“Yashil makon”: Navoiy viloyatida koʻchat ekish ishlariga start berildi

15:07 17 Mart 2025 Jamiyat
140 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Navoiy viloyatining hududi 11 ming kvadrat kilometrdan oshiqroqni tashkil etib, uning sakson foizdan koʻprogʻi Qizilqum hissasiga toʻgʻri keladi. Tabiiyki, atrof-muhitni obodonlashtirish, yalt etgan imkoniyatni ishga solish lozimligini navoiyliklarga iqlim sharoitining oʻzi taqozo etmoqda. Shu bois “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahorgi koʻchat ekish ishlariga videoselektor koʻrinishida viloyatdagi barcha tumanlarda birvarakay start berildi.

— Bugunning oʻzida butun viloyat boʻyicha 9 mln.ga yaqin manzarali va mevali daraxtlar, jumladan 3 mln. tup saksovul, 2 mln. tup mevali, 4 mln. tup manzarali daraxt va gul koʻchatlari ekildi, — deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Zubayda Dushanova. — Har bir ekilgan koʻchat boshqarmamizning maxsus platformasida qayd etilib, jarayonlar esa raqamlashtiriladi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2024-yil 12-dekabrdagi “Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida hududdagi yirik sanoat korxonalari tomonidan oʻz “Yashil belbogʻ”larini tashkil etishga ham ommaviy kirishildi.

— Ushbu qarorga koʻra eng birinchi “Yashil belbogʻ”lar 2025-yil bahor va kuz mavsumidan boshlab Navoiy shahri va Karmana tumani markazi atrofidagi 300 gektarda — “Qizilqumsement” AJ, “Navoiyazot” AJ, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, Zarafshon shahri atrofida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, Uchquduq tumani markazi va Zafarobod qoʻrgʻoni atrofida “Navoiyuran” AJ tomonidan tashkil etiladi, — deydi viloyat hokimligining shoʻba mudiri Aziz Otaqulov. — Eng muhimi, “Yashil belbogʻ”larni tashkil etish loyihasida tejamkor doimiy suv taʼminoti manbalari majburiy ravishda nazarda tutilib, ekish ishlariga tashabbus asosida kompensatsiya toʻlovchi tashkilotlar, obodonlashtirish boʻlimlari, boshqa tashkilotlar va hududda yashovchi faol fuqarolar jalb qilinishi belgilangan. Yaʼni amaldagi qonunchilikka koʻra biz yuqorida qayd etgan korxonalar atrof-muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya toʻlovlari toʻlovchi tashkilotlar hisoblanadi.

Koʻchat ekish ishlari dolzarb 30 kunlik doirasida 30-martgacha davom etib, tajribali agronom mutaxassislar har bir shahar va tumanga safarbar etiladi. Ekish mavsumi tugashi bilan har bir hududga oʻrmon xoʻjaligi, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining tuman (shahar) inspeksiyalari inspektorlari hamda tegishli tashkilotlardan masʼullar biriktirilib, saqlash va parvarishlash ishlari amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер