Yoshlar tashabbuslari global iqlim harakatining markazida
Samarqand shahri YUNESKOning 14-Yoshlar forumi mezboni sifatida 100 dan ortiq mamlakatdan kelgan 150 nafar yosh yetakchilar, ekspertlar va rasmiy delegatlarni birlashtirdi.
YUNESKO hamda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etilgan forumda ishtirokchilar “Iqlim harakati va uning ijtimoiy taʼsiri, ayniqsa, yoshlar uchun” mavzusi yuzasidan oʻzaro fikr almashishi koʻzda tutilgan.
Forumning maqsadi — yoshlarning iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashdagi faol ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, ularning gʻoyalarini global miqyosda ilgari surish va barqaror kelajakni shakllantirishda yigit-qizlarning ovozini kuchaytirishdan iborat.
Xalqaro anjumanning ochilish marosimi “Harakat avlodi” shiori ostida oʻtdi. Forumda YUNESKO Bosh direktorining ijtimoiy va gumanitar fanlar boʻyicha yordamchisi Lidiya Brito, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti mudiri oʻrinbosari Elmurod Najimov, Oʻzbekiston Yoshlar ishlari agentligi bosh direktori Alisher Saʼdullayev va boshqalar soʻzga chiqib, yoshlarning iqlim boʻyicha ilgari surayotgan tashabbuslari, innovatsion gʻoyalari hamda ularning global iqlim siyosatidagi oʻrni haqida fikr bildirdi.

Nigeriya, Misr, Ispaniya, Boliviya va Braziliyadan yosh iqlim yetakchilari oʻz gʻoyalari, startaplari va jamiyatni oʻzgartirishga qaratilgan loyihalarini taqdim etdi.
— Ishlab chiqarish va sanoatning rivoji ekologiyaga zarar yetkazmasligi, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishda ularning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish zarur, — deydi ispaniyalik Karloto Bruno. — Hatto, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi qanchalik dolzarb boʻlmasin, mazkur yoʻnalishdagi sanoatda ham ekologik muvozanat buzilishiga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi.
Forumning ikkinchi kunida ishtirokchilar “Yoshlar uchun tavsiyalar va harakatga chaqiriqlar” mavzusidagi sessiyalarda qatnashib, turli davlatlar vakillari iqlim oʻzgarishlarining oldini olish va ekologik muammolarning yechimlari boʻyicha tashabbus va gʻoyalarini ilgari surdi, innovatsion yechimlar taklif etildi.
Shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va barqaror rivojlanish yoʻnalishlarida oʻz tavsiyalarini ishlab chiqdi. Ushbu hujjat keyinchalik YUNESKO Bosh konferensiyasiga yoshlar tavsiyalari sifatida taqdim etiladi va turli xalqaro tashkilotlar vakillari hamda davlatlar delegatsiyalari ishtirokida koʻrib chiqiladi.

Anjuman “Yoshlar forumi natijalari” taqdimoti bilan yakunlanadi. Mazkur forum Oʻzbekistonning yoshlar siyosati va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishdagi faolligini yana bir bor namoyon etdi. Soʻnggi yillarda YUNESKO bilan hamkorlikda taʼlim, madaniyat, raqamli innovatsiyalar va yoshlar siyosati yoʻnalishida qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
14-Yoshlar forumi bu hamkorlikning yangi bosqichi boʻlib, Oʻzbekiston yoshlarini global miqyosdagi qarorlar jarayoniga faol jalb etish yoʻlida muhim qadam boʻladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- Oʻzbekiston tasviriy sanʼat galereyasida Samarqand maktabining yangi nafasi
- Toshkentda diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasida XІX xalqaro mini-futbol turniri tashkil etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring