Yoshlar orzusidagi sanoat zonalari

17:48 25 Noyabr 2025 Jamiyat
177 0

Kechagina “bir kuni men ham oʻz biznesimga ega boʻlaman”, deb orzu qilgan yigit-qizlar bugun maxsus sanoat zonalarida zamonaviy uskunalarda ishlab, oʻz brendlarini yaratish bilan band. Yurt boʻylab barpo etilayotgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari orzu bilan amal orasidagi masofani yaqinlashtirmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik tashabbuslarini ragʻbatlantirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 21-apreldagi “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori esa bu jarayonda yangi bosqichni boshlab berdi. Unga muvofiq tashkil etilayotgan mazkur zonalar yoshlarning orzusini amaliyotga aylantirayotgan muhim dasturga aylandi.

Surxondaryo viloyatida ham hududlarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, yoshlarning oʻz biznesini tashkil etishiga koʻmaklashish kabi vazifalar aynan shu zonalar faoliyati orqali muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Infratuzilmasi toʻliq tayyorlangan maydonlar, imtiyozli kreditlar, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish imkoniyatlari — bularning barchasi yosh tadbirkor uchun eng zarur shart-sharoitdir.

Denov tumani Qoʻzichoqli mahallasida tashkil etilgan “Qoʻzichoqli” yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi bu imkoniyatlarning amaldagi ifodasidir. Toʻrt gektar maydonda 59 ta infratuzilmaviy lot barpo etilgan boʻlib, uning qurilishiga 60 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflangan. Zonadagi loyihalar uchun yosh tadbirkorlarga 10-yil muddatga, shundan 3-yili imtiyozli davr boʻlgan holda, 18 foizli kreditlar ajratilmoqda.

— Ayni paytda bu yerda 56 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshirilib, 350 ta ish oʻrni yaratildi, — deydi sanoat zonasi mutaxassisi Sharofiddin Sherqobilov. — “Sentr of future”ning non mahsulotlari ishlab chiqarish, “Shuhrat Termiz”ning sanitar salfetka tayyorlash, “Denov Agrostar”ning meva-sabzavot qayta ishlash loyihalari va boshqa korxonalar barqaror faoliyat yuritmoqda.

Zonadagi “Abulfayz – Faravon – Denov” oilaviy korxonasi oyiga bir milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarmoqda. Korxonada olti turdagi gigiyenik va qurilish materiallari tayyorlanadi. Bu yerda 50 nafar aholi ish bilan taʼminlangan. Ayniqsa, plastik chiqindilardan quvurlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani, Afgʻonistonga eksport boshlangani — yangi bozorlarning ochilayotganidan dalolat.

Yosh tadbirkor Nargiza Eshmatovaning “Menga imkoniyat berildi, men esa amaliy ish bilan javob qaytaryapman”, deyayotgan soʻzlari esa bu zonalarning haqiqiy mohiyatini ochib beradi.

— Fast-fud nonlari ishlab chiqarish korxonamizda 20 dan ziyod xotin-qiz doimiy ish bilan taʼminlangan, — deydi N. Eshmatova. — Asosan ijtimoiy daftarda turgan ayollarni ishga jalb qilganmiz. Ayni paytda mahsulotlarimiz qoʻshni viloyatlarga ham yetkazilmoqda. Bu kichik biznesning katta ijtimoiy samarasi borligidan dalolat.

Eʼtiborlisi, bunday sanoat zonalari viloyatning Qumqoʻrgʻon, Shoʻrchi, Muzrabot va Termiz tumanlarida ham barpo etilmoqda. Ularning har biri yoshlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, innovatsiya va ishlab chiqarish madaniyatini rivojlantirishda muhim omilga aylanib bormoqda.

“Yoshlar sanoat zonalari — orzumi yoki amaliyot?” degan savolga bugun dadil javob berish mumkin: bu — aniq amaliyot, samarali natija va kelajakka ishonch manbai. Yoshlar oʻz salohiyatini namoyon qilmoqda. Yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda. Mahalliy xomashyo asosida qoʻshimcha qiymat yaratilmoqda.

Farhod ESONOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер