Yuliya Navalnaya: Aleksey Navalniy koloniyada zaharlangan

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya turmush o‘rtog‘i 2024-yil fevralda koloniyada zaharlanganini bildirdi. Uning so‘zlarini BBC keltirgan.
Navalnayaga ko‘ra, bu xulosaga ikki xorijiy laboratoriya xulosalari asosida kelingan.
“Fevralda biz Alekseyning biologik materiallarini olib, xorijga chiqarishga va laboratoriyaga topshirishga muvaffaq bo‘ldik. Oradan bir necha oy o‘tib, ikki mamlakatning laboratoriyalari mustaqil ravishda bir xil xulosaga kelishdi: Aleksey zaharlangan. Rossiya fuqarosi Rossiya hududida o‘ldirildi. Hamma dalillar shu yerda. G‘arb davlatlarida jinoyat ishini ochish uchun huquqiy asos yo‘q”, — dedi u.
Navalnaya turmush o‘rtog‘i qay tarzda zaharlangani haqidagi tahlil natijalari oshkor etilishini talab qildi. Hozircha bu laboratoriyalar nomi va tadqiqot natijalari e’lon qilinmagan.
Uning qo‘lida Xorpdagi “Полярный волк” koloniyasida ishlaydigan besh xodimning ko‘rsatmalari bor. Ularning ayrim bayonotlariga ko‘ra, 3-fevralda Navalniyning oyog‘ida og‘riq boshlangan, shifokorlar bosim va haroratini o‘lchab, lekin boshqa chora ko‘rmagan. 14-fevralda u jazo izolyatoriga ko‘chirilgan. 16 fevral kuni ertalab u yana og‘riqdan shikoyat qilgan.
Navalnayaning aytishicha, koloniya xodimlari uning sog‘lig‘idan shikoyat qilganini tasdiqlagan, ammo shifokorlar rahbari Aleksey Lisyuk “hech qanday shikoyat bo‘lmagan” degan.
Guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Navalniyning ahvoli 16-fevral kunduzi havo sayri paytida yomon bo‘lgan. U eshikni taqillatib, o‘zini yomon his qilayotganini aytgan. Kameraga olib kirilgandan so‘ng yotoqqa yotib, og‘riqdan noliy boshlagan, ko‘kragi va qorni yonib turganini aytgan. Keyin qusish boshlangan, tanasida tirishish va konvulsiyalar kuzatilgan.
Yuliya Navalnayaning ta’kidlashicha, uni kamerada yolg‘iz qoldirishgan. Bir xodim uning azoblanishini tor teshik orqali kuzatib turgan. Faqat 40 minutdan so‘ng tez yordam chaqirilgan.
Kardiogramma paytida Navalniyning yurak faoliyati allaqachon susaygani aniqlangan. Yetib kelgan tez yordam ham uni qutqara olmagan. Soat 14:17 da yurak faoliyati to‘xtagani qayd etilgan, 14:23 da reanimatsiya choralari to‘xtatilgan.
Tibbiy xulosada “to‘satdan o‘lim sindromi” qayd etilgan. Navalnayaning aytishicha, sudirgi zaharlanishga ishora qilishi mumkin.
Shu bilan birga, Navalnaya Navalniyning oxirgi kunidan videoyozuvlar yo‘qligi shubhali ekanini ta’kidladi. “Uch yarim yil davomida uni doimiy ravishda kuzatishgan, ammo oxirgi kunning videosi mavjud emas”, — dedi u.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yil avgustida Moskva shahar sudi Aleksey Navalniyni “ekstremizm” ayblovi bilan 19 yilga qat’iy tartibdagi koloniyaga hukm qilgan edi. 2024-yil 16-fevralda siyosatchi Xorpdagi “Полярный волк” koloniyasida vafot etgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring