Yozyovonda eksportbop mahsulotlar uchun 161 gektar yer ajratildi

17:28 03 Mart 2025 Jamiyat
242 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Yozyovon tumani hokimligi tashabbusi bilan davlatimiz rahbarining joriy yil 3-fevraldagi “Qishloq xoʻjaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni targʻibotiga bagʻishlangan davra suhbati oʻtkazildi.

Yuzma-yuz muloqotda Yozyovon tumani hokimi, hokim oʻrinbosarlari, tumandagi qishloq xoʻjaligi, iqtisodiy majmua rahbar va mutaxassislari, fermerlar, tajribali dehqonlar hamda nuroniylar ishtirok etdi.

— Farmonga koʻra, yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sugʻorish tizimini buzmagan holda 3 gektardan 50 gektargacha “E-auksion” savdo platformasida elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi, — deydi Yozyovon tumani hokimi Dilshodjon Jalilov. — Auksion gʻolibi dala chetida (muhofaza zonasidan tashqari) 20 sotixdan koʻp boʻlmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash va qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi hamda texnika parki singari qishloq xoʻjaligiga xizmat koʻrsatuvchi obyektlarni joylashtirishi mumkin.

Elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyi (yuridik manzili), tashkiliy-huquqiy shakli, boshqa yer uchastkasi bor yoki yoʻqligidan qatʼi nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar) hamda chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ishtirok etish huquqiga ega.

Aytish joiz, tumanda ushbu farmon ijrosini taʼminlash maqsadida shu kunlarda 161 gektar yer zaxiraga chiqarildi. Endilikda mazkur yer maydonlari talabgorlarga eksportbop sabzavot ekinlari ekish, intensiv usulda mevali bogʻlar tashkil etish uchun ajratib beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер