Yuksak ishonch va ragʻbat masʼuliyatga undaydi

17:33 10 Fevral 2025 Jamiyat
206 0

Yaqinda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida amalga oshirayotgan ishlarimiz va kelgusidagi rejalarimizni gapirib berganimda, muhtaram Yurtboshimiz faoliyatimizni yuqori baholab, davlat mukofoti bilan taqdirlashini maʼlum qildi.

Ochigʻi, bunday yuksak eʼtirofni kutmagandim. Kamtarona mehnatlarimizni yuqori baholab, munosib ragʻbatlantirayotgan, tadbirkorlik uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berayotgan Prezidentimizga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman.

Mamlakatimizda yaratilgan qulay biznes muhitdan xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarishdagi tadbirkorligimiz yildan-yilga rivojlanmoqda. Katta-katta loyihalarni amalga oshirishimizga turtki bermoqda. Masalan, yuz milliard soʻm evaziga Denov tumanidagi Qizilsuv daryosi boʻyida “Yoshlar saylgohi” bunyod etyapmiz. Zamonaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan saylgohda savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalari, turli koʻngilochar maskanlar qurilmoqda. Yaqinda ishga tushirilishi kutilayotgan bu maskanda mingdan ortiq kishi ishli boʻladi.

Termiz shahrida zamonaviy qurilish materiali — sendvich panellari ishlab chiqarish korxonamiz bir kunda bir ming besh yuz kvadrat metr sendvich panellari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda hozirda 60 ga yaqin ish oʻrni yaratilgan.

Ayni paytda Termiz tumanida sendvich panelda ishlatiladigan bazalt va penoplast qoplamalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ishlari amalga oshirilmoqda. Vohamizning Oltinsoy tumanida mavjud bazalt zaxirasidan foydalanib, import oʻrnini bosadigan eksportbop mahsulot ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan. Umumiy qiymati 26 million AQSH dollar boʻlgan mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida yana 350 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Ushbu korxonamiz yil yakunigacha foydalanishga topshiriladi.

Ertangi kunga ishonch, qalbimizga faxr bagʻishlagan mazkur mukofot nafaqat menga, balki Surxon vohasidagi jamiki tadbirkorlarga berilgan yuksak eʼtibordir. Biz tadbirkorlar faqat daromad olishni koʻzlayotganimiz yoʻq, Davlat rahbariga yelkadosh boʻlib, xalq manfaatiga xizmat qilayotgan loyihalarni amalga oshirishni maqsad qilganmiz.

Bahrom RAUPOV,

“Surkhon Sandwich” MCHJ taʼsischisi,

“Doʻstlik” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер