Yuy Szyun: “Oʻzbekiston ochiq, pragmatik va chuqur oʻylangan tashqi siyosat olib bormoqda”

18:59 22 Yanvar 2024 Siyosat
600 0

Oʻzbekiston va Xitoy hamkorligi oʻzaro hurmat, qoʻllab-quvvatlash, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillari asosida rivojlanmoqda.

Bunda oliy darajadagi siyosiy uchrashuvlar, shuningdek, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida oʻrnatilgan doʻstona va ishonchli munosabat muhim omil boʻlayotir. Prezidentimizning Xitoy Xalq Respublikasiga navbatdagi tashrifi ham ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab beradi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-25-yanvar kunlari boʻlib oʻtadigan davlat tashrifi doirasida Pekin shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda qator ikki tomonlama uchrashuvlar boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Kun tartibidan Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va keng koʻlamli amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari oʻrin olgan.

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA muxbirining Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan suhbati ham ikki davlat oʻrtasida izchil rivojlanayotgan hamkorlik va navbatdagi davlat tashrifiga bagʻishlandi.

— Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik keyingi yillarda qaysi sohalarda izchil rivojlandi? Sizningcha, yana qaysi sohalarda hamkorlik aloqalari oʻrnatilishi mumkin?

— Doʻstlik oltindan qimmat, deganlaridek, Oʻzbekiston biz uchun yaxshi qoʻshni va yaqin hamkor, doʻst mamlakat. Soʻnggi yillarda ikki davlat rahbarlarining tashabbusi tufayli Xitoy – Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari, strategik sheriklik munosabatlar yuqori darajada rivojlanyapti. Tomonlar asosiy masalalar boʻyicha bir-birini qoʻllab-quvvatlamoqda. Islohotlarni chuqurlashtirish va ochiqlik boʻyicha ikki davlat tajribasi oʻrganilmoqda.

Ahamiyatlisi, ikki davlat rahbarlari oʻrtasida yaqin aloqalar mavjud. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yili ikki marta uchrashib, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning yangi rejasini belgilab oldi. Oʻzbekiston – Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasi faoliyati ham ikki tomonlama aloqalar rivojida muhim rol oʻynamoqda. Barcha sohalarda delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari ortayotgani ham eʼtiborlidir. Oʻtgan 2023-yilda Oʻzbekistonning 14 ta hududi rahbari Xitoyga, 20 dan ortiq Xitoy markaziy va mintaqaviy delegatsiyalari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi pragmatik hamkorlik oʻz samarasini berdi. “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi Yangi Oʻzbekiston qurilishi bilan chuqur uygʻunlashdi va oʻzaro tovar ayirboshlash yuksak darajaga koʻtarildi. Oʻtgan yilning 11 oyida bu koʻrsatkich 12,2 milliard dollarga yetdi. Oʻzbekistondagi Xitoy kompaniyalari soni esa 2 mingdan oshdi. Shuningdek, infratuzilma qurilishi, ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xoʻjaligi, kommunikatsiya va boshqa sohalarda hamkorlikning kuchli dinamikasi kuzatilmoqda.

Qayd etish kerak, energetika sohasidagi hamkorlik natijalari hayratlanarli. Xitoy sarmoyasi ishtirokida hayotiy muhim loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ular orasida, ayniqsa, Sirdaryo viloyatida 1500 MVt quvvatga ega yangi elektr stansiyasi, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida shamol va quyosh elektr stansiyalari qurilishini alohida taʼkidlash mumkin.

Iqtisodiy mavzuga qaytadigan boʻlsak, biz yangi energetika, elektromobillar sohasida ham yaqin hamkorlik oʻrnatganmiz. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonga olib kirilayotgan elektromobillarning 90 foizi Xitoydan keltiriladi. Baʼzi oʻzbek doʻstlarim ham Xitoyning BYD, Chery, Great Wall brendlari ostidagi mashinalardan foydalanishadi. Men ulardan ushbu elektr transport vositalarini haydashdagi taassurotlari haqida soʻradim va ular ijobiy javob berishdi. Bu menga faxr bagʻishlaydi.

Oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻrtasida koʻplab madaniy almashinuv loyihalari amalga oshirildi. Jumladan, Xitoy madaniyati kuni doirasida “Shinjon yaxshi joy” spektakli namoyish etilib, yirik raqs jamoalari Shinjon, Gansu boʻylab gastrol safarlarida boʻldi. Oʻzbekistonning betakror madaniy yodgorliklari Xanchjou muzeyi va Pekinda namoyish etildi. Yaqin kunlarda Xitoyda “Oʻzbekiston madaniyati kuni” doirasida turkum tadbirlar oʻtkaziladi. Joriy yilning 4-6-fevral kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Quvnoq bahor festivali” Xitoy madaniy tadbirlari boʻlib oʻtadi. Shu oʻrinda oʻzbekistonlik doʻstlarimizni ushbu tadbirlarga taklif etamiz.

Umuman olganda, Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi sheriklik hamkorlikning barcha sohalarini qamrab oladi. Biz ikki davlat rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni doimiy ravishda mustahkamlash va amalga oshirishga asosiy masala sifatida qaraymiz.

Bugungi kunga kelib birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli davlatlararo munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamrab oluvchi mustahkam asos yaratildi. 2023-2027-yillarda yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishning besh yillik dasturi, shuningdek, 2022-2026-yillarga moʻljallangan Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish dasturi amalga oshirilmoqda.

— Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qanday baholaysiz?

— Soʻnggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi Oʻzbekistonni qurish boʻyicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi islohotlar oʻz samarasini bermoqda. Prezident xalq manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻyishni taʼkidlab, xalq talabini tinglashga katta eʼtibor qaratayotir. Maʼmuriy-hududiy boshqaruv samaradorligini, mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirishni davom ettirmoqda.

Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanish dinamikasi yuqori, bozor hayotiyligini ragʻbatlantirish doimo eʼtiborda. Ishbilarmonlik muhiti optimallashtirilmoqda, infratuzilma qurilishi bosqichma-bosqich takomillashtirilib, Oʻzbekistonga sarmoya kiritish uchun tobora koʻproq xorijiy kompaniyalar jalb etilmoqda. Buning samarasida xalq farovonligi yanada yuksalib, odamlar oʻzini baxtli his qilmoqda, jamiyatda barqarorlik va osoyishtalik hukm surmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib bormoqda. Boshqa davlatlar bilan doʻstona munosabatlar va hamkorlikni faol rivojlantirib, qator yirik xalqaro tadbirlarga muvaffaqiyatli mezbonlik qilmoqda. Bu esa davlatning xalqaro mavqei va taʼsirini sezilarli darajada oshirib, yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona munosabatlarni chuqurlashtirishga beqiyos hissa qoʻshadi.

Yaxshi qoʻshni va yaxshi hamkor sifatida Xitoy Oʻzbekiston erishayotgan yutuqlarni olqishlaydi. Oʻylaymanki, Prezident Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi “Yangi Oʻzbekiston” taraqqiyotini tezlashtiradi, oʻzbek xalqi oʻz orzusini roʻyobga chiqaradigan vaqt uzoq emas.

— Janob elchi, mamlakatimizdagi diplomatik faoliyatingiz davomida qanday yangi loyihalar ustida ishlashni rejalashtiryapsiz?

— Oʻzbekistonda ish boshlaganimga olti oy boʻldi. Mening faoliyatim Tashqi ishlar vazirligi va boshqa davlat idoralari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Buning uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Shu davr mobaynida turli joylarda boʻldim, koʻplab nufuzli tadbirlarda ishtirok etdim, yangi doʻstlar orttirdim. Oʻzbek xalqining samimiyligi va mehmondoʻstligi, jamiyatning esa Oʻzbekiston – Xitoy hamkorligini chuqurlashtirishga boʻlgan kuchli intilishi menda ijobiy taassurot qoldirdi.

Davlatlarimizning hamkorligi porloq kelajak va katta salohiyatga ega, deb hisoblayman. Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish menga katta masʼuliyat yuklangan.

Diplomatik missiyam davomida oʻzbekistonlik hamkasblarim bilan ikki davlat rahbarlari erishgan muhim kelishuvlarni sodiqlik bilan amalga oshirish, turli sohalarda hamkorlik qilish uchun sharoit yaratishda faol ishtirok etib munosib hissa qoʻshaman. Ayniqsa, asosiy eʼtiborni amaliy hamkorlik sohasida oʻzaro tovar ayirboshlash hajmining yanada yuqori boʻlishi, yaʼni 20 milliard AQSH dollariga yetkazishga qaratamiz.

Biz ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish ustida ishlaymiz. Korxonalar va idoralar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, qayta ishlash va ishlab chiqarish, raqamli iqtisodiyot, tibbiyot va sogʻliqni saqlash, zamonaviy qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalarda yanada oʻzaro manfaatli loyihalarni yaratishdan manfaatdormiz. Toza energiya, quyosh energiyasi, shamol energetikasi va gidroenergetika sohasidagi hamkorlikning ijobiy dinamikasini saqlab qolishga intilamiz. Atrof-muhitni boshqarish, muhofaza qilish, suvni tejash va iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish uchun yashil texnologiyalardan foydalanish sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtiramiz.

“Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishini tezroq boshlashga koʻmaklashamiz. Transchegaraviy tashishlar samaradorligini oshiramiz va transport infratuzilmasini qurishda hamkorlik imkoniyatlarini oʻrganamiz. Mintaqaviy resurslarni safarbar qilish va mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, davlat boshqaruvi va qashshoqlikni qisqartirish boʻyicha tajriba almashishni kengaytirmoqchimiz. Umuman olganda, hamkorligimiz mustahkam poydevor, iroda va istiqbolga ega. Har ikki tomonda qilinadigan ishlar koʻp. Bu borada esa birgalikdagi saʼy-harakatlar muhim ahamiyat kasb etadi.

— “Bir makon, bir yoʻl” loyihasi doirasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflar haqida qanday fikrdasiz? Bu tashabbuslar Oʻzbekiston – Xitoy munosabatlarida qanchalik muhim?

— Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilning oktyabr oyida Xitoyga “Bir makon, bir yoʻl” xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edi. Davlat rahbari forumning ochilish marosimida ishtirok etdi va birinchi boʻlib Yashil rivojlanish boʻyicha yuqori darajadagi forumda nutq soʻzladi. U Markaziy Osiyo oldida turgan jiddiy iqlim oʻzgarishlari muammolarini taʼkidlab, “Yashil ipak yoʻli” tashabbusini qoʻllab-quvvatladi va xalqaro hamkorlikka chaqirdi.

Bizga maʼlumki, janob Prezident rahnamoligida Oʻzbekiston ekologik muammolarni milliy taraqqiyot va islohotlarning muhim kun tartibiga kiritib, “Yashil makon” tashabbusini faol ilgari surmoqda. Yangi energiyani rivojlantirish, yashil iqtisodiyotni oʻzgartirishga koʻmaklashmoqda. Prezidentning qator tashabbuslari barqaror rivojlanishga intilish, shuningdek, butun insoniyatning umumiy ishi uchun masʼuliyat va missiya tuygʻusini aks ettiradi va Xitoy ularni yuksak qadrlaydi.

Bu tashabbuslar Xitoyning qarashlari va tashabbuslariga toʻliq mos keladi. Kelgusida Xitoy tomoni yashil rivojlanishga eʼtiborni kuchaytirish va barqaror rivojlanishga intilish uchun Oʻzbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishga tayyor.

— Keling, koʻpchilikni qiziqtirgan sarmoyaviy hamkorlik mavzusiga toʻxtalib oʻtamiz. Oʻzbekistondagi qaysi sohalar xitoylik ishbilarmon va tadbirkorlarni koʻproq qiziqtiradi? Xitoylik investorlarni yanada koʻproq jalb qilish uchun nimalarga eʼtibor qaratish lozim, deb oʻylaysiz?

— Oʻzbekiston – Xitoy sarmoyaviy hamkorligi jadal rivojlanib, turli yoʻnalishlarda yanada diversifikatsiya qilinmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2023-yilda Xitoy Oʻzbekistonning asosiy sarmoyaviy hamkoriga aylanib, umumiy sarmoya hajmi 11 milliard AQSH dollaridan oshgan.

Bugungi kunga qadar juda koʻp hayotiy muhim istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi va davom ettirilmoqda. Ular orasida infratuzilma, kimyo sanoati, energetika, suv xoʻjaligi, transport, kommunikatsiya va boshqa sohalardagi loyihalar bor. Bundan tashqari, Xitoy xalq farovonligi, tibbiy yordam va taʼlim sohalarida xayriya loyihalarini ham faol amalga oshirmoqda. Har ikki tomon ayni damda yangi energiya va mineral resurslar, raqamli iqtisodiyot, yashil rivojlanish, ekologiya, tibbiyot va sogʻliqni saqlash kabi sohalardagi hamkorlikka eʼtibor qaratmoqda. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Xitoy – Oʻzbekiston sarmoyaviy hamkorlik jamgʻarmasini tashkil etishga Xitoy Ipak yoʻli jamgʻarmasi 5 milliard yuan sarmoya kiritishga qaror qilgan.

Xitoylik sarmoyadorlarning fikricha, Oʻzbekiston hayotga toʻla va Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yaxshi ishbilarmonlik muhitiga ega davlat. Bu esa uni sarmoya va biznes uchun qulay muhitga aylantiradi. Davlat korxonalari tomonidan amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan tashqari, Xitoyning turli xususiy korxonalari Oʻzbekiston bilan qurilish materiallari ishlab chiqarish, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirmoqda.

Ayni paytda Oʻzbekistonda yangi Toshkent shahri qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda. Xitoy shahar qurilishida boy tajribaga ega. Xitoy kompaniyalari bu jarayonda faol ishtirok etib, toza va goʻzal zamonaviy bogʻ-shaharni yaratishga hissa qoʻshishga umid qilmoqda.

Bundan tashqari, Xitoyning infratuzilma qurilishi, jumladan, tezyurar temir yoʻllarni qurish boʻyicha tajribasi juda katta. Xitoyliklar “Boy boʻlishni istasangiz, birinchi navbatda, yoʻl qurishingiz kerak”, deydi. Oʻylaymanki, Xitoy va Oʻzbekiston tezyurar temir yoʻl va avtomobil yoʻllari qurilishida koʻproq loyihalarni amalga oshirishi, milliy valyuta ayirboshlash va bank filiallarini ochish orqali ikki davlat oʻrtasidagi moliyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash mumkin. Oʻzbekiston foydali qazilmalarga boy va bu yoʻnalishda ham hamkorlikni kengaytirsa boʻladi.

— Mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik va kelgusida bu borada qanday yangi loyihalar kutilmoqda?

— Xitoy ham, Oʻzbekiston ham taʼlimga katta ahamiyat beradi. Oʻzbekiston taʼlim sohasiga “Yangi Oʻzbekiston” taraqqiyot strategiyasining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida qaraydi. Ikki davlat rahbarlarining katta eʼtibori tufayli Xitoy – Oʻzbekiston taʼlim sohasidagi hamkorligi izchil rivojlanmoqda.

Soʻnggi yillarda xitoy – oʻzbek yoʻnalishida xorijda taʼlim almashuvi kengaymoqda. Xitoyda 5 mingga yaqin oʻzbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Xitoy har yili Oʻzbekistonga xorijda oʻqish uchun 100 ga yaqin davlat stipendiyalari, shuningdek, chet elda taʼlim olish uchun koʻplab universitetlararo stipendiya dasturlarini taqdim etadi. Xitoy tili oʻqituvchilari va oʻqituvchilarini Oʻzbekistonga yuboradi va xitoy tili kurslarini ochishni qoʻllab-quvvatlaydi. Shu bilan birga ikki davlat universitetlari oʻrtasida yaqin hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

— Oʻtgan yildan boshlab Oʻzbekiston va Shinjon oʻrtasidagi almashinuv va hamkorlik ijobiy tendensiyani koʻrsatdi. Shinjon va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik salohiyatiga qanday qaraysiz? Ayrim Gʻarb davlatlari Shinjon haqida salbiy fikrda. Siz buni qanday izohlaysiz?

— Shinjon keng hududga, boy mahsulotlarga va koʻplab etnik guruhlarga ega. Ayni paytda xalqning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan Shinjon iqtisodiyoti izchil rivojlanib, jamiyat tinch va barqaror, xalq farovonligi yuksalib bormoqda. Aholi jon boshiga oʻrtacha yillik daromadi 9 foizga oshdi. Aholi qashshoqlikdan qutulib, 10 milliondan ortiq turli millat vakillari yangi uylarga koʻchib oʻtdi. Toʻqqiz yillik majburiy taʼlim toʻliq qamrab olindi, tibbiy sugʻurtada ishtirok etish koʻrsatkichlari esa 95 foizdan ortiq darajada barqarorlashdi. Shinjonda oʻtgan yili erkin savdo zonasi tashkil etildi. Bu ochiqlikni yanada kuchaytiradi va yuqori sifatli iqtisodiy rivojlanishga yordam beradi. Aytish mumkinki, Shinjon tarixdagi eng yaxshi ravnaq va taraqqiyot davrini boshdan kechirmoqda.

Biroq, baʼzi Gʻarb ommaviy axborot vositalari va Xitoyga qarshi siyosatchilar tomonidan Shinjonning rivojlanishi, aholisining hozirgi yutuqlari notoʻgʻri talqin qilinayotgani sir emas. Ammo faktlar soʻzdan koʻra balandroq gapiradi va haqiqatni yashirib boʻlmaydi. Shinjon masalasi hech qachon inson huquqlari, millati yoki diniga emas, balki zoʻravon terrorizm, separatizm va radikalizmga qarshi kurashdir. Bir paytlar zoʻravonlik va terrorizmga duchor boʻlgan Shinjon oʻzining bugungi farovonligi va barqarorligini yanada qadrlaydi.

Soʻnggi yillarda Shinjonga koʻplab mamlakatlardan 2000 dan ortiq siyosatchilar, ekspertlar, diniy yetakchilar va boshqa vakillar tashrif buyurdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Uchinchi qoʻmitasi, Inson huquqlari boʻyicha kengashi va boshqa koʻp tomonlama inson huquqlari forumlarida 100 ga yaqin davlat Xitoyni ochiq qoʻllab-quvvatlamoqda, bu esa adolat hamisha xalq qalbida ekanini toʻliq namoyon etadi.

Oʻzbekiston uzoq vaqtdan buyon Shinjon bilan bogʻliq masalalarda Xitoyga kuchli yordam koʻrsatib keladi. Buning uchun Xitoy oʻz minnatdorligini bildiradi. Shinjon va Oʻzbekiston xalqlarining umumiy jihatlari koʻp. Bular – madaniyat, geografiya va til. Oʻzbekiston Shinjon bilan hamkorlikka katta ahamiyat beradi. Oʻtgan yili Shinjon-Uygʻur avtonom rayoni KPK partiya qoʻmitasi kotibi Ma Sinruy, Shinjon-Uygʻur muxtor viloyati hukumati raisi oʻrinbosari va Shinjondan bir qancha delegatsiyalar Oʻzbekistonda boʻlib, Shinjon mahsulotlari, sarmoyalari koʻrgazmasini oʻtkazdi. Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Shinjonga navbatma-navbat tashrif buyurib, Xitoy tomoni bilan hamkorlikda qator yangi kelishuvlarga erishdi. Ularning fikricha, shamol energetikasi, foydali qazilmalarni ilgʻor qayta ishlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, madaniyat, taʼlim, turizm hamkorlikning muhim yoʻnalishlaridir. Yaqin kelajakda Xitoy va Oʻzbekiston Shinjonda muhim tadbirlar oʻtkazadi, bu hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi, deb ishonaman.

— Oʻzbekiston haqidagi taassurotlaringiz qanday?

— Elchi boʻlgunimcha xizmat safari bilan Samarqandda boʻlganman. Garchi qisqa muddat boʻlsa-da, Oʻzbekistonning uzoq tarixi va ajoyib madaniyati menda juda chuqur taassurot qoldirgan. Oʻzbekistonga elchi boʻlganimdan soʻng bu mamlakatni yanada chuqurroq bilish imkoniga ega boʻldim. Bu oddiy tasodif emas, taqdir sovgʻasidir. Yurtingizda qadimiylik zamonaviylik bilan kesishadi. Sharq va Gʻarb madaniyati uygʻunlashib, bu yurtga oʻziga xos joziba bagʻishlaydi. Bu yerda tabiiy goʻzallik bor, choʻllar, togʻlar va vohalar bir-birini toʻldiradi. Bu yerda yorqin sivilizatsiya mavjud. Baland binolar va qadimiy masjid va ibodatxonalar bir-biriga xalaqit bermaydi. Odamlari iliq va doʻstona, jamiyatda tartib hukmron. Qovun va mevalar shunchalik mazali va xushboʻyki, ular ogʻizda eriydi, ayniqsa, ularni yetishtirish bu haqiqiy sanʼat.

Ayni paytda oʻzbek taomi boʻlmish palovni eslatib oʻtmasdan ilojim yoʻq. Aytishlaricha, mamlakatda palovning minglab retseptlari bor va har bir viloyat uni turlicha pishiradi. Oʻzbek taomlaridan tatib koʻrar ekanman, xalqning mehmondoʻstligi, samimiyligi, bagʻrikengligini chin dildan his qilganman. Menga Oʻzbekistonning, pokiza, mehribon, qalbi keng xalqi va bu yerdagi barcha narsalar yoqadi.

Xulosa qilib aytganda, 2024-yil Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganiga 75 yil boʻladi. Bu yil imkoniyat va umidlar yili boʻlib, Xitoy – Oʻzbekiston hamkorligida yanada samarali natijalar va yangi yutuqlar kutilmoqda. Oʻzbekiston – Xitoy rahbarlarining boʻlajak uchrashuvi esa davlatlarimiz oʻrtasidagi muhim kelishuvlarni amalga oshirish, Xitoy va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda muhim poydevor boʻladi.

OʻzA muxbiri

Goʻzal SATTOROVA

suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?