Yosh fermerlarning loyihalari qoʻllab quvvatlanadi
Oʻzbekiston fermerlari kengashi, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Agrobank, Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va Respublika Agrokimyoviy tahlil markazi hamkorligida oʻtkazilgan seminarda respublikamizning barcha hududlaridan kelgan yuzlab yosh fermerlar, ularga koʻmakdosh tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etishdi.
Anjumanda soʻz olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari, Oʻzbekiston fermerlari kengashi raisi Aktam Xaitov taʼkidlaganidek, davlatimiz rahbarining oqilona siyosati tufayli yurtimizda fermerlik harakatida yoshlarning ishtiroki yildan yilga oshib bormoqda. Yangidan yangi loyihalar, innovatsion yangiliklar markazida yoshlarni koʻrish mumkin. Chunki bu davr gʻayratu shijoat, tashabbuskorlik, yangilikka intilish bilan chambarchas bogʻliq.
Keyingi yillarda “Aqlli qishloq xoʻjaligi” tamoyili paydo boʻldi, ilmiy izlanishlar, xorij tajribasi asosida yomgʻirlatib,tomchilatib sugʻorish, mahsulotlarni chuqur qayta ishlagan holda qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish jozibadorligi koʻzga tashlanmoqda. Bu eksportni koʻpaytirishning ham kafolatidir. Ayni chogʻda respublikamiz boʻyicha turli yoʻnalishlarda 90 mingdan ortiq fermer xoʻjaliklari faoliyat olib bormoqda. Qayerdaki, zamonaviy texnologiyalar qoʻllangan, tadbirkorlar davlat berayotgan soliq imtiyozlari, subsidiyalardan samarali foydalanayotgan boʻlsa, oʻsha joyda yutuq ham, yuksalish ham bor.

Oʻtgan yil Oʻzbekiston xorijga 1,5 milliard dollarlik 2 mln tonnadan ortiq meva va sabzavot eksport qilgan. Joriy yilda bu raqam yanada oshadi. Chunki Prezidentimizning saʼy-harakatlari, tashabbuslari tufayli Yevropa, Amerika bozorlariga yoʻl ochildi. Davlat rahbarining AQSHdagi, Yevropadagi tarixiy uchrashuvlari, strategik yoʻnalishdagi kelishuvlarga erishgani iqtisodiyotimizning boshqa sohalari qatori agrar tarmoqda ham zamonaviy yondashuvlar va texnologiyalarning yanada ortishiga turtki beradi. Ana shu jarayonda yosh fermerlarning yangidan yangi loyihalarini qoʻllab quvvatlash tadbirda qayta va qayta aytib oʻtilganidek, Kengashning eng muhim maqsadiga aylangan.
— Bu yerga katta qiziqish bilan keldim, yangiliklarni bilay, olimlar nima maslahat beradi, shuni eshitay deb. Axdam Haitovning soʻzlarini eshitgach, koʻnglimda yangi gʻoya, maqsad tugʻildi. Niyatim bir yarim milliard soʻm qarz olib 300 tonnalik qishloq xoʻjalik mahsulotlarini saqlaydigan ombor, mayizni qayta ishlaydigan uskuna xarid qilish. Kengash qoshidagi jamgʻarma hisobdan olsam foizi kam boʻlarkan, — deydi Parkent tumanidagi “Zarkent Sunnat Qoʻchqorov” fermer xoʻjaligi rahbari Jahongir Sunnatov.— 25 gektarlik uzumzoru 4 gektar gilos bogʻim bor. Aslida fermerlik menga bobom Sunnat Qoʻchqorovdan meros, juda barakali va tanti bogʻbon edilar. Shu bois butun kuchimni ajdodlarim boshlagan ishni yanada yuksaltirishga, qishlogʻimni tom maʼnoda Zarkentga aylantirishga intilyapman. Bu yil 76 tonna uzumni ichki va tashqi bozorlarga sotdim. Hozir 100 tonnalik omborimda 23 tonna sara uzumlarni saqlayapman. Yangi yil arafasida bu mahsulotning har kilosi 25 ming soʻmdan oshadi, eksportga chiqara olsam narxi ikki karra yuqori boʻladi. Mahsulotning bozor qiymati uzum pishgan mahal 10 ming soʻmga ham bormasdi. Ana sababli ham kattaroq omborlar qurib, mahsulotlarini qayta ishlashni yoʻlga qoʻymoqchiman.
Taʼkidlanishicha,Prezidentimizning 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-92-sonli qarori bilan “Yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasining 2025-yil 18-oktyabrdagi 7-sonli bayoniga asosan Oʻzbekiston fermerlari kengashiga - yosh fermerlarning muammolarini tizimli oʻrganish, ularga amaliy koʻmak berish va tadbirkorlik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash vazifasi yuklatilgan. Avvalroq esa Liberal-demokratik partiyaning saylovoldi dasturida yoshlar va yosh fermerlaru tadbirkorlarni qoʻllab quvvatlash belgilangan, shu asosda joylarda keng koʻlamli ishlar boshlanib ketgan edi.

Aslida yosh fermerlar uchun yangi loyihalar taqdim etayotgan mazkur anjumanning oʻtkazilishi ham Kengash raisi Adham Xaitov soʻzlari bilan aytganda, Prezident tashabbuslarining mantiqiy davomidir. Shu oʻrinda quyidagi raqamlarga eʼtibor qarating. Qisqa muddat ichida Kengash qoshidagi Yangiyoʻl oʻquv markazi va Lola Murotova nomidagi texnikumda 600 nafarga yaqin rahbar va mutaxassislar qayta tayyorlandi. Shu yilning birinchi yarmida tadbirkorlarga “Agrosubsidiya” tizimi orqali 242,6 mlrd soʻmlik subsidiyalar berildi. Fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi hisobidan 75 mlrd soʻm qoʻllab-quvvatlash mablagʻi yoʻnaltirildi. Shu tariqa respublikamiz boʻyicha 847,6 ming fuqaro, jumladan 126,1 ming xotin-qizning bandligi taʼminlandi.
Tadbirda yoshlar uchun moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari, innovatsion texnologiyalarni joriy etishning afzalliklari, fermer xoʻjaliklarida samaradorlikni oshirish masalalari haqida ham soʻz bordi. “Fermerlar maktabi” va agrobiznes boʻyicha taʼlim dasturlarini takomillashtirish, yosh fermerlarni oʻqitish, malakasini oshirish juda muhimligi ham taʼkidlandi. Shuningdek, forumga kelgan iqtidorli yosh tadbirkorlar oʻzaro fikr almashish, amaliyotdagi muammolarni muhokama qilish va yangi hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniga ega boʻldi. Faol yosh fermerlar va tadbirkorlar Kengashning tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida yosh fermerlar uchun tez kunlarda grant va investitsiya loyihalari boʻyicha tanlov eʼlon qilinishi ham maʼlum qilindi va bu ularning gʻoyalarini hayotga tatbiq etishda muhim qadam boʻladi.
Abdunabi Aliqulov,
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring