Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammitida nutq soʻzladi

19:40 17 Iyun 2025 Siyosat
219 0

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelovich Toʻqayevga samimiy qabul va “Markaziy Osiyo – Xitoy” ikkinchi sammiti yuqori darajada tashkil etilgani uchun bildirilgan minnatdorlik soʻzlariga qoʻshilaman.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi hurmatli Si Szinpin janoblariga mintaqa davlatlari bilan doʻstlik va hamkorlikni mustahkamlashga qatʼiy sodiqligi uchun tashakkur aytaman.

Sizning “Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarini oʻzaro hurmat, oʻzaro ishonch va oʻzaro yordamga asoslangan koʻp asrlik doʻstlik va sheriklik rishtalari hamda yaqin aloqalarni oʻrnatish va yuqori sifatli hamkorlikni rivojlantirishga boʻlgan intilish bogʻlab turadi”, degan soʻzlaringizni toʻliq qoʻllab-quvvatlayman.

Yaqinda nishonlangan tavallud ayyomingiz munosabati bilan Sizning shaʼningizga bildirilgan samimiy qutlov va tilaklarga ham qoʻshilaman.

Siz dunyo miqyosidagi davlat arbobi va zamonamizning buyuk siyosatchisisiz.

Sizning chuqur oʻylangan siyosatingiz va mamlakatni modernizatsiya qilish boʻyicha islohotlaringiz tufayli Xitoy jadal rivojlanmoqda.

Siz uch mingdan ortiq islohot va oʻzgarishlarni amalga oshirdingiz, mamlakatda Xitoyga xos boʻlgan sotsializm qurish boʻyicha samarali siyosat olib borayapsiz.

Bugungi kunda Xitoy global texnologik va innovatsion taraqqiyotning drayveri sifatida olgʻa borib, butun Osiyo qitʼasining jadal rivojlanish jarayoniga yetakchilik qilmoqda.

Mintaqamizning barqaror taraqqiyotini aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish vositasida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha sizning faol saʼy-harakatlaringizni yuksak qadrlayman.

Hurmatli hamkasblar!

Bugungi uchrashuvimiz kun tartibi va tayyorlangan hujjatlarni, jumladan, Ostona deklaratsiyasini qoʻllab-quvvatlayman.

Choʻllanishdan ogohlantirish, taʼlim sohasida hamkorlik, kambagʻallikka qarshi kurashish boʻyicha qoʻshma markazlar, shuningdek, Markaziy Osiyo va Xitoy uzluksiz savdo platformasi ishga tushirilganini olqishlayman. Hech shubhasiz, bu mexanizmlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro amaliy hamkorlikni kengaytirishga imkon beradi. Oʻzbekiston bunday tuzilmalar faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishda faol ishtirok etish niyatida.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xitoy donishmandlari aytganlaridek: “Kimki doʻstlari bilan birga qadam tashlasa, uzoqqa boradi”.

Biz Siandagi ilk tarixiy sammitimizdan keyin jiddiy natijalarga erishdik. Yuqorida taʼkidlanganidek, hamkorlikni koʻp darajada muvofiqlashtirishni taʼminlaydigan Kotibiyat tuzildi.

Turli yoʻnalishlar boʻyicha vazirlar va ekspertlarning uchrashuv va yigʻilishlariga oid samarali mexanizmlar ishlamoqda, keng koʻlamli hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasi shakllantirilmoqda.

Tahlillar Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan umumiy savdo aylanmasi oʻsib borayotganini koʻrsatmoqda. Joriy yilda bu koʻrsatkich deyarli 100 milliard dollarga yetadi. Qoʻshma korxonalar va loyihalar soni esa 10 mingdan oshadi.

Bizningcha, bir tomondan, ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik makoniga aylangan Markaziy Osiyoning oʻzidagi chuqur transformatsiya jarayonlari, boshqa tomondan, Xitoy rahbariyatining qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va “Belbogʻ va yoʻl” global konsepsiyasini ilgari surishga qatʼiy sodiqligi ushbu formatdagi hamkorlikning rivojlanishiga imkon bermoqda.

Shu munosabat bilan koʻptomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasidagi oʻz qarashlarimizni bildirmoqchiman.

Bugungi uchrashuvimiz xalqaro vaziyat sezilarli darajada yomonlashib borayotgan sharoitda boʻlib oʻtmoqda. Yoʻqotish va talafotlarga sabab boʻladigan mojarolar yangidan alanga olmoqda, global va mintaqaviy darajadagi yirik davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonchsizlik kuchaymoqda.

Raqobatning ortishi keskinlikning zoʻrayishiga, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga yangi xavf va tahdidlar paydo boʻlishiga olib kelmoqda.

Nizoli xalqaro masalalar va ziddiyatli muammolarni hal qilish uchun kuch ishlatish vositalaridan foydalanish oʻzini oqlamaydi va bunga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi, deb hisoblaymiz.

Muhtaram Si Szinpin janoblari, Sizning davom etayotgan mojarolar va urushlarda hech qanday gʻoliblar boʻlmaydi, degan soʻzlaringizga toʻliq qoʻshilaman.

Barcha nizo va ziddiyatlar suverenitetni hurmat qilish, xalqaro huquq meʼyorlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti nizomi asosida faqat diplomatik saʼy-harakatlar yoʻli bilan – muzokaralar stolida hal etilishi shart.

Taʼkidlash kerakki, oldindan aytib boʻlmaydigan bunday sharoitda xalqaro munosabatlarning hozirgidan koʻra barqaror tizimlarini taʼminlash uchun mamlakatlarni birlashtirishga qodir boʻlgan mintaqaviy mexanizmlarning ahamiyati va roli oshmoqda.

Shu munosabat bilan bugun mamlakatlarimiz oʻrtasidagi Abadiy yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomaning qabul qilinishini tarixiy voqea, deb hisoblayman. Ushbu hujjat mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashga qoʻshgan umumiy hissamiz boʻlib qoladi. Shartnomani amaliy jihatdan mustahkamlashda aniq mexanizm va loyihalarni qamrab olgan Uzoq muddatli sheriklik konsepsiyasini qabul qilish muhim ahamiyatga ega.

Savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyasini amalga oshirishda kuchli lokomotiv boʻlib xizmat qilmoqda.

Birgina misolni keltirib oʻtaman.

Xitoyning ilgʻor tajribasi asosida bizning mamlakatimizda sanoat salohiyati va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, hududlarimizda yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan oʻnlab yirik loyihalar amalga oshirildi.

Taʼkidlayman: Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻsib borayotgan salohiyati va Xitoyning sanoat sohasidagi yetakchiligini birlashtirish bilimlar bilan almashish va texnologiyalar transferining samarali mexanizmlariga ega boʻlgan umumiy keng imkoniyatlar makoni paydo boʻlishiga olib kelishi lozim.

Ishonchim komil, yangi iqtisodiy sheriklik dasturining tezroq qabul qilinishi ushbu yoʻnalishda yana bir amaliy qadam boʻladi.

Ushbu dasturni aniq vazifalar bilan toʻldirish, oʻzaro savdo va investitsiyalarni kengaytirish boʻyicha loyihalar portfelini shakllantirish uchun mamlakatlarimiz bosh vazir oʻrinbosarlari darajasida Savdo va investitsiyalar boʻyicha mintaqalararo kengash taʼsis etishni taklif etaman. Uning birinchi uchrashuvini shu yilning oxiriga qadar Oʻzbekistonda oʻtkazishga tayyormiz.

Savdo aloqalarini ragʻbatlantirish maqsadida “Raqamli belbogʻ va yoʻl” doirasida “Raqamli Ipak yoʻli” koʻptomonlama savdo platformasini tashkil etish tarafdorimiz.

Toshkentda reglament va standartlarni yaqinlashtirish, Xitoy talablari boʻyicha eksport mahsulotlarini sertifikatlashtirish masalalari bilan shugʻullanadigan Sanoat standartlashtirish va sertifikatlashtirish mintaqaviy markazini yaratishni dolzarb ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Biznes, yetakchi tadqiqot institutlari va muhandislik markazlarini jalb etgan holda, texnologiyalar transferi boʻyicha alohida “yoʻl xaritasi”ni qabul qilishni taklif etaman.

Sanoat sohasidagi va infratuzilmaviy bogʻliqlikning kuchayishi mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish imkonini beradi. Shu maqsadda “Markaziy Osiyo – Xitoy” sanoat va infratuzilmaviy belbogʻini yaratishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishni taklif etaman.

Bu oʻrinda gap Xitoyning investitsiyalari, texnologik va ilmiy yechimlarini jalb etgan holda, oʻzaro bogʻliq sanoat klasterlari, texnoparklar va logistika xablari tizimini yaratish haqida bormoqda.

Bundan tashqari, energetika vazirlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy energetika tizimlarini bogʻlash, jumladan, yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish boʻyicha mega-loyihalarni amalga oshirish masalalarini diqqat bilan oʻrganishlari lozim.

Mintaqaviy ahamiyatga ega boʻlgan yirik loyihalarni qoʻllab-quvvatlashga qodir boʻlgan samarali moliyaviy vositalarni joriy etish masalasi alohida dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Qayd etmoqchimanki, bugungi kunda amalda boʻlgan xalqaro mexanizmlar, hech shubhasiz, muhim rol oʻynamoqda, ammo mintaqaning investitsiyaga boʻlgan talabini toʻliq qoplay olmayapti.

Ekspertlarning xulosasiga koʻra, Markaziy Osiyoni infratuzilmaviy rivojlantirishda kapital qoʻyilmalar taqchilligi bir necha yuz milliard dollar deb baholanmoqda.

Shu munosabat bilan infratuzilmalarga oid tashabbuslarni ilgari surishda samarali platformaga aylanishi mumkin boʻlgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” taraqqiyot jamgʻarmasini taʼsis etish imkoniyatlarini koʻrib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Markaziy Osiyo va Xitoyning transport sohasidagi oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish yana bir ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” temir yoʻli qurilishi boshlanganini Yevroosiyo makonida yangi transport va tranzit kommunikatsiyalari tizimining muhim elementi, deb hisoblaymiz.

Barcha mamlakatlarimiz uchun keng imkoniyatlar ochadigan va Xitoyni mintaqamiz orqali Janubiy Osiyo bilan bogʻlash imkonini beradigan Transafgʻon temir yoʻl magistrali loyihasi amalga oshirilishining qoʻllab-quvvatlanishiga umid qilamiz.

Ushbu strategik soha istiqboliga oid umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun transport idoralarimizga dala tadqiqotlarini olib borish, logistika infratuzilmasini modernizatsiya qilish imkoniyatlarini oʻrganish, muqobil yoʻlaklar boʻyicha yuklarni tashish borasida sinov tariqasidagi loyihalarini amalga oshirish uchun ekspertlar guruhlarini shakllantirish yuzasidan topshiriq berishimiz zarur, deb hisoblayman.

Ular faoliyatining natijalari boʻyicha keyingi uchrashuvimizgacha transport yoʻlaklari va zamonaviy tranzit infratuzilmalarining yagona xaritasini shakllantirish uchun aniq va asoslangan takliflar ishlab chiqilishi lozim.

Mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyotiga jiddiy tahdidlardan yana biri – bu iqlim oʻzgarishlari oqibatlaridir.

Ishonchim komil, mintaqada Xitoyning ilgʻor tajribasini keng joriy etish xatarlarni kamaytirish, “yashil” kun tartibi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi chora-tadbirlar samaradorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan 2030-yilgacha moʻljallangan “Yashil” rivojlanish dasturini qabul qilish va uni amalga oshirishga imkon qadar tezroq kirishish muhimdir.

Choʻllanishga qarshi kurashish, degradatsiyaga uchragan yerlarni qayta tiklash, qurgʻoqchil va choʻl hududlarda bioekologik barqarorlikni oshirish sohasida muloqot va sheriklik uchun bizning formatda Ekologik alyansni tuzishni taklif etaman.

Qayd etmoqchimanki, Xitoy tajribasi va uslubidan foydalangan holda, biz mintaqada kompleks koʻkalamzorlashtirish va pitomniklar yaratish, biomuhandislik, biomonitoring stansiyalarini rivojlantirishni, shuningdek, ijtimoiy-taʼlim dasturlarini qamrab olgan sinov tariqasidagi loyihalarni amalga oshirishimiz mumkin.

Sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik imkoniyatlariga alohida toʻxtalishni istar edim. Aynan ushbu yoʻnalishlar bugungi kunda milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini belgilab, uzoq muddatli oʻsishning drayveri boʻlmoqda.

Xitoy intellektual tizimlar rivojlanishida yetakchilik qilib, ushbu yoʻnalishda anʼanaviy ravishda yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.

Ishonchim komilki, sunʼiy intellekt va choklanmagan, transchegaraviy elektron kanallar asosida ishlaydigan katta maʼlumotlar bazalari va protsessing markazlarining Oʻzaro integratsiyalashgan banklar tarmogʻini yaratish iqtisodiy hamkorlikning barqaror raqamli infratuzilmasini shakllantirish imkonini beradi.

Asosiy energetika va transport yoʻnalishlari boʻylab “Markaziy Osiyo – Xitoy” optik tolali aloqa tarmogʻining raqamli trassasini barpo etish zarur, deb hisoblaymiz.

Bu onlayn savdo, “aqlli” logistika, bulutli texnologiyalar va sunʼiy intellekt – Sian deklaratsiyasida oʻz ifodasini topgan raqamli kun tartibining barcha yoʻnalishlarini yanada rivojlantirish uchun asos yaratadi.

Xalqlarimizning bir-birining madaniyatini oʻzaro boyitish va yaqinlashishga boʻlgan umumiy intilishi – bu bizning bebaho boyligimizdir. Madaniyatlar rang-barangligini hurmat qilish tamoyiliga tayangan holda, bizning hamkorligimiz millionlab insonlar uchun madaniy almashuv yoʻlida yangi imkoniyatlarni ochmoqda.

Bugun qabul qilinayotgan Oʻzaro tashriflarni yengillashtirish boʻyicha tashabbus va Madaniy-gumanitar tadbirlar dasturi aynan shu maqsadlarga qaratilgan.

“Ipak yoʻli madaniy merosi” yagona raqamli portalini yaratishni taklif etamiz.

U Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoyning tarixiy-madaniy resurslarini, ulardan tadqiqotchilar, talabalar, sayyohlar va kreativ sanoat vakillarining foydalanishiga imkon bergan holda, birlashtiradi.

Professional taʼlim sohasida hamkorlik dasturlarini ishlab chiqish, universitetlar rektorlari forumlarini oʻtkazish, ilmiy akademiyalar va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari uchrashuvlarini tashkil etish orqali umumiy ilmiy-taʼlim platformalarini shakllantirish maqsadga muvofiq.

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik hal qiluvchi ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib qolishi kerak. Maxsus xizmatlar va xavfsizlik kengashlari yoʻnalishida terrorizm, ekstremizm, radikalizm, narkotrafik, noqonuniy migratsiya va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha axborot almashishning koʻptomonlama ishchi mexanizmlarini yoʻlga qoʻyishni taklif etaman.

Biz uchun nafaqat qoʻshni, balki umumiy tarixiy-madaniy va iqtisodiy makonimizning ajralmas qismi boʻlgan Afgʻoniston muammolariga xalqaro hamjamiyat eʼtiborining pasayishi jiddiy tashvish uygʻotmoqda.

Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari Afgʻonistonning hamkorlik boʻyicha boy tajribaga ega boʻlgan anʼanaviy sheriklari sifatida uning qayta tiklanishi va mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etilishiga koʻmaklashish uchun barcha imkoniyatlarga ega, deb hisoblayman.

Shu munosabat bilan formatimiz doirasida ushbu masalalarni koʻrib chiqish boʻyicha yuqori darajadagi guruh taʼsis etishni va uning uchrashuvini Afgʻoniston vakillari ishtirokida chegaradosh Termizda oʻtkazishni taklif etaman.

Hurmatli hamkasblar!

Fursatdan foydalanib, Xitoy Xalq Respublikasi vakili Sun Veydun janoblariga muloqotimizning doimiy faoliyat yurituvchi Kotibiyati bosh kotibi lavozimidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilayman.

Soʻzimning yakunida Oʻzbekiston ochiq muloqotga, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi pragmatik va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga sodiq ekanini taʼkidlayman. Ishonchim komilki, bunday sheriklik mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?