Yorugʻ kunlardan umidvor qiziltepaliklar

16:25 12 Iyun 2025 Jamiyat
211 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Qamashi tumanining Qiziltepa mahallasi hududdagi eng yirik aholi yashash manzillaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda bu yerdagi 760 ta xonadonda 4280 nafardan oshiq kishi istiqomat qilmoqda.

Mahalla markazini koʻpchilik Qiziltepa shaharchasi, deb atashadi. Mahalla “Gʻuzor-Shahrisabz” avtomobil yoʻlining boʻyida joylashgan. Tumanning togʻli qishloqlari, xususan, mashhur “Langar ota” ziyoratgohi, Maydanak observatoriyasiga olib boruvchi yoʻl ham shu mahalladan boshlanadi. Hududdagi aksariyat yoʻllarga asfalt yoki shagʻal qoplama yotqizilgan. Tuproq yoʻllarni uchratmaysiz.

Bu yerda shinamgina dehqon bozorchasi, oʻnlab savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud. Sakson besh nafar kishi tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqda. Yana bir qancha fuqarolar imtiyozli kredit olib, maʼlum bir sohada ishni yoʻlga qoʻyish orqali oʻzini-oʻzi band etgan.

— Farzandlar katta boʻlgach, ehtiyojlar ham ortib boradi, — deydi mahalla fuqarosi Dildora Aralova. — Turmush oʻrtogʻim xorijga borib ishladi. Topgani roʻzgʻorning kam-koʻstidan ortmas, doim yoniga oro kirsam derdim. Uch yil avval imtiyozli kredit olib, tomorqamizning 2 sotix qismida issiqxona qurdik. Bodring, pomidor ekdik. Issiqxonamizda hozircha isitish tizimi yoʻq. Lekin yopiq usulda ekishning oʻziyoq bozorga ancha ertachi mahsulot chiqarish imkonini beradi. Joriy yilda issiqxonamizga 450 tup pomidor koʻchatlarini ekdik. Apreldan bozorga mahsulot chiqara boshladik. Xomaki hisob-kitobiga koʻra, har bir tup pomidordan oʻrtacha 4-4,5 kilogrammdan hosil olyapmiz. Bu 450 tup ekindan qariyb 2 tonna hosil naqd degani.

Dastlabki tashabbusining foyda keltira boshlaganidan ruhlangan ayol joriy yilda farzandlari bilan yana 10 million soʻm imtiyozli kredit olib, gulchilikni yoʻlga qoʻydi. Hozir 30 dan ortiq turdagi hovli va xona gullarini yetishtirib, ichki bozorga yetkazib bermoqda.

— Mahallamizda 35 million soʻm imtiyozli kredit olib, ichimlik suvini qayta tozalash qurilmasini ishga tushirdik, — deydi shu mahallalik tadbirkor Jahongir Hayitov. — Hududlarda toza ichimlik suviga boʻlgan talab yuqori. Shundan kelib chiqib ichimlik suvini qayta ishlab, tozalash texnologiyasini xarid qildik. Hozir “Kitob-Qarshi” magistral suva quvuri orqali oʻtayotgan suvni suv tarqatish punktidan xarid qilib, qayta ishlaymiz. Belgilangan koʻrsatkichlar boʻyicha toʻliq tozalangan suv mijozlarga yetkazib berilmoqda. Ishni yangi boshlaganimizga qaramay, buyurtmalarimiz soni kun sayin ortib bormoqda.

Bir qaraganda Qiziltepada hamma ishlar joyidadek. Ammo bu yerda ham aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolar yetarlicha.

Mahalladagi xonadonlarning barchasi kamida 8 sotixdan tomorqaga ega, lekin oqar suv yoʻq. Imkonini topgan oilalar 100-120 metr chuqurlikdan yer osti suvini olib, ekin-tikin qiladi, ammo hamma ham buni eplay olmayapti. Agar hududga markazlashgan holda suv yetkarib berilsa, tomorqachilik gullab ketardi. Elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolar ham bisyor. Mahallada 84 ta oila hali ham rasman kambagʻallik maqomida.

Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi tegishli farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 30-noyabrdagi Majlis bayoniga asosan, Qiziltepa mahallasi ham “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturiga kiritilgan edi. Dasturga kiritilgan har bir mahallaga respublika idoralari rahbar yoki oʻrinbosarlari biriktirilib, ularning oldiga har oyda kamida bir marotaba oʻzi biriktirilgan mahallaga shaxsan kelib, bu yerdagi muammolarni oʻrganish, dastur doirasida ishlarni tashkil etish, muvofiqlashtirish va ijrosini taʼminlash boʻyicha aniq vazifalar qoʻyilgandi. Ammo Qiziltepada hali-hamon “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha bajariladigan ishlar rejasi tuzilgani yoʻq. Qiziltepaliklar Dastur boʻyicha katta ishlar amalga oshirilishini kutmoqda. Bu avvalo mahalladagi oilalar turmush-tarzining yanada farovonlashuvi, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер