«Yurak — kul ichida tirilgan Qaqnus»
Foto: Arxiv surat
22-aprel — Oydin Hojiyeva tavallud topgan kun
Oʻzbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva 1942-yil 22-aprelda Buxoro (hozirgi Navoiy) viloyatining Qiziltepa tumanidagi Xojayi Boʻston qishlogʻida tugʻilgan.
Shoiraning “Shabnam”, “Manzillar”, “Onam sevgan qoʻshiq”, “Orzu guli”, “Tarovat”, “Dostonlar”, “Mushfiq onajon”, “Xushxabar”, “Chashmalarni izlayman”, “Tamal toshi”, “Ishonch yulduzlari”, “Koʻzimning oqu qorasi”, “Panohim” kabi koʻplab kitoblari oʻquvchilar tomonidan sevib mutolaa qilib kelinmoqda.
Oʻtli tuygʻularni oʻzbek ayoliga xos ajib latofat bilan kuylagan shoiraga mustahkam sihat-salomatlik, omonlik, uzoq umr tilaymiz.
JANNAT OʻZBEKISTONDA…
Bogʻlarda yosuman gullay boshladi,
Qumrilar mastona “hu-hu”lay boshladi,
Oftob yuraklarni yogʻdulay boshladi,
Yozning shamollari xush yoqar jonga.
Qulfinay bargida qizil marjonlar,
Oq tut ogʻizlarda navvot-darmonlar,
Bugʻdoy boshoq tortib sut toʻlar onlar
Yozning xayollari gʻunchalar jonda.
Urushqoq mayna ham xayolparastdir,
Kabutar raqslari ishqqa payvastdir,
Qirqogʻayni gullar bir folparastdir…
Suvlar guldiraydi qoʻsh tegirmonda…
Jannat Oʻzbekistonda…
***
MOʻJIZA LAHZALARI
Umrim boʻgʻotiga qor tushdi necha,
Laylak qorlar yogʻdi afsona aytib.
Hayotimga yangi yil kirgan kecha
Har gal bolaligim uchratdim qaytib.
Kumush teraklarning qir uchlarida
Tilla isirgʻaday qolgan varraklar,
Bir hovuch nur oʻynab kulgichlarida
Oʻsmirligim kelar har yil daraklab.
Allohdan moʻjiza kutgan goʻdakday
Tutsam ona taqdir etaklaridan,
Qor bosgan togʻlardan sayrab kaklikday
Yillarim chiqar qish ertaklaridan.
Koʻzim-la erkalab gʻuncha qizlarni,
Dilbar singillarim manglayin oʻpdim.
Shamolday aylanib dala-tuzlarni,
Gullar yaprogʻiga shudringlar sepdim.
Qorxat olib kelgan kemshik bolakay –
Ostonamda turar shoshqaloq elchi.
Anhor sukutida chalib oqar nay
Vaqt degan gʻanimat gʻaroyib yoʻlchi.
Yogʻoch darchalarning zulfinlarida
Murgʻak qoʻllarimning tafti tovlanar.
Koʻkka oʻrlagan tut ajinlarida
Oʻn toʻrt kunlik oy oʻtovlanar.
Qiziydi gap-gashtak, hangoma, gurung,
Tanchada biqirlab qaynaydi qumgʻon.
Kimdir “Kuntugʻmish”dan oʻqiy boshlar soʻng,
Yerning ildiziga tutashadi jon.
Borliqni chulgʻaydi jannatiy ifor,
Oppoq kamalakdan qamashadi koʻz.
Zamin sukutida guvlaydi bedor
Yurak — kul ichida tirilgan Qaqnus.
Oydin HOJIYEVA,
Oʻzbekiston xalq shoiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
- “Yangi Oʻzbekiston yulduzlari” milliy mukofoti xalqaro darajaga koʻtarilmoqda
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh Assambleyasi boʻlib oʻtmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring