“Yashil belbogʻ” suvtejamkor texnologiya asosida barpo etilmoqda

18:22 12 Mart 2025 Jamiyat
196 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Fargʻona halqa yoʻlining Namangan viloyati Pop tumanidan oʻtgan qismida 37 kilometr masofada “Yashil belbogʻ” barpo etishga kirishilgan. Ushbu hududda suv taqchil boʻlgani sababli maxsus texnikalar yordamida suv olib kelib sugʻorish ishlari amalga oshirilayotgan edi. Endilikda bu borada ortiqcha harakat va xarajatlarga chek qoʻyiladigan boʻldi.

Yaratilayotgan bogʻlarning viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasiga ajratilgan qismida koʻchatlar suvtejamkor texnologiya asosida oʻtqazila boshlandi. Namangan davlat pedagogika instituti Tabiiy fanlar kafedrasi dotsenti Mirzohid Qoriyev tomonidan ishlab chiqilgan ushbu agrotexnologiyani qoʻllanib, hududga 500 tup sadaqayragʻoch koʻchatlari oʻtqazildi.

— Kichik xandaqchalar va mulchalash usulini birgalikda qoʻllash asosida ishlab chiqilgan texnologiya suv chiqishi qiyin boʻlgan adirliklarda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan, — deydi loyiha muallifi M. Qoriyev. — Uning ahamiyatli tomoni shundaki, qish va bahor oylaridagi yogʻingarchilik taʼsirida tuproqda toʻplangan namlikni uzoq vaqt saqlab turish imkonini beradi. Bunda koʻchatlar hatto yozning jazirama kunlarida ham oʻta chanqab qolmaydi.

Yosh olim ishlab chiqqan agrotexnologiya hozirga qadar sabzavot va poliz ekinlari parvarishida qoʻllanib kelinayotgan edi. Endi u “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi mevali va manzarali bogʻlarni yaratishda ham amaliyotga joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер