YUNESKOning Oʻzbekistondagi konferensiyasi: taraqqiyotning asosini maʼrifat taʼminlaydi
Yurt taraqqiyotini belgilovchi omillardan biri kelajakka qoʻyilgan poydevordir. Uning mustahkamligini esa ilm ahillari va taʼlimga ragʻbatli yetakchining islohotlari belgilaydi. Ayni jarayonda yurt ahli, jumladan, yoshlardan ham talab etiluvchi vazifalar bor: bu – zamonaviy dunyo ilmlari, texnika, texnologiyalari hamda jahon tillarini oʻzlashtirishga boʻlgan ishtiyoqdir. Bugun Oʻzbekistonda mazkur ilmlarni egallash yoʻlidagi imkoniyatlarning qiyosi yoʻq.
Shijoatli yoshlari va ulugʻ maqsadi boʻlgan davlat esa xalqaro maydonlarda oʻz soʻzini baralla ayta oladi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Oʻz oʻrnida shuni taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston bugun oʻz taraqqiyotinigina emas, jahon hamjamiyati farovonligini taʼminlovchi strategik maqsadlarni ilgari surmoqda.
Joriy yil 30-oktyabr kuni Samarqand shahrida boshlangan Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasi tarixiy sessiyasi qirq yil ichida birinchi marta YUNESKOning Parijdagi qarorgohidan tashqarida, yaʼni Oʻzbekistonda oʻtkazilgani ham bejiz emas. Bu avvalo yurtimizning xalqaro siyosatdagi mustahkam pozitsiyasi, qatʼiy ishonch bilan amalga oshirayotgan loyihalari hamda ularning samarasiga boʻlgan eʼtirofdir.
Sir emas, ushbu tadbir nafaqat mamlakatimiz, balki butun Markaziy Osiyo ahli taqdiriga daxldorligi bilan muhim sanaladi. Zamonaviy davr ruhini faqatgina farovon yashashni emas, ilm-maʼrifat hayot kechirishga undamoqda. Buni teran anglagan Oʻzbekiston siyosati ilk ochiqlik davridayoq yoshlarining qoʻliga kitob tutdi, uning samarasini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash bilan isbotladi. Bu borada maktabgacha taʼlimdan tortib oliy taʼlimgacha boʻlgan yoʻllar uchun asosli va mustahkam vazifalar belgilandi.
Bu borada mamlakatimizda YUNESKOning kafedralari va hamkor maktablari faoliyat yuritmoqda, Toshkent va Fargʻona shaharlari Taʼlim shaharlari global tarmogʻiga kiritilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimida ishtirok etar ekan, tashkilot oʻzining 80 yillik faoliyati davomida taʼlim, fan, madaniyat va axborot sohalarida global hamkorlikni, ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga koʻmaklashadigan nufuzli xalqaro institutga aylanganini qayd etdi.
— Anjumanimiz insoniyatning tarix solnomasiga gumanistik gʻoyalar, nodir bilimlar, sivilizatsiyalararo muloqot markazi sifatida kirgan Samarqand shahrida oʻtkazilayotganida chuqur ramziy maʼno bor, — deya davlatimiz rahbari ilm-fan, adabiyot va madaniyat beshigi boʻlgan Samarqandning buyuk merosini yodga oldi. Xususan, Kopernik va Kepler kashfiyotlariga asos boʻlgan mashhur yulduzlar jadvali yaratilgan Mirzo Ulugʻbek rasadxonasini eslatib oʻtdi. Prezidentimiz mehmonlarni Buyuk ipak yoʻli durdonasi, tinchlik va xalqlar doʻstligi diyori boʻlgan Samarqand ruhidan bahramand boʻlishga chorladi.
Anjumanning tantanali ochilish marosimida YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasi raisi Xondker Muhammad Talxaning buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyning “Bilim va hikmat – insonning ziynatidir”, deb yozgan misralarini tilga olgani ham dunyo hamjamiyatining yurtimiz zaminida yetishib chiqqan ajdodlarga boʻlgan ehtiromining ifodasi boʻldi.
— Bu soʻzlar Oʻzbekiston Prezidentining yoʻlini – taʼlim, fan, meros, jamiyatga xizmat qilish va umumiy farovonlikka bagʻishlangan yoʻlni juda yaxshi aks ettiradi, — dedi sessiya raisi.
Maʼlumki, YUNESKO oʻtgan davr mobaynida taʼlim, ilm-fan, madaniyat, sanʼat, axborot sohasida global hamkorlik, oʻzaro ishonch va hamjihatlik borasida jahondagi nufuzli institut sifatida oʻzini namoyon etib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” esa mustaqillik gʻoyasini mazmunan boyitish, inson qadri, adolat va qonun ustuvorligi kabi tamoyillar bilan hamohang tarzda taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarini xalqaro standartlarga muvofiq isloh etdi.
Jumladan, maktabgacha taʼlim tizimida qamrov 2016-yildagi 27 foizdan 2024-yilda 76 foizga yetdi, bu esa maktabgacha yoshdagi bolalarning toʻlaqonli rivojlanishi, ularni erta taʼlim jarayoniga jalb etish va zamonaviy pedagogik metodlar asosida tarbiyalash uchun mustahkam zamin yaratdi.
Shu bilan birga oliy taʼlim qamrovi 2016-yildagi 9 foizdan 2024-2025-oʻquv yiliga kelib 43 foizga yetdi, bu esa yoshlar uchun akademik va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari keskin kengayganidan dalolat.
Yana bir jihatni unutmaslik kerak, bugun dunyo keskinlik va harbiy mojarolar taʼsirida qolgan. Oqibatda esa noyob durdonalar, ilmiy yodgorliklar, muqaddas qadamjolar va bebaho madaniy merosga ziyon yetkazilmoqda.
Davlatlar oʻrtasida bilim va texnologiyalar, raqamli resurslardan foydalanish boʻyicha tafovut ortib bormoqda. Shular tufayli imkoniyatlar tengsizligi va qashshoqlik kuchaymoqda. Bunday vaziyatda YUNESKOning asosiy vazifalarini toʻliq amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari samarali kechmoqda.
Prezidentimizning YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida taʼkidlaganidek, buyuk ajdodlarimiz – Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Fargʻoniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzodning yubileylari, Xorazm Maʼmun akademiyasi singari ilmiy dargohlar, “Alpomish” eposi kabi adabiy yodgorliklarning tarixiy sanalari xalqaro miqyosda keng nishonlandi.
Butunjahon merosi roʻyxatiga kirgan Xiva, Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shaharlari qatoriga Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi boʻylab joylashgan bebaho obidalar ham qoʻshildi.
Bundan tashqari, “Shashmaqom”, Katta ashula, “Lazgi” raqsi, askiya, kulolchilik va naqqoshlik sanʼatlari, Navroʻz ayyomi, atlas va adras ishlab chiqarish anʼanasi kabi yigirmaga yaqin nomoddiy meros namunalarini dunyo xalqlari munosib eʼtirof etmoqda.
YUNESKO shafeligida “Sharq taronalari”, “Maqom sanʼati”, Baxshichilik, Hunarmandchilik, Etnosport festivallari muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
Oʻzbekistonning tashabbusi bilan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, (2021-yil), “Kichik yoshdagi bolalarga gʻamxoʻrlik qilish va taʼlim berish boʻyicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” (2023-yil) kabi muhim hujjatlar qabul qilindi.
Shuningdek, yuzlab madaniy meros obyektlari ilgʻor texnologiya va xalqaro standartlar asosida restavratsiya qilindi. Bu kabi maʼrifatli ishlar dunyo hamjamiyati oldida Oʻzbekistonning qadriyatlarga boʻlgan ehtiromi qay darajada yuksalayotganini namoyish etmoqda.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston va YUNESKO hamkorligida bolalar taʼlimi boʻyicha butunjahon konferensiyasi oʻtkazildi, Parijda Beruniyning 1050-yilligi nishonlandi, buyuk alloma sharafiga xalqaro mukofot taʼsis etildi.
Davlatimiz rahbari 30-oktyabr kuni Samarqand shahrida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi. Muloqot jarayonida qayd etilganidek, Oʻzbekistonning tashabbusi bilan YUNESKOning uchta muhim rezolyutsiyasi qabul qilindi. Tashkilotning maxsus roʻyxatlariga Oʻzbekistonning bir qator yangi obyektlari va madaniy qadriyatlari kiritildi.
Davlatimiz rahbari Bosh konferensiyaning 43-sessiyasida YUNESKO faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surar ekan, avvalo inklyuziv taʼlimni rivojlantirish va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish ustuvor yoʻnalish ekani taʼkidlandi. YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv taʼlimni rivojlantirish platformasini yaratish va Jahon professional taʼlim sammitini oʻtkazishni taklif qildi.
Shu bilan birga 19-noyabr sanasini Xalqaro hujjatli meros kuni deb eʼlon qilish va YUNESKO tuzilmasida Raqamli meros xalqaro institutini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bagʻrikenglik, oʻzaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy gʻoyalarni keng targʻib etish har qachongidan ham muhim.
Islom madaniyati va maʼrifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin.
— Bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar – Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqiramiz, — dedi oʻz nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Xulosa oʻrnida aytish joizki, Oʻzbekiston har bir islohotida yuksak ilmga asos yaratish maqsadlarini oʻzida jamlagan. Yoshlarni sifatli taʼlim bilan taʼminlash, madaniy merosni oʻrganish va saqlash, shu bilan birga, ularning ortidan ulugʻ ilmlarga yoʻl ochishni maqsad qilgan Yangi Oʻzbekiston tashabbuslari hamisha dunyo hamjamiyatining eʼtirofiga loyiq boʻlaveradi. Zero, taraqqiyotning asosini shubhasiz, eng avvalo maʼrifat taʼminlaydi.
Abdulaziz RUSTAMOV
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring