YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi arafasida brifing oʻtkazildi

14:19 30 Oktyabr 2025 Jamiyat
347 0

Bugun Samarqand shahrida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi oʻz ishini boshlaydi. Ushbu nufuzli xalqaro anjuman arafasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan brifingda qayd etilganidek, bu tarixiy voqea soʻnggi 40-yil ichida ilk bor Parijdagi bosh qarorgohdan tashqarida va birinchi marta Markaziy Osiyoda oʻtkazilayotganligi hamda YUNESKO tashkil etilganining 80-yilligiga toʻgʻri kelayotganligi bilan alohida ahamiyatga ega.

Bunday yirik anjumanning aynan Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻsi ortib borayotganidan va Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan misli koʻrilmagan islohotlar jahon miqyosida keng eʼtirof etilayotganligidan dalolat beradi.

Tadbirga mezbon mamlakat sifatida Oʻzbekistonning tanlanishi albatta tasodifiy emas. Bu Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan izchil va faol tashqi siyosat hamda tub islohotlarning natijasidir. Chunki, aynan 2016-yildan keyin YUNESKO bilan munosabatlar sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.

Sessiya nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun ham tarixiy ahamiyatga ega. Samarqanddagi yigʻilish orqali ilk bor mintaqa davlatlarining birgalikdagi salohiyati namoyish etiladi. Bu esa mintaqa mamlakatlarining birdamligi va oʻzligini mustahkamlaydi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi mintaqa tarixidagi eng yirik xalqaro forumlardan biri boʻladi. Unda 190 ta aʼzo davlat va xalqaro tashkilotlardan 2 ming 800 dan ortiq vakil, shu jumladan, 70 ga yaqin yuqori darajali shaxslar ishtirok etadi.

Tantanali ochilish marosimida faxriy mehmonlar sifatida tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich va Slovakiya Respublikasi Prezidenti Peter Pellegrini ham qatnashadi.

Sessiya 13-noyabrga qadar davom etadi va YUNESKOning istiqboldagi asosiy siyosati va faoliyat yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Samarqand sessiyasi doirasida 150 dan ortiq turli tadbirlar, shu jumladan, Oʻzbekiston tashabbusi bilan 20 dan ziyod qoʻshimcha tadbirlar tashkil etiladi. “Muzeylarda sunʼiy intellektning oʻrni” mavzusidagi xalqaro konferensiya, “Gender tengligini koʻp tomonlama hamkorlik orqali rivojlantirish” forumi, “Iqlim oʻzgarishi” mavzusidagi yoshlar forumi shular jumlasidandir.

Mirzo Ulugʻbekning ilmiy merosiga bagʻishlangan koʻrgazma hamda Samarqandning uch ming yillik tarixiga oid maxsus tadbir shaharning jahon sivilizatsiyalari chorrahasidagi oʻrnini yana bir bor tasdiqlab beradi.

43-sessiyaning tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, nutq soʻzlaydi. Davlatimiz rahbarining nutqida bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.

Tadbir doirasida Prezidentimiz Slovakiya Prezidenti Peter Pellegrini va YUNESKO Bosh direktori Odri Azule bilan ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazadi.

Odri Azule bilan muloqotda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etiladi. Peter Pellegrini bilan esa Oʻzbekiston va Slovakiya oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqiladi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi dunyo va mamlakatimizning yetakchi ommaviy axborot vositalari, jami 500 dan ziyod jurnalist tomonidan yoritib boriladi. Samarqandda ularning samarali faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер