Yapon bog‘larining o‘ziga xosligi nimada?

21:02 28 Fevral 2025 Jamiyat
179 0

Kun chiqar mamlakat — Yaponiyaning ilm-fan va texnologiya borasida olamga dong‘i ketgani ko‘pchilikka ma’lum. Ammo bu yurtning bunyodkorlik sohasida yana bir olamshumul uslubi borki, unga butun dunyo aholisi havas bilan qaraydi. Bu — o‘ziga xos bog‘lar barpo etishdir.

Yaponlar insoniyat hordiq chiqarishi va tabiatdan zavqlanishi uchun bog‘-rog‘lar qurishda ularning dizayniga alohida e’tibor qaratadi. Ayni jihat — bog‘larni yapon andozasidek bunyod etish usul va uslublari bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab keng yoyilib boryapti.

Yapon bog‘lari andozasidagi yashil hududlarda inson o‘zini xotirjam va yengil his etadi, meditatsiya bilan shug‘ullangisi keladi. Shuning uchun bejiz bu bog‘lar “Osiyoning so‘lim go‘shasi” deb atalmaydi.

Xo‘sh, ularda bu g‘oya qachon paydo bo‘ldi? Ma’lumotlarga ko‘ra, miloddan avvalgi VI asrda buddizmning Yaponiyaga kirib kelishi ushbu qurilish uslubi ravnaq topishiga asos bo‘lgan. Boshida monastirlar va ibodatxonalarda o‘z qiyofasini, shaklu shamoyilini ko‘rsatgan bu uslub insonni tabiat bilan hamohang qilish, ichki dunyosini boyitish maqsadida hayotga ko‘chgan. Shu-shu, bugunga kelib yapon bog‘lari maftunkor arxitekturasi va landshaft dizayni bilan barchaning qalbini zabt etmoqda.

Keling, sizga yapon bog‘ini tasavvuringizga chizishda yordam beraman. Atrofingizdagi egatlar, kichik havzalardan jildirlab oqayotgan zilol suvlar sizga sokinlik baxsh etadi. Ular toshlarga urilib, tebranib, ovoz chiqaradi. Tomchilar suzib borib, bog‘dagi mevali daraxtlar, qarag‘aylar, palmalar, rayhonu atirgullarga va boshqa turfa o‘simliklarga qayta jon baxsh etadi, mehri bilan sug‘oradi. Daraxtlar panasida tana soyadan orom oladi, oftobining zarrin nurlaridan esa badan chiniqadi. Yo‘laklarini aytmaysizmi?! Undan yursangiz, bog‘ning turli burchaklaridagi ayricha manzaradan hang-mang bo‘lasiz! Go‘yoki u o‘z go‘zalligini sizning ruhiyatingizga tortiq qilish uchun avaylab turgandek!

Ayni kunlarda yapon bog‘lari andozasini jahonning mashhur shaharlari — Nyu-York, London, Sidney va boshqa joylarda uchratishingiz mumkin. Muhimi, bu ro‘yxatda O‘zbekiston ham bor. Azim poytaxtda “Yapon bog‘i” bunyod yetilgan. Demak, biz ham tabiat bilan suhbat qurishga, u bilan uyg‘unlashish baxtiga muyassarmiz!

Ziyoda ABDULLAYEVA,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер