Yormozor kovraklari jahon bozorida xaridorgir

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Fargʻonada kovrak yetishtirish uchun qulay iqlim sharoiti mavjud. Kovrak xalq tabobatida ham, farmatsevtika sanoatida ham juda qadrlanadi. Jahon bozorida oʻta xaridorgir. Yaqin-yaqingacha ushbu oʻsimlikdan hech qanday iqtisodiy manfaat koʻrilmas, nari borsa aholi oʻsimlik ildizini oʻz bilganicha kovlab olib, brakonyerlarga suvtekinga pullardi. Oqibatda yovvoyi holda oʻsadigan kovraklar ham tobora yoʻqolib borayotgandi.
Fargʻona shaharidagi “Yormozor” MFY hududida 3,5 gektar yerda kovrak yetishtirilmoqda. Bu yiliga oʻrtacha 2 tonna hosil olib, dunyoning 10 ga yaqin davlatiga eksport qilish imkoniyati berilmoqda. Mahalladagi hokim yordamchisi Bahodirjon Homidov tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan loyiha doirasida 65 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Ayni paytda loyihaning keyingi bosqichini amalga oshirish orqali ekin maydonlarini koʻpaytirib, yuqori daromadli ish oʻrinlarini kengaytirish maqsad qilingan.
— Korxonamiz asosan dorivor oʻsimliklar yetishtirish va eksport qilish bilan shugʻullanadi, — deydi “Vodil fermula farming” ICHK rahbari Sobirjon Sulaymonov. — Oʻtgan yildan boshlab Yormozorda kovrak yetishtirib, Hindiston, Xitoy, arab mamlakatlariga eksport qilyapmiz. Shu kunlarda Yevropa bozorining bu boradagi talab va ehtiyoji oʻrganilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad yaqin istiqbolda koʻhna qitʼaga kovrak eksportini yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.
Fargʻonada yaqin kelajakda maxsus plantatsiyalar tashkil etish va shu yerning oʻzida sanoat usulida qayta ishlash tarmoqlarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Aytish joiz, yer yuzida kovrakning 170 dan ortiq turi mavjud. Yurtimizda uning 50 ta turi uchraydi. Bu dorivor oʻsimlik farmatsevtika, oziq-ovqat va parfyumeriya sanoatida keng qoʻllanadi. U oshqozon-ichak, angina, bronxit, onkologik kasalliklar, nafas yoʻllari shamollashi kabi oʻnlab kasalliklarga tabiiy va shifobaxsh malham, samarali davo vositasi hisoblanadi.
— Yormozorda jahon bozorida xaridorgir “Kuhiston” kovragi parvarishlanmoqda, — deydi Dorivor oʻsimliklar yetishtirish boʻyicha mutaxassis Nurbek Begimqulov. — 3,5 gektar yerda 200 ming tup kovrak oʻsimligi oʻsmoqda. Iyun oyining oxiridan boshlab kuz fasligacha har tup kovrakdan oʻrtacha 10 grammdan hosil olinadi. Agrotexnikasi qiyin emas, kamsuvligi sababli kamxarj va serdaromad oʻsimlik sanaladi.
Kovrak koʻp yillik oʻsimlik boʻlib, oʻsish muhiti va ob-havo sharoitiga qarab 1,5-2 oy yashaydi. Kovrakning boʻyi 1,5-2 metrgacha, ildizi 15-20 santimetrgacha yetadi. Odatda dorivor mahsulot sifatida uning ildizi, bargi, poʻstlogʻi, guli, mevasi va boshqa qismlaridan tayyorlanadigan shirasi, kukuni, nastoykasidan va tabletka shaklida foydalaniladi. Asosan yelimi-ildizidan olinadigan shirasi tibbiyotda keng qoʻllanadi. Bahor faslida foydali vitaminlar, mikroelementlar oʻrnini toʻldirish orqali organizmni turli zararli xiltlardan tozalaydi, ruhiy tetiklik beradi.
Kovrak xalq tabobatida ham gʻoyatda foydali, dorivor oʻsimliklar sirasiga kiritilgan. Ibn Sino kovrakning buyrakdan tosh tushirish, psoriaz, ekzema, teri va jigarni tozalash hamda turli kasalliklarni davolashdagi foydali xususiyatlari haqida yozib qoldirgan. Sharq tabobatida asab tizimidagi buzilishlar, tutqanoq, bepushtlikni davolashda ham ishlatiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring