Yoshlar masʼullar bilan ochiq muloqotda yuzlashdilar

10:24 27 Fevral 2026 Jamiyat
200 0

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24-yanvar kuni yoshlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida belgilab berilgan vazifalar ijrosini taʼminlash doirasida joylarda “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tadbirlari boʻlib oʻtmoqda. Ana shunday muloqotlardan biri viloyat hokimining oʻrinbosari Ulugʻbek Joʻrayev ishtirokida Andijon davlat texnika institutida boʻlib oʻtdi. Qurilish sohasida taʼlim olayotgan talabalar ishtirok etgan tadbirda sohaga aloqador viloyat tashkilotlari rahbarlari ham qatnashib, yoshlar bilan ochiq va samimiy muloqot qildilar.

-Institut talabasi sifatida aytish mumkinki, uchrashuv biz uchun nafaqat muammo va takliflarimizni bildirish, balki istiqbolli loyihalarimizni taqdim etish imkonini ham yaratdi,-deydi tadbir ishtirokchisi Dildora Xolmatova. -Eng muhimi, ilgʻor gʻoyalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha masʼullarga aniq koʻrsatmalar berildi. Bu esa yoshlarning kelgusida oʻz mutaxassisligi boʻyicha yetuk bilim olishi, iqtidorini namoyon etishi va amaliy tajriba toʻplashida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bunday uchrashuvlar yoshlar va rahbarlar oʻrtasidagi muloqotni mustahkamlab, tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ochiq savol-javob va fikr almashinuvlari orqali muammolarning yechimiga yaqinlashiladi, dolzarb gʻoyalar esa amaliyotga yoʻl oladi. Eng asosiysi, bunday tadbirlar yoshlarning jamiyat taraqqiyotidagi oʻrni va masʼuliyatini yanada chuqur his etishiga, kelajakni barpo etishga daxldor ekanini anglashiga zamin yaratadi.

Uchrashuv davomida viloyatdagi 52 ta ogʻir mahallaga zamonaviy qiyofa berishga qaratilgan tashabbuslar ham atroflicha koʻrib chiqilib, ularda talaba yoshlar tomonidan tayyorlangan loyihalarni tadbiq etishga kelishib olindi.

Saminjon HUSANOV, ”Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер