Yangi Uygʻonish davri poydevorini yaratishda mustahkam tayanch

15:41 27 Dekabr 2023 Jamiyat
1420 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Prezidentimiz raisligida shu yil 22-dekabr kuni oʻtkazilgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishi maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi tarixiy tadbirlardan biri boʻlib qolishiga shubha yoʻq. Unda davlatimiz rahbari maʼnaviyat, maʼrifat, madaniyat, sanʼat va ijod sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini muhokama qilib, kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Prezidentimiz yangi Oʻzbekistonni bunyod etish, uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi keng koʻlamli ishlarda aynan maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarni yanada kengaytirishga urgʻu qaratayotgani bejiz emas. Binobarin, maʼnaviy asoslarsiz, azaliy qadriyatlarsiz, maʼnaviy-milliy ruhsiz hech bir davlat oʻzining yuksak maqsadlariga erisha olmaydi.

Maʼnaviy-maʼrifiy islohotlarda muhim bosqich
Shonli tariximizda buyuk ajdodlarimiz ijodi va ilmiy salohiyati tufayli ikki marta kuzatilgan Renessans hodisasining negiziga nazar tashlaydigan boʻlsak, har safar iqtisodiy taraqqiyot va maʼnaviy-ruhiy rivojlanish uygʻun kechganini koʻramiz.

Darhaqiqat, har bir xalq, avvalo, maʼnaviy saviyasi, intellektual salohiyati, hamjihatligi bilan qudrat kasb etadi va bugungi murakkab sharoitda dunyo sahnidan oʻziga munosib joy egallay oladi.

Nega bu masalalarga Yangi yil arafasida urgʻu berilib, ularga jamoatchilik eʼtibori tortildi? Davlatimiz rahbarining yigʻilishda bildirgan fikr-mulohazalari, ilgari surgan hayotbaxsh tashabbuslari, mutasaddilarga belgilab bergan vazifalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, xalqimiz yangi orzu-umidlar, yangi rejalar bilan qadam qoʻyayotgan kelgusi yilda asosiy maqsad-muddaolarimizdan biri — xalqimizning maʼnaviy yuksalishi, madaniy va maʼrifiy salohiyatining yanada kuchayishi, birdamligi, jipsligi, ruhiyati, irodasining toblanishi yangi bosqichga koʻtariladi.

Afsuski, bugun biz bilimsizlik, loqaydlik, masʼuliyatni his etmaslik holatlariga iqtisodiyot sohasida ham, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat tizimida ham, qoʻyingki, hayotimizning barcha jabhasida duch kelyapmiz va bu illat bamisoli qoʻl-oyogʻimizga kishan boʻlib turibdi. Bu kishandan xalos boʻlmasdan turib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan koʻzlangan natijaga erishish mushkul.

Maʼlumki, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar toʻqnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga, kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy oʻzlik, maʼnaviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortmoqda. Faqat oʻzini oʻylash, xudbinlik, mehnatga, oilaga yengil qarash, isteʼmolchilik kayfiyati turli yoʻllar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustomonlik bilan singdirilyapti. Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiberjinoyatchilik, odam savdosi, narkotrafik kabi tahdidlar xavfi oshib bormoqda. Baʼzi hududlarda atayin beqarorlik yuzaga keltirilib, norozilik kayfiyati avj oldirilmoqda.

Bunday tahlikali vaziyatda hushyor va ogoh boʻlib, xalqimizning tinchligi, mamlakatimiz manfaatlari uchun kurashib yashash kerak. Buning uchun esa yurtimiz ilm-fan, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyatda har doimgidanda kuchli boʻlishi shart.

Davlatimiz rahbari buning uchun, avvalo, mustahkam iqtisodiy asoslar kerakligini taʼkidlab, shu borada amalga oshirilayotgan ishlarni keltirib oʻtdi. Ushbu iqtisodiy asos natijasida bu yil ijtimoiy sohaga eng koʻp — 134 trillion soʻm mablagʻ ajratildi. Bu — 2016-yildagiga solishtirganda 5,6 barobar ziyod, demakdir.

Jadidlar merosiga yangicha yondashuv
Hech bir qaror bejiz qabul qilinmaydi. Zero, bugun jahon miqyosida taraqqiyot surʼatlari shiddatli tus olgani, shu bilan birga, insonlar ongu qalbiga qaratilgan axborot xurujlari, baʼzi davlatlar oʻrtasidagi ziddiyatli jarayonlarning kuchaygan taʼsiri mamlakatimizda ham sezilayotir.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari — uygʻoq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, sanʼat namoyandalari, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqani tarixdan maʼlum. Mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi Gʻarb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadr­lar suv bilan havodek zarur.

Yigʻilishda maʼrifatparvar bobolar gʻoyalarini oʻrganish va rivojlantirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilinishi belgilandi. Shuningdek, Buxorodagi tarixiy maskanda Jadidlar merosi davlat muzeyi ochiladi, “Jadid” nomli yangi gazeta tashkil etiladi. Bu bejiz emas. Bugun yoshlarimizga ibrat boʻladigan ota-bobolarimizning jasoratli yoʻlini ochib beruvchi qoʻllanmalar juda kerak.

Jadid bobolarimiz yurtimizni ozod etishga, qoloqlikdan olib chiqib, hamma sohani rivojlantirishga bor vujudini bagʻishlagan. Va buning badalini oʻz jonlari bilan toʻlagan. Biz bugungi mustaqillik, tinchlik, erkinlik sharoitida ularni eslashimiz, eʼzozlashimiz ham qarz, ham farz. Quvonarlisi, bugun yurtimizda jadidlar muzeylari tashkil etilyapti, ularning kitoblari nashr qilinmoqda, nohaq ayblangan ajdodlarimizning koʻpchiligi sudlar tomonidan oqlanyapti. Lekin shu bilangina asosiy maqsadlarga yetib boʻlmaydi. Maʼrifatparvar bobolarimiz gʻoyalarini ongu qalbga yanada chuqur singdirish, bu insonlarga nisbatan bugungi avlodlarda hurmat-ehtiromni yanada kuchaytirish zarur. Prezidentimiz buning uchun qatagʻon qurbonlari tugʻilib oʻsgan yoki bugun avlodlari yashayotgan uyga, mahallaga, oʻsha yerdagi maktabga ularning nomlarini yozib qoʻyish taklifini koʻtardi. Fikrimizcha, bu ham savobli, ham ibratli ish boʻladi. Ular har birining hayoti — qahramonlik. Biz buni oʻrganib, targʻib qilib, yoshlarimizga yetkazishimiz lozimligini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi.

Yigʻilishda mutasaddilarga jadid bobolarimiz tarixini oʻrganayotgan tadqiqotchilar uchun maqsadli grantlar ajratish, ular haqida hujjatli va badiiy filmlar olish, matbuot va internet nashrlarida materiallar chop etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Nega? Chunki xalqimiz u davrni yaxshi bilishi, ajdodlarimiz jasoratidan faxrlanishi kerak. Yoshlar “Bizning bobolarimiz istiqlol orzusida kurashgan, oʻzini ayamagan, biz mustaqillik uchun nima qilyapmiz?» deb oʻziga savol berishi zarur. Mustaqillikning mustahkam zamini nima oʻzi? Avvalo — vatanparvarlik, bilim, maʼnaviyat. Shundan kelib chiqib, Prezidentimiz jamiyatimizda ana shunday vatanparvarlik, shukronalik ruhini kuchaytirishga daʼvat etmoqda.

Davlatimiz rahbarining jadidlar fao­liyatini oʻrganish, ularning ezgu gʻoyalarini zamonamizga mos holda davom ettirish borasidagi fikrlari ayni masalada barchamizga dasturilamal boʻlib kelayotir. Jumladan, 2020-yil boshida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shunday degandi: “Biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

XX asr boshlarida Markaziy Osiyo va Kavkazning markaziy shaharlari hamda Qozonda yuzlab ziyolilar xurofot va chor Rossiyasining istibdodidan qoloq ahvolga tushib qolgan oʻz xalqlarining ijtimoiy-madaniy turmushini, ong-saviyasini koʻtarish, taraqqiy ettirish maqsadida nihoyatda katta maʼrifatchilik ishlarini olib bordi. Ular Yevropacha usuldagi teatr toʻgaraklari tuzdi, turli gazeta va jurnallar chop etdi. Teatr tomoshalari va matbuotdan tushgan mablagʻlarga dunyoviy ilmlarni oʻqitadigan “usuli jadid”, yaʼni yangicha, ilgʻor usuldagi maktablar ochdi va bu maktablarda mahalliy xalq bolalarini oʻqitdi. Jadidlar oʻz millatdoshlaridan yetuk olimlar, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarining zamonaviy, bilimdon mutaxassislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, yurtni obod, Vatanni ozod, farovon etishlarini orzu qildi va shu yoʻlda fidoyilik koʻrsatdi.

Maʼrifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimizning emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi eksponatlar bilan toʻldirish, ijod maktablari tashkil etish boʻyicha koʻp ishlar qilinyapti. Bularning hammasi odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish, qolaversa, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun zarur.

Turkiston maʼrifatchiligi ilk davridan farqli oʻlaroq faqat feodal tuzum asoslarini ilm-fan, maʼrifat orqali oʻzgartirish, ayrim yangiliklarni joriy etish va shu yoʻl bilan rivojlanishni maqsad qilibgina qolmadi, balki bu ishlarni jadal amaliy izga solib, chirkin urf-odatlar, bidʼatlarga qarshi ochiq kurash olib bordi.

Jahon “maʼrifatchilik davrlari” tajribasidan maʼlumki, maʼrifatchilikning eng birlamchi asosi feodal qoloqlik va diniy mutaassiblikning inkor etilishi, jamiyatda erkin, adolatli, madaniy munosabatlarning shakllanmogʻidan iborat. Bu yoʻldagi eng asosiy vazifa jamiyat aʼzolarining ongini qayta qurish, tushuncha va tasavvurlarini oʻzgartirishdir. Buni amalga oshirishning asosiy sharti — ilm-fan, turli dunyoviy bilimlar tarqatish. Jadid maʼrifatchilari xuddi shu yoʻldan bordi.

Afsuski, bugungi kunimizda ham diniy eʼtiqod niqobi ostida yoshlarni maʼrifatga emas, jaholatga undayotgan kishilar paydo boʻlmoqda.

Yigʻilishda baʼzi guruhlar orasida diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi qoʻyish, dunyoviy qadriyatlarni harom deb bilish holatlari uchrayotgani qayd etildi. Prezident bu oʻrinda Ibrat domlaning “Ulamo gʻayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli soʻzlarini yodga oldi. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz maʼnaviyat targʻibotchisi boʻlishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerakligi aytildi.

Haqiqatan ham, jadid bobolarimizning erkparvarligi, vatanparvarligi, yurt ertasi uchun kuyib-yonishi, yangilikka intilishidan xulosalar chiqarishimiz, maʼnaviyatni ulardan oʻrganishimiz lozim. Maʼnaviyatsiz yangi Oʻzbekistonni ham, uchinchi Renessansni ham barpo etish mushkul ekanini anglash davri keldi.

Fikrsizlik — maʼnaviy qaramlik
Maʼnaviyat kishilarni fikriy va maʼnaviy mudroqlikdan qutqaradi, buni inkor qilolmaymiz. Ayrim odamlarda jamiyatda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni tahlil eta olish koʻnikmasi mavjud emasligini, bu esa ularda yuz berayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini teran anglashga xalaqit qilayotganini sezish mumkin. Nazarimizda, bu narsa oʻsha odamlardagi fikrsizlik tufayli sodir boʻlyapti.

Fikrlash — insonga xos xususiyat. Har bir shaxs fikrlaydi, yoni-beridagi voqea-hodisalarga baho beradi, oʻz faoliyatini belgilaydi, xulosa chiqaradi. Qisqacha aytganda, inson fikrlay olishi bilan boshqa jonzotlardan farqlanadi. Fikrsiz insonni, odatda, hissiyot boshqaradi. Bu esa boshqalarning oʻsha insonni ortidan ergashtirishiga, boshqarishiga sharoit yaratadi.

Fikrsizlik va maʼnaviy qaramlik — kishilar tafakkuri ustidan muayyan gʻoyalarning hukmron mavqega egaligini, insonning sodir boʻlayotgan voqealar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni mustaqil baholash imkoniyatidan mahrum boʻlganini ifodalaydigan tushuncha hisoblanadi. Fikrsizlik insonni tafakkur qulligiga olib boradi. Maʼnaviyat oʻsha fikrsizlik holatini bartaraf etadigan kuchdir.

Bugungi kunda ayrim kishilarda “ommaviy madaniyat”ni koʻr-koʻrona qabul qilish, olomonlik kayfiyati, johillik koʻzga tashlanayotgani ham fikrsizlik natijasidir. Bu holatni maʼnaviy oʻlim, deyish mumkin. Maʼnaviyat kishida oʻzini oʻzi boshqarish koʻnikmasini shakllantiradi, tanqidiy tahlil qilish uchun keng imkoniyat yaratadi. Davlatimiz rahbari bugun jamiyatni, xalqni, yoshlarni uygʻotish orqali Oʻzbekistonning dunyodagi oʻrnini mustahkamlashni, tenglar ichra teng boʻlishimizni, mamlakatni farovon, qudratli kuchga aylantirishni koʻzlayapti.

Shu maʼnoda, biz bugun uchinchi Renessans poydevorini qurishga kirishar ekanmiz, uning ikki muhim jihati — yoshlarda mantiqiy fikrlash va yuksak axloqiy sifatlarni shakllantirishga eʼtibor berishimiz juda muhim. Qotib qolgan eski fikrlar, bir qolipdagi qarashlar, kimningdir nuqtai nazari asosida qabul qilingan xulosalar aslida maʼnaviy mudroqlikdan boshqa narsa emas.

Bugun yurtimizda mazkur muammolarni bartaraf etish uchun barcha shart-sharoit mavjud. Jumladan, bu boradagi ishlarga moddiy tayanch yaratish maqsadida Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Har bir masalani ilmiy yondashgan holda hal qilish uchun Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti tashkil etildi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tizimidagi xodimlar soni ikki karra oshirildi, ularni moddiy ragʻbatlantirish choralari koʻrildi. “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonun imzolangani soha rivojida muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Umuman, madaniyat va sanʼat sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi 2017-yildagiga nisbatan 5 karra oshib, 2023-yilda bu maqsadlar uchun 712 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirildi.

Bugun milliy qadriyatlarimizni, azaliy anʼanalarimizni, ota-bobolarimizning oʻlmas merosini nafaqat mamlakatimiz yoshlari oʻrtasida, balki dunyo miqyosida ham targʻib etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Maqom, baxshichilik, hunarmandchilik, “Lazgi” raqsi targʻibotiga bagʻishlangan xalqaro festivallar muntazam oʻtkazilayotgani, xorijiy mamlakatlarda, jumladan, qoʻshni davlatlarda “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” uyushtirib kelinayotgani soʻzlarimiz isboti.

Amalga oshirilayotgan ishlar oʻz mevasini bermoqda. Xalqimizning madaniy boyliklari dunyo xalqlari, xalqaro tashkilotlar, ekspert va mutaxassislar eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Xususan, keyingi yillarda yana 9 ta milliy merosimiz namunasi YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga, Buxoro shahri esa “Ijodkor shaharlar tarmogʻi”ga kiritilganini taʼkidlash lozim.

Bularning barchasi islohotlar, ochiqlik va pragmatizmga asoslangan siyosat natijasidir. Bu hali hammasi emas. Hozirgi kunda targʻibotning eng samarali tarmoqlaridan biri kino sanʼati rivojiga davlat siyosati darajasida ahamiyat qaratilyapti. Shu tufayli chinakam sanʼat asarlari yaratilyapti. Jumladan, buyuk sarkarda va ulugʻ allomalarimiz haqida tarixiy filmlar suratga olindi. Qariyb chorak asrdan keyin Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi.

Bedor qalb egalari
Ijodkorlar umrboqiy asarlar yaratibgina qolmay, barcha makon va zamonda el-yurt taqdiri uchun doim kuyunib, yonib yashagan, oʻzgalar dardini oʻziniki deb bilgan. Ularni bejiz “Bedor qalb egalari” deyishmaydi. Mamlakatimizda ana shunday iqtidor sohiblari hamisha eʼtibor va eʼzoz ogʻushida. Chunonchi, keyingi yillarda poytaxtimizda Adiblar xiyoboni, Yozuvchilar uyushmasining muhtasham binosi, hududlarda yangi ijod uylari qurildi. Samarali ijod qilayotgan adiblar imtiyozli asosda uy-joylar bilan taʼminlanmoqda. Atoqli ijodkorlarimizning tavallud sanalari nishonlanyapti. Yosh isteʼdodlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Zomin seminari qayta tiklandi.

Davlat rahbaridagi shijoat, matonat va tashabbuskorlik maʼnaviyat masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda ham yana bir karra namoyon boʻldi. Avvalo, maʼnaviyat va madaniyat sohasi uchun metodik asos boʻlib xizmat qiladigan milliy gʻoyamizni rivojlantirish boʻyicha alohida dasturiy hujjat ishlab chiqish lozimligi taʼkidlandi. Chunki milliy gʻoya va maʼnaviyat bizga insonni axloqiy tubanlikdan qutqarish uchun zarur.

Darvoqe, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy va texnologik taraqqiyotning yuksak choʻqqisiga koʻtarilgan Gʻarb tamadduni yangi ming yillikning boshiga kelib, tarixiy rivojlanishning gʻoyat ziddiyatli va murakkab bosqichini boshidan kechirayotgani, bunda azaliy qadriyatlar oʻrnini faqat shaxsiy manfaat, aysh-ishrat, huzur-halovat mayllariga yoʻgʻrilgan yangi axloq va eʼtiqod egallayotgani, jamiyatning maʼnaviy asoslari yemirilayotgani koʻzga yaqqol tashlanmoqda. Bugun oʻz axloqiy qadriyatlariga, milliy anʼanalariga befarqlik bilan qarayotgan har qanday davlat yoki millat — xoh u katta boʻlsin, xoh kichik — xuddi chirmovuqdek oʻrab kelayot­gan mafkuraviy tahdidlar, gʻoyasizliklar oldida ojiz boʻlib qolmoqda.

Shu bois bugun mamlakatimizda milliyligimizga mutlaqo begona boʻlgan zararli gʻoyalar, tushuncha va qarashlardan — chegarani buzmasdan, bildirmasdan, xonadonimizga, jamiyatimizga, eng yomoni, murgʻak bolalarimizning pokiza qalbi va yuragiga kirib kelayotgan tahdidlardan himoyalanish jamiyatning asosiy vazifasiga aylanishi kerakligi taʼkidlanmoqda.

Taassufki, oʻzini ziyoli deb biluvchi ayrim kimsalar bugun odamlarni yaxshilikka boshlash, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sogʻlom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi bilan shugʻullanish, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash oʻrniga baʼzi hollarda oʻzlari nafsini jilovlay olmasdan, keraksiz sarf-xarajatlarga, ortiqcha dabdababozlikka ruju qoʻyayotgani sir emas. Vaholanki, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlarga muqaddas dinimiz faqat nurli hayotga, ilm-maʼrifatga, yaxshilikka undashini, hech qachon xunrezlik, qotillik, zoʻravonlikka chaqirmasligini tushuntirish ana shunday insonlarning vazifasidir.

Foto: “Xalq soʻzi”

Taʼlim-tarbiyadagi oqsash, noʻnoqlik oqibati
Biz dunyoviy davlat qurayotgan boʻlsakda, baʼzan hayotda Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organida roʻyxatdan oʻtmasdan, yashirincha sharʼiy nikoh oʻqitish, xotin ustiga xotin olish holatlari ham, ming afsuski, uchrab turibdi. Bugun ijtimoiy munosabatlar nuqtayi nazaridan kundoshlik, qoʻshxotinlik balosi qanday xunuk oqibatlarga olib kelishi barchamizni tashvishga solishi kerak. Axir tegishli davlat idorasida qonuniy qayd etilmagan “nikoh”dan tugʻilgan farzandlarning taqdiri, kelajagi ertaga nima boʻladi? Bunday bolalar ruhan majruh boʻlib, turli maʼnaviy nuqsonlar bilan voyaga yetadi. Ular oʻzini jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi deb his qilolmaydi.

Toʻy-maʼrakalarimizni tartibga solish haqida ham koʻp gapiramiz. Bu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi. Jadid bobolarimiz ham toʻy-maʼrakalardagi isrofgarchilik, dabdababozlik, maqtanchoqlik millatimizni maʼnaviy tanazzulga yetaklaydigan illat ekani haqida qanday kuyunib oʻtganlarini yaxshi bilamiz. Ochigʻini aytadigan boʻlsak, toʻy-hashamlar bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki hayotiga, sogʻligʻiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bugun hayotimizda koʻpayib borayotgan oilaviy mojarolar, urush-janjal va ajralishlar, qudalar oʻrtasidagi sovuqchilik sabablari ham aksariyat hollarda xuddi shu narsaga borib taqaladi. Eng yomoni, pul topib aql topmagan, maʼnaviy saviyasi past ayrim kimsalar toʻy-hashamlar, maʼrakalarni oʻtkazish boʻyicha musobaqa oʻynab, turli-tuman yangi odatlarni oʻylab topyapti. Bularni eshitib, baʼzan odam hayratdan yoqa ushlaydi.

Qiz bolalarning oʻqishi va kasb-hunar egallashi jamiyat rivojida muhim ekani ayon. Biroq baʼzi oilalarda hali ham qiz farzandning oliy taʼlim olishiga panja orasidan qarash ustuvor. Axir ertaga ular ona boʻladi, kelgusi avlodlarimizni tarbiyalaydi. Yurtimizda xotin-qizlarning oliygohlarda oʻqishi uchun keng qulayliklar yaratilayotgani ham shundan. Va bu oʻz samarasini berishi, shubhasiz. Oʻqimishli, ziyoli onalarning farzandlari ham bilimdon, oqu qorani taniydigan, maʼnaviyatli insonlar boʻlib yetishadi, millatimiz chirogʻi boʻladi.

Navqiron avlodga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik bois bugun buyuk ajdodlarimizning munosib merosxoʻrlari, izdoshlari yetishib kelayotir. Ular jahonning ilm-fan, madaniyat va sport maydonlarida Vatanimiz nufuzini oshirishdek sharafli vazifani ado etmoqlari lozim. Ana shu yuksak ehtiromga sazovor ishlarni faqat va faqat metin irodali, shijoatli va albatta, maʼnaviyati boy yoshlargina bajara oladi. Jahon ilm-fan, madaniyat, sport musobaqalariga chiqqan har bir yigit-qiz koʻzi oldida, avvalo, oʻz ona Vatani, uning muqaddas tuprogʻi, jondan aziz qishlogʻi, mahallasi tursa, ular ota-onasi, ustozlari ishonchini oqlash masʼuliyatini his etsa, shubha yoʻqki, yuksak natijalarga erisha oladi. Zero, bu maʼnaviyat kuchi, qudratidir.

Biroq, tan olishimiz kerak, yoshlarimizning barchasini ham ana shunday salohiyatga, saodatga musharraf deb boʻlmaydi. Bu taʼlim-tarbiyadagi oqsash, noʻnoqlik oqibatidir. Ayrim yigit-qizlardagi befarqlik, dangasalik, ishyoqmaslik, huzur-halovatni afzal bilish, kibr, qonunlarga, qoida-meʼyorlarga amal qilmaslik kabi holatlar, afsuski, jamiyatimizning yanada tezroq taraqqiy etishiga xalaqit bermoqda.

Bugun zamon shiddat bilan oʻzgaryapti. Bu oʻzgarishlarni hammadan ham koʻproq yoshlar his etmoqda. Ular barcha yangilanishlarni oʻz hayotiga tatbiq qilishga intilmoqda. Biroq har narsada boʻlgani kabi meʼyorni, umuminsoniy tamoyillarni, xalqimizning azaliy qadriyatlarini unutish kerak emas. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek: “Mayli, yoshlar oʻz davrining talablari bilan uygʻun boʻlsin. Lekin ayni paytda oʻzligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulugʻ zotlarning avlodimiz, degan daʼvat ularning qalbida doimo aks sado berib, oʻzligiga sodiq qolishga undab tursin”. Bunga nimaning hisobidan erishiladi? Albatta, tarbiya hisobidan. Ammo tarbiya degani faqat maktab tarbiyasidan iborat emas. Tarbiya birinchi galda oiladan va mahalladan boshlanadi.

Teatr — ibratxona
Maʼnaviyatni oshirishda teatrning oʻrni beqiyos. Shu maʼnoda, Prezidentimiz teatr sanʼatini rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqilishini taʼkidladi. Unda eng yaxshi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qoʻllab-quvvatlash uchun Mannon Uygʻur nomidagi mukofot taʼsis etish kabilar nazarda tutiladi. Korxona va muassasalarda oyning bir kuni “Teatr kuni” deb belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yoʻlga qoʻyiladi.

Inson va jamiyat hayotida, xalqning maʼnaviy dunyosini, ongu tafakkurini yuksaltirishda teatr sanʼatining oʻrni va ahamiyati beqiyos ekanligini yaxshi anglaymiz. Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy aytganidek, teatr haqiqatan ham ibratxona, qutlugʻ tarbiya va maʼrifat maskanidir. Jahondagi eng ommaviy va taʼsirchan sanʼat turlaridan biri boʻlgan teatr asrlar davomida odamlarni insoniylik va ezgulikka chorlab, qalblarda oliyjanob fazilatlar, goʻzal his-tuygʻularni kamol toptirishga, jamiyat hayotida tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik, yuksak axloq va adolat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilib kelmoqda.

Biz esa, aksincha, teatrlarga borishni unutib qoʻydik. Vaholanki, azim poytaxtimiz Toshkent shahrida, barcha hududimizda yangi-yangi ilm-fan va madaniyat maskanlari, zamonaviy teatr va amfiteatrlar barpo etilayotganiga guvohmiz. Bu haqda gap ketganda, jumladan, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbek milliy musiqa sanʼati instituti, Margʻilon shahar musiqali maqom teatri tashkil qilinganini taʼkidlash lozim. Xullas, hozirgi kunda shiddatli zamon, hayotning oʻzi barchamizning oldimizga oʻta muhim va murakkab vazifalarni qoʻyayotgan, el-yurtimizni turli xavf-xatarlardan asrash, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga ehtirom ruhida barkamol insonlar etib tarbiyalash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurash olib borish dolzarb vazifaga aylangan bir paytda teatr bu boradagi ishlarda koʻmakdosh boʻla oladi.

Yigʻilishda koʻpdan beri xalqimizni oʻylantirib kelayotgan seriallar haqida ham achchiq, ammo oʻrinli mulohazalar bildirildi. Haqiqatan ham, aksariyat seriallar gʻoyaviy-badiiy jihatdan nochor, ulardan oʻrin olgan mavzularda bugungi kun nafasi, odamlarni oʻylantirayotgan, hayajonga solayotgan jiddiy ijtimoiy muammolar oʻz aksini topmayapti. Telekanallar orqali namoyish etilayotgan sayoz, siyqa seriallar kimlar uchun, qaysi auditoriya uchun moʻljallangan? Bu savollar hamon ochiq qolmoqda.

Afsuski, bugun ayrim seriallarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib boʻlmay qoldi. Ulardagi maishiy mavzular, yengil-yelpi sahnalar kishining gʻashiga tegadi. Oʻylaymizki, endi vaziyat oʻzgaradi. Milliy seriallar ishlab chiqarish boʻyicha mavjud tizim tubdan isloh etiladi.

Davlatimiz rahbari shu maqsadda Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasini yaratish zarurligini, unda, avvalambor, mahalliy ijodkorlarimizga, xususan, ijrochi sanʼatkorlar, dramaturg va rejissyorlarimiz uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratish oʻrinli boʻlishini taʼkidladi. Buning uchun IT-park kabi erkin iqtisodiy zona — “Cinema-park” tashkil qilish lozimligini qayd etdi.

Kino sohasida ham islohotlar yanada kengaytiriladi. Jumladan, “Tirik tarix” seriyasida Vatanimizning shonli oʻtmishiga bagʻishlangan filmlar yaratish dasturi ishlab chiqiladi. Bunga xorijiy ijodkorlar, kinokompaniyalar hamda investorlar ham jalb qilinadi. Shuningdek, bolalar uchun buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻli haqida koʻp qismli animatsion filmlar yaratiladi.

Bu ishlar xalqimizning milliy gʻururini yuksaltirish, yoshlarning Vatanimiz tarixiga oid bilimlarini boyitish, shuningdek, bugungi Oʻzbekistonda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish, ulardan zarur xulosalar chiqarish koʻnikmasini yuksaltirish uchun ham juda zarur. Tan olish kerak, keyingi yillar mamlakatimiz tarixida sezilarli ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga gʻoyat boy boʻldi. Mamlakat va jamiyat hayotini isloh qilishda koʻplab konseptual-nazariy oʻzgarishlar yuz berdi. Barcha sohada, ayniqsa, jamiyat siyosiy tizimidagi yangilanishlar xalqimiz ijtimoiy hayotini ijobiy tarafga oʻzgartirayotgani bilan birga, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham eʼtirof etilmoqda.

Ana shu masalalarni xalqimizning keng ommasi ijtimoiy ongiga yetkazish, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirish, shubhasiz, maʼnaviyat, maʼrifat, targʻibot sohalarining eng muhim vazifalaridan biriga aylangan. Afsuski, ayrim kishilar ijtimoiy tarmoqlardagi koʻngilochar sahifalarga mahliyo boʻlib qolgani, beparvoligi, bilimi pastligi oqibatida yurtimizda yuz berayotgan voqea-hodisalarni tahlil qilish, zarur xulosalar chiqarish koʻnikmasiga ega boʻlmayapti. Maʼnaviyat bizga eʼtiqodi sust, ijtimoiy jihatdan begʻam ayrim yurtdoshlarimiz maʼnaviy olamini shakllantirish va ularni arosatda qolish xavfidan qutqarish uchun ham kerak. Chunki Vatanimiz mustaqilligi, suverenitetining saqlab qolinishi, mamlakatning taqdiri har birimizning qoʻlimizda.

Til — milliy oʻzlik ildizi
Davlatimiz rahbari oʻzbek tilini oʻqitish samarasini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Milliy sertifikatga ega boʻlgan oʻzbek tili va adabiyoti fani oʻqituvchilariga kelgusi oʻquv yilidan boshlab 50 foiz ustama toʻlanadi. Negaki, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili — xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir. Bu bebaho boylik oʻzbek qavmining ona tili sifatida millatimizning milliy-maʼnaviy dunyosini charogʻon qilib tursa, davlat tili sifatida koʻp millatli mamlakatimiz fuqarolari qalbiga bir davlatga, bir yurtga mansublik, birdamlik tuygʻularini joylaydi. Barchani yagona davlat ramzi sanalmish bayroq, gerb, madhiya kabi muqaddas timsollar singari bir yurtning sadoqatli farzandlari oʻlaroq birlashtiradi.

Shu maʼnoda, oʻzbek tili Oʻzbekistonda faqat bir emas, balki ikki ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-maʼrifiy vazifani bajarmoqda, zalvarli va muazzam vazifalarni yelkasiga ortmoqlagan holda takomil yoʻllaridan jadal odimlayotir.

Endilikda boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish boʻyicha ham alohida mexanizmlar joriy etiladi. Xususan, ular bu borada maxsus sertifikatga ega boʻlsa, oʻqish xarajatlari davlat tomonidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, oʻzbek tilidan boshqa tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarda davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytiriladi. Oʻzbek tili boʻyicha ham xalqaro fan olimpiadasini oʻtkazamiz. Olimpiadaning gʻolib va sovrindorlari mamlakatimiz oliygohlarining oʻzbek filologiyasi yoʻnalishi boʻyicha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Asrlar davomida insoniyat egallagan bilimlarning qaymogʻi boʻlgan kitoblar inson shaxsini shakllantirishda benazir manbadir. Badiiy asarlar oʻquvchiga badiiy zavq bagʻishlashi bilan birga, uning ongu qalbini boyitadi, ruhini yuksaltiradi.

Shu bois yurtimizda xalqimizning mutolaa madaniyatini kuchaytirishga qaratilgan qator chora-tadbirlar koʻrilyapti. Yigʻilishda aytilganidek, bu boradagi ishlar izchil davom ettiriladi. Kelgusi yildan milliy va jahon adabiyotining eng sara namunalarini koʻp ming nusxalarda chop qilish va kutubxonalarga yetkazib berish choralari koʻriladi. Ijodiy buyurtmalar, muallif va tarjimonlarga qalam haqi koʻpaytiriladi. Nashriyot va matbaa korxonalarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 5-yilga soliqlardan ozod etiladi. Tarjima sanʼatini rivojlantirish, mehnatni munosib ragʻbatlantirish uchun Ogahiy nomidagi xalqaro mukofot taʼsis qilinadi. Bu — xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish yoʻlida boshlanayotgan yangi davr, desak, yanglishmagan boʻlamiz.

Xullas, bizning dunyo havasini keltiradigan buyuk tariximiz, ulugʻ ajdodlarimiz bor. Ona tuprogʻimiz bagʻridagi boyliklar beqiyos. Nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk maʼnaviyatimiz, adabiyotimiz va sanʼatimiz ham, albatta, boʻladi. Maʼnaviy-maʼrifiy sohada Prezidentimiz belgilab bergan vazifalar ijrosi bizni ana shu maqsadlarga yetaklaydi.

Buning uchun bugungi globallashgan zamonda har bir yurtdoshimiz atrofga teran nazar tashlab, bu ulugʻ niyatlarning amalga oshishi, jonajon Vatanimiz ravnaqi va istiqboli yoʻlida yanada fidokorlik, jonkuyarlik namunalarini koʻrsatmogʻi kerak.

Dunyoga nazar sol…
Talotoʻp aro
Dam kulga doʻnmoqda, dam yonmoqda u.
Kunlari tunlarga aylanib qaro
Ogʻriqlar ichida toʻlgʻonmoqda у...

Zamondosh!
Oʻylab boq!
Axir bor najot —
Gar bilmoq istasang, bir zum koʻz tashla.
Qizingga dars bersin nomusu sabot,
Oʻgʻlingni ezgulik, ilmga boshla.

Unutma!
Bugundan goʻzal saboq ol,
Aslida ravonmas, past-baland hayot,
Yaxshilikka yoʻldosh qalbga quloq sol,
Najot koʻnglingdadir, koʻnglingda najot!
Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?