Yangilangan Konstitutsiya – ortga qaytmas islohotlarning huquqiy kafolati

2023 yil 19 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya bilan hamkorlikda “Yangilangan Konstitutsiya – ortga qaytmas islohotlarning huquqiy kafolati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya a’zolari, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Konstitutsiyamizdagi ijtimoiy soha, ayniqsa, yoshlarga oid muhim o‘zgarish va yangiliklar haqida kengroq ma’lumotlar berildi. Konstitutsiya davlat va jamiyat, fuqaro o‘rtasida tuzilgan muhim shartnoma ekanligi, bu shartnoma ikki tomon talablariga mos bo‘lishi, har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi kerakligi qayd etildi.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning birinchi moddasidayoq O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinib, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ortdi. Masalan, har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, odamlarning hayotdan rozilik darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Bosh qomusimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qoidalar ham yanada takomillashtirildi. Jumladan, davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy hamda madaniy sohalar obyektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoit yaratishi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashishi, zarur axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlashi mustahkamlandi.
Shuningdek, yangilangan Konstitutsiyada har kim ishsizlikda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligi belgilab qo‘yildi. Pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamlar miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlandi.
Bu hozirning o‘zida 2 million 200 ming ehtiyojmand oilalar davlatdan kafolatli moddiy yordam oladi, degani. Bu – jami oilalarning 25 foiziga to‘g‘ri keladiki, ayni xarajatlar uchun har yili 11 trillion so‘m ajratiladi.
Tadbirda deputatlar Bosh qomusimizda Oila, bolalar va yoshlar uchun alohida bob ajratilganligini, Davlat yoshlarda qadriyatlarimizga sodiqlik, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllanishiga g‘amxo‘rlik qilishi belgilanganligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Shu bilan birga, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli bo‘lishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida kiritildi. Davlat shu orqali o‘z zimmasiga muhim majburiyatlarni olmoqdaki, mazkur normalar, nafaqat yoshlar manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning kelgusi taqdiri uchun muhimdir.
So‘z olganlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oliy ta’lim sohasiga ham alohida e’tibor qaratilgani, jumladan, oliy ta’lim muassasalari mustaqilligi, akademik va moliyaviy mustaqillik, ularning o‘quv dasturlarini belgilash masalalari, fuqarolarimiz tanlov asosida davlat hisobidan ta’lim olishi mumkinligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri belgilab qo‘yilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Ushbu moddalarning kiritilgani kelgusida ta’lim sifatini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Prezidentimizning “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, Yangi Konstitutsiyamizdagi normalardan kelib chiqqan holda, tegishli qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha oldinda turgan vazifalar belgilab olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring