Yoshlar — kelajak liderlaridir

12:20 02 Iyul 2021 Jamiyat
2875 0

Yoshlar har bir davlatning kelajagini, salohiyatini belgilovchi muhim qatlam hisoblanadi. Bugungi kunda yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk insonlar boʻlib ulgʻayishi yoʻlida yurtimizda barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Ularning orzu-maqsadlarini roʻyobga chiqarish, ilgʻor tashabbus va gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bois, yurtimizda jamiyatning faol qatlami sifatida eʼtirof etiladigan yoshlarga yurt ravnaqini taʼminlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida ishonch bildirilmoqda. Natijada yuksak bilimli, zamonaviy fikrlaydigan, qatʼiy pozitsiyaga ega yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda. Yoshlarning bandligini taʼminlash, ularning biznes loyihalarini amalga oshirish natijasida ularning turmush tarzini yaxshilanmoqda, ularning istiqbolli tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Hozirgi kunda dunyoda 60 mingdan ziyod milliy parlamentlarning aʼzolari boʻlsa ulardan 2,6 foizi yoshlardan iborat. 2019-yil dekabrida yurtimizda “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan saylovda deputatlarning 9 nafari yaʼni 6 foizi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar orasidan saylangani katta ahamiyatga ega. Ular tomonidan bugungi kunda yoshlarning manfaatlari uchun xizmat qiluvchi qonun loyihalari ishlab chiqilmoqda. Qabul qilinayotgan hujjatlarda yoshlarning manfaatlarini himoya qilishga alohida eʼtibor berilmoqda.

Soʻnggi bir necha yil davomida yoshlarga berilayotgan eʼtibor tubdan oʻzgardi. Jumladan, 2016-yilda yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Yurtimizda 30-iyun — “Yoshlar kuni” deb eʼlon qilindi. Bundan tashqari yoshlarni himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash maqsadida bugungi kunga qadar parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilindi, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda yosh avlodni barkamol etib tarbiyalash, ularni hayotga mustaqil qadam qoʻyishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish uchun Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. 2020-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Hozirda Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamentida 100 nafar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentida esa, 250 nafar yoshlar faoliyat yuritmoqdalar. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etildi.

Shuningdek, hududlarda loyihalar fabrikasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. 2020-yilning 25-dekabr kuni ilk marta “Yoshlar forumi” oʻtkazildi. Yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning axborot texnologiyalari boʻyicha savodxonligini oshirish, yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash vazifalarini oʻz ichiga olgan beshta muhim tashabbus amalga oshirilmoqda. 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada Davlat dasturi qabul qilindi.

Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini yana-da rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturida oʻz iqtidori va salohiyatini kamol toptirish, kelajakda qiziqqan sohasining yetuk mutaxassisi boʻlib yetishishi uchun yoshlarda oʻzini oʻzi rivojlantirish boʻyicha kuchli motivatsiya uygʻotish maqsadida yoshlar davrasida motivatsion tadbirlar oʻtkazish belgilangan. Soʻnggi yillarda yoshlarni turli darajadagi lavozimlarga tayinlash keng yoʻlga qoʻyildi. Viloyatlar, tuman va shahar hokimlariga yoshlar tomonidan oʻrinbosarlar tayinlandi.

Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan yoshlar va talabalar forumi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqiy erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda muhim oʻrin tutadi. Davlatimiz rahbari tomonidan forumda Parlamentlararo ittifoq koʻmagida “Biz parlamentda yoshlarni qoʻllab-quvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusini amalga oshirilishiga alohida toʻxtab oʻtildi. Shuningdek, siyosiy yetuk va faol yoshlarni parlamentga, mahalliy kengashlarga yana-da keng jalb etib, ularni Oliy Majlis deputatlari va senatorlariga biriktirilishi yoshlarga yangi imkoniyatlar eshiklarini ochib beradi. Ularga mamlakatimizning eng yuqori minbarlaridan oʻz gʻoyalari, tashabbuslarini ilgari surishga, huquq va manfaatlarini bayon etish imkoniyatlari yana-da oshadi.

Oʻzbekiston yoshlari davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etmoqda. Yurtimizda yoshlar siyosati xalqaro umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq va normalar bilan hamohang tarzda olib borilmoqda. Yoshlarni intellektual, maʼnaviy va jismoniy salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Davlatimiz rahbari tomonidan taʼkidlanganidek, yoshlar davlatimizning eng katta boyligi, bebaho xazinasidir.

Muhammad Valiyev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер