Yoshlarning “yashil” tashabbuslari butunjahon ekofaollari eʼtiborida
Rahmatjon BOBOJONOV/“Xalq soʻzi”. Ekologiya himoyasiga oid tashabbuslar, xususan, yoshlarning fikr va takliflarini qoʻllab-quvvatlash bugungi kunning ushbu yoʻnalishdagi bir qator muammolariga yechim topishda yaqindan koʻmaklashishi bilan alohida diqqatga sazovor. Boisi tabiatni muhofaza qilish inson salomatligi, ertangi kuni, sogʻlom kelajagi uchun bevosita taʼsir koʻrsatadi. Shu maʼnoda, mamlakatimizda 2025-yil — Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deya eʼlon qilingani bejiz emas.
Ushbu yoʻnalishda koʻplab davlat tashkilot va idoralari qatorida Yoshlar ishlari agentligi ham xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirib borayotganini alohida eʼtirof etish joiz. Xabaringiz bor, yaqinda Oʻzbekiston delegatsiyasi Amerika Qoʻshma Shtatlariga borib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yoshlar forumida ishtirok etgandi. Forum doirasida BMT Yoshlar ofisi rahbari Felipe Paulliyer bilan uchrashuv oʻtkazilib, u Orolboʻyi mintaqasida boʻlib oʻtgan Raqamli “yashil” tashabbuslar Global yoshlar festivalida ishtirok etishini maʼlum qilgandi. Ayni kunlarda Felipe Paulliyer mamlakatimizda bir qator uchrashuvlarda ishtirok etmoqda. Xususan, kuni kecha Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev va BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl bilan uchrashuvda mamlakatimizdagi yoshlar yetakchilari tizimi, yoshlarga doir islohotlarni xalqaro maydonga olib chiqish, xususan, BMTning boshqa tuzilmalari orqali Oʻzbekiston tajribasini global miqyosda yoyish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Umuman olganda, bunday uchrashuvlar nafaqat yoshlarning tashabbuslari amalga oshishiga koʻmak berishi, balki xalqaro aloqalar rivojlanishiga ham keng imkoniyat yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Tabiatga eʼtibor — salomatlikka eʼtibor
Bir qator tadbirlar doirasida Toshkent shahrida Xalqaro iqlim kuni munosabati bilan ilk bor “Raqamli yashil tashabbuslar” Global yoshlar festivaliga start berildi. Mazkur nufuzli forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan tashkil etilgan boʻlib, u 2024-yilda Ozarbayjonda boʻlib oʻtgan COP29 — BMT Iqlim oʻzgarishlari konferensiyasida eʼlon qilingandi.
Mazkur xalqaro tadbir poytaxtimizda joylashgan Yapon bogʻida eko-koʻrgazma va ekologik loyihalar taqdimoti bilan boshlandi. Unda yoshlar tomonidan yaratgan bir qator eko-ishlanmalar haqida maʼlumot berilib, ular nafaqat energiyani tejashi, ish samaradorligi va sifatini oshirishi, balki salomatlikka ham foydali ekani taʼkidlandi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu tadbir ekologik innovatsiyalar laboratoriyasiga aylandi.
Anjuman davomida “Zamin” fondi direktori Ziroatxon Mirziyoyeva bilan birgalikda daraxt ekish marosimining oʻtkazilishi esa yoshlarda tabiatga eʼtiborini yanada kuchaytirdi, desak, mubolagʻa emas.

“Raqamli yashil tashabbuslar” Global yoshlar festivali ochilish marosimida BMT Yoshlar ofisi rahbari Felipe Paulliyer, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Saʼdullayev, Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, COP29 Yoshlar elchisi Leyla Hasanova hamda boshqa xalqaro mehmonlar ishtirok etdi.
BMTning Taraqqiyot dasturi, Islom hamkorligi yoshlar forumi, bir qator xalqaro ekologik tashkilotlar, xorijiy davlatlar va Oʻzbekistonning tegishli vazirlik hamda idoralari hamkorligida tashkil etilgan mazkur festival doirasidagi tadbirlar Toshkent va Nukus shaharlari hamda Moʻynoq tumanida boʻlib oʻtdi.
Yoshlar xalqaro ekofaollar bilan yuzma-yuz
Butunjahon eko-faollari va innovator yoshlarni bir maqsad ostida birlashtirgan mazkur keng koʻlamli tadbirdan koʻzlangan maqsad — yoshlarning iqlim oʻzgarishiga oid bilim va koʻnikmalarini oshirish, ularni innovatsion yechimlar orqali Orolboʻyi mintaqasini tiklashga jalb qilish, raqamli texnologiya va sunʼiy intellekt orqali barqaror kelajakni yaratishga undashdan iborat.
Bugungi kunda global iqlim oʻzgarishi butun dunyoda dolzarb muammoga aylangani hech kimga sir emas. Shu maʼnoda, bu jarayonda yoshlarning ekologik ongi, raqamli koʻnikmalari, zamonaviy yondashuvi hamda iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda faol ishtirokchi va tashabbuskor boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Yaqinda yoshlarning taklif va tashabbuslari asosida Markaziy Osiyo, Vengriya, Ozarbayjon hamda Turkiya davlatlari oʻrtasida “Barqaror rivojlanish madaniyatini targʻib qilish va bolalar hamda yoshlarni iqlim masalalari boʻyicha kun tartibiga jalb qilish” boʻyicha xalqaro strategiya imzolangandi.

Shundan soʻng, ushbu mamlakatlar yosh eko-faollari, Yoshlar, taʼlim, ekologiya vazirlari, olimlar, tadbirkorlar, soha mutaxassislaridan iborat xalqaro Konsultativ qoʻmita tuzilib, dunyo yosh eko-faollarini birlashtiruvchi raqamli platforma ishga tushirildi, shuningdek, yurtimizda Butunjahon yoshlar ofisi oʻz faoliyatini boshladi.
Ayni kunlarda boʻlib oʻtayotgan festival ham sohadagi tizimli ishlarning mantiqiy davomidir. Unda 30 dan ortiq mamlakatdan 100 ga yaqin xorijlik navqiron avlod vakillari va yoshlar tashkilotlari rahbarlari ishtirok etmoqda, shuningdek, jarayonlarni barcha hududlardan kelgan yoshlar, soha mutaxassislari, volontyorlar ham kuzatib borishmoqda.
Yoshlarning eko-innovatsiyalari moliyalashtiriladimi?
Festival doirasidagi yalpi sessiyalar davomida “Innovatsion ekologik yechimlar”, “Orol dengizini asrashda yoshlar ishtiroki”, “Yoshlarning raqamli “yashil” tashabbuslari” kabi dolzarb mavzularda maʼruzalar tinglandi. Shuningdek, “Green Spark” startaplar tanlovi, “Yoshlar va iqlim” xalqaro ekologik loyihalar tanlovi, yoshlar uchun COP formatida simulyatsion muloqot, koʻrgazma va taqdimotlar oʻtkazildi.
— Taqdimot va chiqishlarni kuzatib menda juda koʻp umidlar paydo boʻldi, — deydi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fuji. — Oʻzbek yoshlarining ekologiya boʻyicha tanlov qilishdagi qarorlari tabiat uchun foydali. Afsuski, Oʻzbekistonda bir nechta ekologik muammolar mavjud. Biz buni birgalikda oldini olishga harakat qilyapmiz va agar hozir harakatni boshlasak yaqin kelajakda tabiat yana tiklanadi.

Festival yakunida yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan ekologik loyihalar davlat idoralari va investorlarga taqdim etilishi, moliyalashtirish uchun takliflar kiritilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, mintaqadagi suv resurslarini saqlash, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashga oid murojaat eʼlon qilinadi. Bu orqali esa yoshlar oʻrtasida iqlim muammolarini hal etishda yetakchilik salohiyati, bilim va koʻnikmalarni mustahkamlashga yoʻnaltirilgan global platforma yaratilishi maqsad qilingan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring