Yosh olimlar “Akademik harakatchanlik” dasturi orqali qoʻllab-quvvatlanmoqda

12:50 28 Mart 2025 Jamiyat
60 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-apreldagi 222-sonli qaroriga asosan, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanayotgan iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Akademik harakatchanlik” dasturi yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur dastur Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilib, yosh olimlarga vazirlik, idora va tashkilotlarga qarashli ilmiy muassasalar, zamonaviy laboratoriyalar hamda tajriba-konstruktorlik byurolaridan bepul foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Innovatsion rivojlanish agentligi Ilm-fan va taʼlim integratsiyasi boshqarmasi boshligʻi Asror Norov bu borada shunday deydi:

“Bugungi kunda mamlakatimizda 30 mingga yaqin izlanuvchi mavjud. Ularning barchasi ushbu tanlov imkoniyatlaridan foydalanishi lozim. Masalan, yosh tadqiqotchi ilmiy ishini bir hududda olib borayotgan boʻlsa-yu, zarur laboratoriya asbob-uskunalari boshqa hududda joylashgan boʻlsa, bu tadqiqot jarayonini qiyinlashtiradi. Shu sababli 40 yoshgacha boʻlgan yosh olimlar uchun koʻproq imkoniyat yaratish hamda ilmiy ishlarning sifatini oshirish maqsadida “Akademik harakatchanlik” dasturi joriy etilgan. Bu dastur ilmiy izlanish olib borayotgan yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.”

Dastur qanday imkoniyatlar yaratadi?

“Akademik harakatchanlik” dasturi yosh olimlarga:

— Oʻzbekiston hududidagi yetakchi ilmiy markazlarda ilmiy tadbirlarda ishtirok etish,

— Ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish,

— Zamonaviy laboratoriyalar va ilmiy texnologiyalardan foydalanish,

— Ilmiy rahbar topish va tajriba almashish imkoniyatini taqdim etadi.

2025-yil 1-fevral – 31-fevral oraligʻida oʻtkazilgan tanlovga 125 ta ariza kelib tushdi. Maxsus ishchi guruh loyihalarni ilmiy-tadqiqot mavzusining dolzarbligi, maqsad va vazifalari, kutilayotgan natijalari kabi mezonlar asosida baholadi. Tanlov natijalariga koʻra, 16 ta loyiha gʻolib deb topildi.

Dastur doirasida 9 ta ilmiy tashkilotning zamonaviy laboratoriyalaridan 6 oygacha bepul foydalanish huquqi berildi. Buning uchun Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan yosh olimlarga 1 milliard 134 million 700 ming soʻmlik sertifikatlar topshirildi.

Gʻolib tadqiqotchilarning fikrlari

Dilshoda Tursunova, Toshkent kimyo-texnologiya instituti 1-kurs tayanch doktoranti:

“Loyiham qattiq chiqindilar asosida fotokatalitik materiallar yaratish va oqava suvlarini tozalashga qaratilgan. Ushbu tanlov ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Ilmiy-tadqiqot ishlarimizni yanada rivojlantirishga, innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqishimizga katta turtki boʻladi.”

Shohimardon Ikromov, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalari universiteti mustaqil tadqiqotchisi:

“Kremniy moddasi oʻsimliklarning hujayra qobigʻini mustahkamlaydi va immunitetini oshiradi. Tadqiqotlarimiz shuni koʻrsatmoqdaki, soʻnggi yillarda oʻsimliklarda parazitlar va turli kasalliklar koʻpaygan. Bu Surxondaryo viloyati uchun ham dolzarb masala. Shu sababli, ilmiy rahbarim bilan birgalikda mahalliy tuproq tarkibidagi kremniydan eritma olish va oʻsimliklar uchun maxsus oʻgʻit yaratish loyihasini ishlab chiqdik. Hozirda ushbu oʻgʻitlar asosan import qilinadi. Bizning loyihamiz esa import hajmini kamaytirib, mahsulot narxini arzonlashtirishga hamda oʻsimliklar dunyosini sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi.”

Ilgari tanlov har yili bir marotaba eʼlon qilingan boʻlsa, 2025-yildan boshlab yosh olim va izlanuvchilarni ilm-fanga keng jalb qilish, zarur shart-sharoitlar yaratish va ilmiy-innovatsion faoliyatni rivojlantirish maqsadida ushbu dastur doimiy ravishda oʻtkazilishi belgilandi.

Maʼlumot oʻrnida: 1-apreldan boshlab “Akademik harakatchanlik” dasturining joriy yil II choragi uchun arizalar qabuli boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?