Yoshlarning yaratuvchanlik va ixtirochilik qobiliyatlarini qoʻllab-quvvatlash – davlatning muhim tashabbuslaridan biriga aylanishi lozim

12:53 02 Iyul 2025 Jamiyat
133 0

Har qanday mamlakatning iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror va tizimli rivojlanishida zamonaviy ixtirolar va innovatsion gʻoyalar muhim oʻrin tutishligi hech kimga sir emas. Zero, ixtirolar, innovatsion yechimlar va boshqa intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofazasi va ijod qilish erkinligini taʼminlash eng asosiy vazifa boʻlib xizmat qiladi. Ushbu ustuvor qoida birinchi navbatda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasida ifodalangan “har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. bilan bevosita bogʻliq hisoblanadi” normasi bilan oʻzaro hamohangdir.

Ixtirochilik faoliyatini amalga oshirishni biz erkinlik va huquq sifatida koʻrishimiz mumkin. Mamlakatimizda ushbu sohani tartibga solish va amalga oshirishni taʼminlashga doir bir qator normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi PF–158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston – 2030” Strategiyasining 12-maqsadi etib “barcha yoʻnalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash” belgilangan. Mazkur maqsad orqali Oʻzbekistonda har bir million aholiga toʻgʻri keladigan tadqiqotchilar sonini 2 ming nafarga yetkazish asosiy koʻrsatkichlardan biri sifatida belgilangan. Bu jarayonda mamlakatimiz yoshlarining oʻrni beqiyos sanaladi. Zero, aholimizning katta qismini yoshlar tashkil etishligi hech kimga sir emas. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz yoshlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Oʼzbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Yoshlar – 2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan 10 ta davlat qatoriga kirganligi hamda Yoshlar taraqqiyot indeksida mamlakatimiz bu borada eng tez surʼatlar bilan rivojlanayotgan davlat deb topilganligini eʼlon qildi.

Yuqoridagi koʻrsatkichlar oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq. Statistik maʼlumotlarga qaraganda, keyingi 8-yilda yoshlar siyosati samaradorligiga oid jami 100 dan ortiq yaqin qonun va qonunosti hujjatlari, jumladan, 2016-yil 14-sentyabrda esa uzoq kutilgan qonun – Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida” gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri sifatida iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash hamda ragʻbatlantirish belgilangan.

Mamlakatimizda iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash yuqoridagi qonunchilikka binoan quyidagi usullar orqali amalga oshiriladi:

- qonunchilikda belgilangan tartibda mukofotlar, stipendiyalar belgilash, taʼlim grantlari taqdim etish;

- umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarida sport seksiyalari, fan, texnika toʻgaraklari va ijodiy toʻgaraklar faoliyatini tashkil etish;

- iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni aniqlash va ragʻbatlantirish maqsadida tanlovlar, olimpiadalar, koʻrgazmalar, festivallar, koʻriklar, konsertlar, simpoziumlar, oʻqishlar, konferensiyalar, seminarlar tashkil etish hamda oʻtkazish;

- iqtidorli va isteʼdodli yoshlarni taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda oʻqitish, qayta tayyorlash va amaliyotni oʻtash dasturlaridan tanlov asosida foydalanishini taʼminlash.

Davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar hech kimga sir emas. Mazkur imtiyozlardan har bir yosh samarali va maqsadli foydalanishi maqsadga muvofiq. Bu borada vazirlik va idoralar ayniqsa taʼlim tashkilotlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari yoshlarga asosiy yordamchi boʻlishi lozim. Zero, yoshlardagi ixtirochilik va yaratuvchanlik tashabbuslarini aniqlash va ularni roʻyobga chiqarishda mazkur muassasalar muhim oʻrin tutadi. Zero, Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonuniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash, oʻqitish va tarbiyalash sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirishi belgilangan.

Har bir ixtirochilik natijasida yaratilgan moddiy obyekt intellektual faoliyat natijasi hisoblanadi va oʻziga yarash huquqiy maqomga ega. Maʼlumki, har qanday intellektual faoliyat natijasi uning yaratilishi (1), huquqiy muhofazaga olinishi (2) va tijoratlashtirilishi (3) bilan bogʻliq bosqichlardan iborat. Mazkur jarayonlarning har birida davlatning qoʻllab-quvvatlovi va gʻamxoʻrligi muhim oʻrin tutadi.

Yoshlarning yaratuvchanlik va ixtirochilik qobiliyatlarini qoʻllab-quvvatlash bu davlat tomonidan maktablar, oliy taʼlim muassasalarida taʼlim berish, kasb-hunar oʻrganishni tashkil etish bilan bogʻliq masalalarni qamrab olsa, intellektual mulkni huquqiy muhofazaga olinishi esa davlat tomonidan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni joriy etish orqali amalga oshiriladi. Intellektual mulk obyektlari davriyligining uchinchi bosqichi, yaʼni tijoratlashtirish mazkur jarayonlar ichida alohida oʻrin tutadi. Xususan, 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz yoshlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda Prezidentimiz startaplarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tizim yaratilib, ularni moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritilishi, maktablarda oʻquvchilar uchun “mohirlik va biznes soati” kiritilib, ularning gʻoyasini startapga aylantirishga 100 milliard soʻm grant yoʻnaltirilishi, oliygohlar oʻrtasida ham startaplar boʻyicha har yili “Eng yaxshi kreativ gʻoya” tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblarga oliygoh jamgʻarmasidan 300 million soʻmgacha grant berilishi haqida maʼlum qildi.

Biz intellektual faoliyat natijalarini tijoratlashtirilishini taʼlim yoki ilmiy-tadqiqot uchun ajratilinayotgan mablagʻlar koʻrsatkichlarida balki mazkur natijalarni huquqiy muhofazaga olish bilan bogʻliq jarayonlarda ham koʻrishimiz mumkin. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 14.07.2018-yildagi “Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ–3855-son qarorida belgilanganidek, “2014 — 2018-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlaridan ilmiy-amaliy va innovatsion loyihalar hamda ishlanmalarni moliyalashtirish uchun qariyb 800 milliard soʻm ajratilib, ularning natijalariga koʻra ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari tomonidan 700 dan ortiq ixtiro patentlashtirildi”.

Yoshlar oʻrtasida ilmiy-texnikaviy faoliyatga keng joriy etish bu orqali ular tomonidan moddiy ahamiyat kasb etayotgan ishlanma va gʻoyalarni tijoralashtirishga koʻmaklashish muhim ahamiyat kasb etadi. Fikrimizcha, shuningdek yoshlar oʻrtasida ham ularning qiziqishlari va kelgusida qaysi sohalarda faoliyat yuritishligi nuqtayi nazaridan zarur oʻrganishlarni oʻtkazish hamda yoshlar orasida ixtirochilikni qoʻllab-quvvatlash va ommalashtirish uchun uslubiy vositalarni ham yaratish lozim. Zero, bu jihat iqtidorli yoshlarning intellektual, ijodiy, ilmiy-texnik afzalliklari va qobiliyatlarini aniqlash uchun qulay muhit yaratishda muhim oʻrin tutadi. Maʼlumki, mamlakatimiz madaniyat, sanʼat, hunarmandchilik, dizayn kabi ijodkorlik yoʻnalishlarida boy tarix va isteʼdodlarga ega. Bugungi kunda yoshlarimiz boy tarixiy merosimizdan ruhlangan holda berilayotgan imkoniyatlardan foydalangan holda mamlakatimizning ilmiy-texnikaviy rivojiga hissa qoʻshishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Abdumoʻmin YULDASHOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Intellektual mulk huquqi kafedrasi mudiri oʻrinbosari,

yu.f.f.d. (PhD), dotsent.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер