Yuksak ishonch yangi yutuqlar sari undaydi

14:42 23 Avgust 2022 Jamiyat
363 0

Foto: Xalq so‘zi

Kuni kecha davlatimiz rahbari Xalqaro kongress markazida tadbirkorlar bilan oʻtkazgan ochiq muloqotda davlat va jamiyat hayotida katta kuchga aylanib borayotgan xususiy biznes vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida qator takliflarni ilgari surdi. Prezidentimizning “Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida gʻoyat muhim va hal qiluvchi bosqichga qadam qoʻymoqdamiz. Sizlarning fidokorona mehnatingiz, innovatsion fikr va yondashuvingiz bugun har qachongidan ham muhim va bu oʻrinda siz barcha soha vakillariga oʻrnak boʻlishingizga ishonaman”, degan soʻzlari, shubhasiz, mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirishga hissa qoʻshayotgan tadbirkorlarimizga yanada ishonch, motivatsiya berdi.

Fargʻonalik tadbirkorlarning quyidagi fikrlari ham buni yana bir karra tasdiqlaydi.

Farhod BULATOV, Dangʻara tumanidagi “Musavartex” MCHJ rahbari, “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sovrindori:

— Yaqinda viloyatimizdagi paxta-toʻqimachilik klasterlari rahbarlari safida Turkiyaga bordim va qishloq xoʻjaligi tarmoqlari rivojida ilm-fan, innovatsiya nechogʻlik muhimligiga amaliyotda ishonch hosil qildim. Oʻzaro kelishuvga koʻra, shu kunlarda viloyatimizga Turkiyadan qishloq xoʻjaligi sohasi olimlari tashrif buyurdi.

Xususan, bizning klasterimiz qoshida yerning meliorativ holatini yaxshilash, istiqbolli yangi navlar yaratish, serhosil ekinlarni mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirish singari yoʻnalishlarda koʻp tarmoqli laboratoriya hamda ilmiy markaz tashkil etishni rejalashtirdik.

Aslida faoliyatimizning dastlabki kunlaridanoq ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanib kelyapmiz. Natijada keyingi uch yilda har gektar paxta maydonidan hosildorlik oʻrtacha 12-15 sentnerga oshdi. Shu yilning oʻzida 400 gektar yerda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etildi.

Dangʻara tumanining qishloq xoʻjaligida foydlanilmaydigan boʻsh yer maydonida oylik quvvati 1,5 ming tonna boʻlgan paxta zavodi qurilib, foydalanishga topshirildi. Yangi ish boshlagan tekstil korxonasi mahsulotlari yuz foiz Rossiya va Xitoyga eksport qilinmoqda. Hozirda tayyor mahsulotlar hajmini va eksport salmogʻini oshirish boʻyicha marketing ishlari olib borilyapti. Oʻtgan yillarda yuzlab zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalari sotib olindi.

Bu yil 6 ming 190 gektar yerda qariyb 25 ming tonna sifatli sanoat xom ashyosi yetishtirish maqsadida 196 ta fermer xoʻjaligi bilan shartnoma tuzganmiz. Agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida, sifatli bajarilgani uchun ayni paytda paxta dalalarida hosil choʻgʻi baland. Yangi ish boshlaganimizda hosildorlik gektariga 30-32 sentner boʻlgan boʻlsa, joriy yilda ushbu koʻrsatkichni 45 sentnerga yetkazishni maqsad qilganmiz.

Bugungi kunda paxta-toʻqimachilik klasteri korxonalarida 800 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga joriy etilgan mazkur yoʻnalishda yaqin istiqbolga moʻljallangan reja va maqsadlarimiz juda koʻp. Bu borada koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va ragʻbat, qolaversa, kuni kecha davlatimiz rahbarining bizga bildirgan ishonchi, umidi yangi-yangi yutuqlar sari undaydi.

Ayubxon POZILOV, “Euro Print” MCHJ rahbari:

— Ayni paytda “Euro Print” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan keng assortimentdagi mahsulotlarimiz yurtimiz va qoʻshni mamlakatlarda tobora xaridorgir boʻlib bormoqda. Ammo bunga oʻz-oʻzidan erishilayotgani yoʻq. Dastlab oʻnga yaqin ish oʻrinlari bilan faoliyat boshlagan boʻlsak, hozirda korxonamizda ikki yuzdan ortiq kishi bandligi taʼminlangan va ularning aksariyati yoshlardir.

Oʻquvchilar uchun daftar ishlab chiqarishdan boshlangan tadbirkorlik faoliyatimizni Germaniyadan zamonaviy texnologiyalar olib kelib, poligrafiya mahsulotlari tayyorlash va qadoqlashni yoʻlga qoʻyish orqali kengaytirdik. Keyinchalik tadbirkorlikning boshqa sohalarida ham istiqbolli loyihalarni amaga oshirdik.

Mehmonxona xizmati koʻrsatish, choy, quritilgan mevalar ishlab chiqarish kabi tarmoqlar tashkil etildi. Natijada bir yilda oʻrtacha 35 milliard soʻmlikdan ortiq mahsulotlarni buyurtmachilarga yetkazib berishga erishmoqdamiz. Yildan-yilga korxonamizning eksport salohiyati yuksalib bormoqda.

Prezidentimizning kecha tadbirkorlar bilan yuzma-yuz muloqotida bevosita Fargʻona viloyati studiyasidan ishtirok etib, unda ilgari surilgan tashabbuslardan katta motivatsiya oldim. Davlatimiz rahbarining mulk daxlsizligini taʼminlash, qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkasini pasaytirish, aniqlangan huquqbuzarliklar boʻyicha jazolash emas, balki soliq idoralarini yaqin koʻmakchi boʻlishiga erishish singari takliflari tadbikorlarning dilidagi gaplar boʻldi. Tadbirkorlikni yanada rivojlantirish sohasida belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy isbotini topishi nafaqat ichki bozor barqarorligini taʼminlash, shu bilan birga jahon bozorlariga keng yoʻl ochishi bilan ham ahamiyatlidir.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?