Yangi Toshkent shahrining qurilishi uchun yana 122 gektar yer ajratildi

Toshkent viloyati hokimining 2024-yil 14-martdagi qaroriga koʻra, Yangi Toshkent shahrining qurilishi uchun yana 122,3 gektar yer maydoni ajratildi. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyuldagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 232-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-oktyabrda qabul qilingan 568-sonli qaroriga muvofiq qabul qilingan.
Viloyat hokimligining qarorida koʻrsatilishicha, Yuqori Chirchiq tumanining “Bordonkoʻl” hududidan 75,22 gektar, “Doʻstlik” hududidan esa 47,1 gektar yer maydoni “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi”ga doimiy foydalanish huquqi bilan berilgan. Ushbu yer maydonlari ilgari davlat zaxirasiga qaytarilgan va toifasi oʻzgartirilgan hududlar sirasiga kiradi.
Bundan avval ham 2024-yil oktabr oyida 110,4 gektar yer Yangi Toshkent qurilishi uchun ajratilgan edi. Shuningdek, Yuqori Chirchiq tumanining “Oʻzbekiston”, “Guliston” va “Istiqlol” mahallalari Yangi Toshkent shahri hududiga oʻtkazilgan. Viloyat hokimligi matbuot xizmatining maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunga qadar jami 2 200 gektardan ortiq yer Yangi Toshkent loyihasi doirasida berilgan.
Qarorda, shuningdek, yer hujjatlarini rasmiylashtirish va davlat reyestridan oʻtkazish vazifasi Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasiga yuklatilgan. Shahar qurilishi boʻyicha nazorat ishlari hokim oʻrinbosari zimmasiga yuklatilgani ham hujjatda koʻrsatib oʻtilgan.
Qayd etish kerakki, 2023-yil mart oyida Yangi Toshkent shahrining qurilishiga tamal toshi qoʻyilgan edi. Qurilish jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va infratuzilma obyektlari, turar joy massivlari, maʼmuriy binolar hamda ijtimoiy xizmatlar markazlari barpo etilishi koʻzda tutilgan.
Yangi Toshkent loyihasi Oʻzbekistonning yangi urbanizatsiya markazi boʻlishi va poytaxtdagi yuklamani kamaytirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Mazkur megaproyekt doirasida zamonaviy transport tarmoqlari, ekologik xavfsizlik choralarini taʼminlovchi inshootlar va aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish rejalashtirilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring