Yozyovonda paxta hosildorligini 80 sentnerga yetkazish maqsad qilingan

Yaqin yillargacha Markaziy Fargʻonaning dehqonchilik uchun noqulay hududida joylashgan Yozyovon tumanida paxta va gʻalla hosildorligi maqtanarli darajada emas edi.
Qishloq xoʻjaligidagi keng qamrovli islohotlar samarasi tufayli har gektar gʻalla maydonidan 100 sentner va undan yuqori, paxtadan 60-65 sentner hosil olayotgan fermer xoʻjaliklari safi yildan yilga kengayib bormoqda.
Bu yil tumanda 4850 gektar yerga paxta ekilgan boʻlib, uning 4290 gektari istiqbolli xorij navlaridir. Joriy yilda tumanda 2 ming 405 gektar, yaʼni umumiy maydonning 50 foizini paxta terish mashinalari orqali terib olish rejalashtirilgan. Ayni kunlarda 11 ta zamonaviy paxta terish mashinasi yordamida terib olinayotgan hosil peshma-pesh saqlash omborlariga yetkazib berilmoqda. Mavsum yumushlarini oʻzaro hamjihatlikda oʻtkazish uchun 52 yigʻim-terim otryadi tashkil etilgan.
Aytish joiz, yuqori unumli zamonaviy paxta terish mashinalarining 8 tasi yozyovonlik fermer xoʻjaliklari tomonidan joriy mavsum oldidan xarid qilindi. Hozirda har bir mashina yordamida kuniga oʻrtacha 40-45 tonna paxta terib olinib, 400-450 nafar terimchining ishi bajarilyapti.
— Bu yil 148 gektar yerda paxta parvarishladik, uning 100 gektarida xorijdan keltirilgan istiqbolli navdan moʻl hosil yetishtirildi,—deydi tumandagi “Bahrombek” fermer xoʻjaligi rahbari Mirzohid Olimov.—Fermer xoʻjaligimiz tasarrufidagi paxta terish mashinasi koʻmagida kuniga 10-15 gektardagi hosil yigʻishtirib olinayotir. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, mahalliy navning har gektaridan oʻrtacha 40, Xitoy navidan 60-65 sentner hosil olinmoqda.
Tumandagi “Mezon” fermer xoʻjaligida paxtachilik tarmogʻida oʻziga xos tajriba maktabi yaratildi. Xoʻjalikda sohaga ilm va texnologiyalar bilan yondashuv oʻz samarasini berib, hosildorlik va daromad salmogʻi tobora ortib borayotir.
Fermer xoʻjaligi rahbari Vohidjon Obidovning maʼlum qilishicha, bu yil 87,2 gektar maydonga xorijiy paxta navi 76 sxemada ekildi. Shundan 60 gektar maydondagi gʻoʻzalar plyonka ostida, tomchilatib sugʻorish usulida parvarishlandi. Agrotexnik tadbirlar vaqtida, sifatli amalga oshirildi. Paxta dalalarida moʻl hosil yetishtirilib, shu kunlarda yigʻim-terim ishlariga kirishildi.
— Maqsad – har gektar yerdan 80 sentnerdan hosil olish, — deydi fermer. — Dalalardagi hosil choʻgʻi shundan dalolat bermoqda. Yaqin istiqbolda esa toʻliq xorij navini ekish, innovatsiya yordamida hosildorlikni yanada oshirishni muhim vazifa sifatida belgilab olganmiz.
Botir MADIYOROV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring