidagi kasallarning aksari ogʻir ahvolda. Ularga ikki tomonlama zotiljam tashxisi qoʻyilgan. Virusli pnevmoniya bemorlarning oʻpkasini zararlagan. Hammaga havo kerak, “kislorod” uskunasi esa yetishmaydi. Aslida bunday kasallar maxsus shifoxonalarda yoki Terapiya boʻlimida davolanishi kerak edi. Ammo oʻshanda u yerlar ham bunday kasallarga toʻlgani bois, bemorlar bu boʻlimga ham yotqizila boshlagan. Kunduzgi shifokor Guljamila Sabikova shu kuni boʻlimiga 27 nafar yangi bemor yotqizilganini hozirgiday eslaydi. Chunki u oʻshanda ishxonada navbatchi edi.
***
Guljamila Sabikova 1968-yil 31-avgust kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumani Mangʻit shaharchasida shifokor oilasida tugʻilgan. Otasi Qodirbergan Sabikov — nevropatolog. Onasi Zulayho Yoʻldosheva — stomatolog. Otasining millati qozoq, onasiniki oʻzbek boʻlgani bois oʻzini ham oʻzbek, ham qozoq sanaydi. “Koʻproq oʻzbek deb bilaman, chunki Oʻzbekistonda yashayapman”, deydi u zavqqa toʻlib.
“Familiyangiz pasportda buzilmaganmi?” deb soʻrasam: «Buvamning asl ismi «Sabibullaxoʻja» boʻlgan, sovet Ittifoqi mafkurasi “sharofati” bilan uni «Sabik» deya qisqartirib yozishgan, chaqirishgan. Sabibullaxoʻja bobom xoʻjalar avlodidan boʻlgani bois ham qatagʻonga uchragan, yaʼni bir muddat qamalib chiqqan», deb javob qaytaradi u.
Kichkinaligida ota-onasi unga “fonendoskop”, “shpris” oʻyinchoqlar olib bergan. Shu bois ham ota-onasiga havas qilib, shifokorlikka qiziqadi. Maktabni tugatgach, Ikkinchi Toshkent tibbiyot institutiga oʻqishga kiradi. Oliy oʻquv yurtining Davolash ishi fakultetida yetti yil davomida tibbiyot sirlarini oʻrganadi.
***
“2020-yilning iyul oyidan boshlab shifoxonamizda ogʻir damlar boshlandi”, deydi u yana oʻsha kunlarni yodga olib. Yana karantin eʼlon qilinadi. Boʻlimdagi bemorlar soni ikki baravardan oshib ketadi. Har bir bemorga kasalligi va ahvoliga qarab alohida-alohida muolajalar qilinadi. Chunki hammaning tanasi bu dardni har xil holatda oʻtkazardi. “Maʼmuriyatga rahmat, dori-darmonni vaqtida yetkazib turdi, bemorlarning qoʻliga retsept yozib berganimni eslolmayman”, deya qoʻshimcha qiladi u.
2020-yilning 18-iyul kuni kechki mahal uyiga qaytgach, Guljamila opaning issigʻi 39 darajaga koʻtariladi. Taʼm, hid bilishi butunlay yoʻqoladi. Lekin ishga bormasa boʻlmasdi. Shu holatda ham bemorlarini, hamshirayu sanitar qizlarini oʻylaydi. Ishga chiqmasam, ularning ahvoli nima kechadi, deya oʻzida kuch topib, yana yoʻlga otlanadi.
***
U 2000-yili Ergashev nomidagi 4-sonli shahar klinik shifoxonasiga sex vrachi boʻlib ishga keladi. 2011-yili sex terapevtligidan Kardiologiya boʻlimining navbatchi shifokorligiga ishga oʻtadi. 2014-yilning sentyabridan 2015-yilning fevraligacha Kardiologiya fani boʻyicha malaka oshiradi. Shundan soʻng u ichki kasalliklar mutaxassisligidan yurak kasalliklari doʻxtiriga aylanadi. 21 yildan beri bir joyda koʻkaryotganidan esa xursand.
***
2020-yil unga-da ogʻir keldi.
16-mart kuni boshlangan karantin kunlarini shunday eslaydi: «Oʻzim uchun qoʻrqmaganman. Bolalarim va oilam, ishxonamdagi hamshira va sanitar qizlarim uchun qoʻrquv boʻlgan. Ammo ortimizda Prezident turganini his qilib, bu qoʻrquvni yengganman».
Shifokor va hamshiralar Reanimatsiya boʻlimiga kelgan bemorlar bilan aloqada boʻlgani uchun aprel oyi boshida Kardiologiya boʻlimida karantin eʼlon qilinadi. Oʻshanda u ishxonada oʻn kuncha qolib ketadi.
***
Uning odatdagi ish kuni ertalabki 5 daqiqalik majlis bilan boshlanadi. Kechasi kelgan va avvaldan yotgan bemorlarning ahvoli soʻraladi. Dori-darmon bor-yoʻqligi, qaysi kasallarga ukol qilinganiyu qilinmagani ham qolib ketmaydi. Soʻng «obxod» boshlanib ketadi. Palatalarga kirib, har bir bemorning ahvoli oʻrganiladi. Tuzalib, ketayotganlariga kasallik tarixidan koʻchirma, uyda ichiladigan dorilar roʻyxati beriladi.
***
U uchun “Pandemiya yili” bir tomondan ogʻir kelgan boʻlsa, boshqa tomondan quvonchli kechdi. Shu yili nevarali boʻldi. 30-iyul kuni davomchisi tugʻildi. Guljamila opaning turmush oʻrtogʻi: “Sevinib yuraylik, deya” unga “Sevinch” ismini qoʻyadi. Nevarasiga kasallik yuqtirmaslik uchun u oʻsha kunlari ishxonadan uyiga ham kelmaydi. Ammo 1-avgust kuni Guljamila opaning qudasi — Sevinchning momosi olamdan oʻtib qoladi. «Qoʻlimda jon berdi, 2020-yildagi eng katta afsuslarimdan biri shu boʻldi», deydi u oʻkinib.
Haligacha oʻtirib-oʻtirib oʻylaydi. «Oʻsha paytni tahlil qilaman, olamdan oʻtgan bemorlarimni saqlab qola olmaganimdan afsuslanaman», deydi Guljamila opa xoʻrsinib. “Bu kasallikka qarshi kurashishda davolash standarti bilan yondashsangiz ham 70 foiz davo choralari odamning organizmiga bogʻliq ekan. Qon quyuqligiga qarshi doim kurashib turish kerak. Odam ruhiy sogʻlom boʻlsagina, ushbu kasallikni yengib chiqib ketar ekan”, deya xulosaga keladi u.
***
Guljamila opa taqdirning unga tutqazgan ushbu qartasidan mamnun. U 2019-yil dekabr oyida shifokor sifatida Umra safariga borib keladi. 12-dekabrdan 23-dekabrgacha Arabistonning Makkayu Madinasida boʻlish unga nasib qiladi. Safar chogʻidagi ish kunlari bemorlarga qaraydi, boʻsh kunlari esa ziyorat qiladi.
***
Guljamila opa issigʻi chiqqan kunlari analiz topshirganida qoni quyuqlashib ketganini aytadi. “Kovid-19”ga test topshirib koʻrmadingizmi?», deya soʻrasam: “Vaqtim boʻlmagan”, deb javob beradi kulib. Oradan bir muddat oʻtgach, shifokorning taʼm bilishi, 2020-yilning dekabr oyida esa hid bilishi oʻziga qaytadi.
“Kabisa yili ogʻir yil boʻldi. Qancha shifokorlarimiz olamdan oʻtib ketdi. Orasida kursdoshlarim ham bor edi”, deydi Guljamila opa maʼyus tortib.
Qahramonim — Guljamila Qodirbergan qizining hech qanday unvoni yoʻq. Hayotda qahramon boʻlish uchun, albatta, qahramon unvonini olish ham shart emas. Uning eng katta unvoni — yurak shifokori ekani, insonlarga umid ulashuvchiligi.
“Kovid-19”ga chalindimmi-yoʻqmi, bilmadimu, lekin bu kasallikni boshimdan oʻtkazgan boʻlsam ham, Xudoyim boshqalarga yordam qoʻlini choʻzishim uchun menga yengil formasini taqdir qilgan», deydi shifokor hayotidan mamnun boʻlib. U buni jasorat sanamaydi. Nima deb atashni ham bilmaydi.
Maqolam soʻnggida bir sirni ochsam. Guljamila opa garchi kardiolog boʻlsa-da, virusli ikki tomonlama zotiljamga chalingan koʻplab bemorlarni hayotga, uyiga, oilasi davrasiga qaytardi. Ular orasida men ham bor edim.
Fozil Farhod,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va
“Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring