Yaponiyada “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari boʻlib oʻtmoqda

13:31 18 Dekabr 2025 Jamiyat
663 0

Foto: Madaniyat vazirligi

Tokio shahridagi mingga yaqin oʻringa ega “Ginza” saroyida Yaponiyada “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarining ochilish marosimiga bagʻishlangan konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ushbu tadbirning ochilish marosimida nutq soʻzlab, bu nafaqat madaniy hayotimizdagi muhim voqea, balki Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi doʻstlik hamda oʻzaro hurmatga asoslangan aloqalarning yana bir yorqin ifodasi ekanini qayd etdi. Shuningdek, u Oʻzbekiston va Yaponiya xalqlarini qadimiy tarix, boy madaniyat, anʼanalarga sadoqat hamda kelajakka ishonch birlashtirib turishini taʼkidladi.

Foto: Madaniyat vazirligi

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida, jamiyat hayotining barcha sohalari rivojlanmoqda hamda Oʻzbekiston ochiq va zamonaviy davlat sifatida dunyoga yanada tanilib bormoqda. Madaniyat va sanʼat sohasiga qaratilayotgan alohida eʼtibor tufayli, milliy madaniyatni asrab-avaylash, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro madaniy aloqalarni kengaytirish davlat siyosatining muhim yoʻnalishiga aylangan. Bugungi «Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tadbiri ana shu siyosatning amaliy natijalaridan biridir» dedi Ozodbek Nazarbekov.

Vazir nutqi davomida ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar yildan yilga mustahkamlanib, siyosiy, iqtisodiy va, ayniqsa, madaniy sohalarda izchil rivojlanib borayotganini ham alohida qayd etdi.

Tadbirlarining ochilish marosimiga bagʻishlangan konsert dasturida, shuningdek, Oʻzbekistonning taniqli sanʼatkorlari ishtirokida konsert dasturi ham namoyish etildi.

Название
Название

Konsertda Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli xonandalari, “Tumor” raqs ansambli raqqosalari, “Nihol” mukofoti sovrindori Umid Isroilov, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq artisti Munojat Yoʻlchiyeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Ilyos Arabov, Oʻzbekiston xalq artisti Zulayxo Boyxonova, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Shaxnoza Yoqubjonova, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi madaniyat elchisi Mashu Komazaki, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abdurashid Yoʻldoshev, Oʻzbekiston xalq artisti Gulsanam Mamazoitova ishtirok etishdi.

Название
Название

Yaponiyadagi “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari doirasida sanʼat ustalari ishtirokida konsert dasturlari, fotokoʻrgazma hamda bir qator rasmiy uchrashuvlarning oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер