Yangi Oʻzbekistonning yangi istiqbollari
Yangi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari faoliyatining dastlabki yili – 2020-yil juda voqeliklarga boy va sermahsul boʻldi. Parlamentimiz hayotidagi asosiy siyosiy voqealar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil davomida ikki marotaba parlamentga va Oʻzbekiston xalqiga qilgan Murojaatnomasi bilan uzviy bogʻliq holda kechdi. Prezidentimizning
2020-yil 24-yanvardagi Murojaatnomasi parlamentning 2020-yilgi ish rejasi uchun asos sifatida olingan boʻlsa, yaqinda kuni kecha boʻlib oʻtgan Murojaatnoma parlament faoliyatining yaqin istiqboldagi strategik yoʻnalishlarini belgilab berdi.
Prezidentimiz tomonidan har yili parlamentga Murojaatnoma yoʻllash instituti zamonaviy Oʻzbekistondagi muhim voqelikka aylanib, mamlakatimiz siyosiy tizimida katta ahamiyat kasb etmoqda.
Hozirgi vaqtda Prezident tomonidan parlamentga Murojaatnoma yoʻllash instituti davlat va jamiyatni barqaror rivojlantirishni strategik jihatdan samarali rejalashtirishni taʼminlovchi muhim siyosiy-huquqiy jarayon sifatida qaror topdi.
Mamlakatimiz yetakchisi Sh. Mirziyoyev barcha davlat organlarini xalq bilan muloqot qilish va maslahatlashishga, fuqarolarning fikr-mulohazalarini inobatga olishga hamda ijtimoiy yakdillikka erishishga safarbar etib jamiyat bilan muloqotining shunday shaklini yoʻlga qoʻydi va uni muvaffaqqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Hozirgi vaqtda shunday noyob tizim yaratildiki, Prezidentimiz Murojaatnomasining mazmuni barchamiz uchun davlat rahbarining mavjud muammolarga nisbatan nuqtayi nazarlari yigʻindisi emas, balki jamiyatimizdagi barcha dolzarb masalalar va muammolarni qamrab olgan, shu bilan birga davlat va jamiyatni barqaror rivojlantirishga xizmat qiladigan keng koʻlamli vazifalar belgilab berilgan yaxlit dasturiy hujjatga aylandi. Biz aynan Prezidentimiz Murojaatnomalari orqali jamiyatimizni jipslashtirishga, jamoatchilikning, fuqarolarning va manfaatlar guruhlarining xohish-istaklarini eng yuqori darajada hisobga olishga erishish yoʻlidagi muhim qadamlarni tashlashga muvaffaq boʻldik.
Prezidentimiz tomonidan parlamentga yoʻllangan toʻrttala Murojaatnomaning oʻziga xos muhim jihati, hech shubhasiz, ularning insonparvarlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilganligidadir.
Chunki, mamlakatimiz Prezidenti bu Murojaatnomalarda taraqqiyotimizning muhim global vazifalarini bayon etar ekan, oddiy fuqarolarning xohish-istaklari va manfaatlarini bir zum boʻlsa ham yodidan chiqarmaydi. Murojaatnomalarda ilgari surilgan barcha tashabbuslar faqat va faqat xalq farovonligi haqida qaygʻurish, mamlakatimiz fuqarolarining xavfsiz hayoti asoslarini taʼminlash, ularning qonuniy huquq va manfaatlarini toʻlaqonli amalga oshirish uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish ruhi bilan hamohang boʻldi.
Prezidentning parlamentga Murojaatnoma yoʻllash instituti joriy etilganligi davlatimiz rahbarining demokratik davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga, xalqning davlat instituti bilan ochiq muloqoti uchun amaliy muhitni shakllantirishga boʻlgan intilishining yorqin ifodasiga aylandi.
Prezidentimiz siyosiy yoʻlining asosiy qoidalari hozirgi zamonaviy siyosatda shakllanib borayotgan yangi va haqiqiy (amaliy) insonparvarlik mafkurasining tarkibiy qismidir deb ishonch bilan aytish mumkin. Oʻzbekiston Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning yangi gʻoyalar bilan yoʻgʻrilgan insonparvarlik siyosati asosini xalqimizning tub manfaatlari tashkil etadi hamda bu siyosat bevosita shu manfaatlarni himoya qilishga va ularni ilgari surishga qaratilgandir. Bu yoʻlning muhim yoʻnalishlaridan biri shaxsni har tomonlama kamol toptirishni taʼminlash, yuksak maʼnaviy-axloqiy insonparvarlik tamoyillari va adolat prinsiplari asosida jamiyatni boshqarishning yangi huquqiy mexanizmlarini shakllantirish maqsadida mamlakatda yangicha bunyodkorlik muhitini rivojlantirishdan iboratdir.
Xalqaro maydondagi boshqa siyosiy yetakchilar orasidan aynan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Uchinchi Renessansni amalga oshirish gʻoyasining muallifi boʻlganligi bejiz emas. Biz Oʻzbekiston Prezidentining parlamentga Murojaatnomalarida va boshqa nutqlarida bayon etilgan gʻoyalarning mazmun-mohiyatini chuqur tahlil etar ekanmiz, yurtboshimizning jamiyatda inson eng asosiy qadriyat sifatida qadrlanadigan, davlat apparatining barcha resurslari xalqning manfaatlari uchun xizmat qilishga, insonlarning har tomonlama kamol topishiga yoʻnaltiriladigan muhitni shakllantirishga boʻlgan qatʼiyatli intilishini koʻramiz.
Shu nuqtayi nazardan Prezidentimiz Murojaatnomasida taʼlim tizimida yuksak malakali oʻqituvchilar boʻgʻinini shakllantirish, samarali sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etish, fuqarolarning huquqlari kafolatlarini, shu jumladan mehnat qilish, xavfsiz hayot kechirishga, oʻz fikrlarini erkin bildirishga boʻlgan huquqlarini taʼminlash zarurligi toʻgʻrisidagi juda muhim amaliy tashabbuslar ilgari surilganligi ham bejiz emas.
Mamlakatimiz parlamenti Prezidentimizning har bir Murojaatnomasini yuksak eʼtibor va ulkan masʼuliyat bilan qabul qilib, uni amalga oshirishning barcha bosqichlarida samarali ishtirok etish uchun bor imkoniyati va salohiyatini ishga solmoqda.
Bunda parlamentimiz, eng avvalo, Murojaatnomaning hokimiyat vakillik organlari tizimi faoliyati bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qoidalariga alohida eʼtibor qaratmoqda. Bugungi kunga qadar Prezidentimiz tomonidan yoʻllangan har bir Murojaatnomaning har bir qoidasi, Murojaatnoma boʻyicha ishlab chiqilgan davlat dasturlarining har bir tegishli bandi parlamentimiz tomonidan toʻliq bajarib kelinmoqda.
Maʼlumki, parlamentning muhim vazifalaridan biri ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan taʼsirchan va samarali parlament nazoratini oʻrnatishdan iboratdir. Shu nuqtayi nazardan Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalarning oʻta muhim ekanligidan kelib chiqib, parlament oʻzining nazorat-tahlil faoliyatini tashkil etishda birinchi navbatda Prezident Murojaatnomasidagi qoidalarning bajarilish jarayoni yuzasidan qatʼiy va har tomonlama parlament monitoringi tizimini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Hozirgi vaqtda bu vazifalarni hal etish uchun Oliy Majlisga barcha zarur vakolatlar berilgan va u ushbu vazifalarni samarali bajarish uchun yetarlicha tashkiliy va intellektual salohiyatga ega. Qonunchilik palatasida hukumatning mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining muhim masalalari, Davlat byudjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarini, Bosh vazirning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotimizning ayrim muhim masalalari yuzasidan hisobotini tizimli asosda eshitish bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga moʻljallangan Davlat dasturlarining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobotlar ham muntazam ravishda eshitilmoqda va ushbu dasturlar ijrosining borishi yuzasidan har tomonlama monitoring olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oliy Majlisga va Oʻzbekiston xalqiga murojaat bilan chiqadigan barcha yigʻilishlar butun mamlakat miqyosida ulkan va keng koʻlamli ishlarni boshlab yuborish uchun mustahkam poydevor boʻlmoqda. Murojaatnoma eʼlon qilingan ondan boshlaboq siyosiy partiyalar fraksiyalari, Qonunchilik palatasi qoʻmitalari va komissiyalari unda bayon etilgan gʻoyalarni inobatga olgan holda, oʻzining istiqboldagi ish rejalarini shakllantirib, tegishli davlat dasturiga kiritish uchun takliflar ishlab chiqmoqda. Bu takliflarni ishlab chiqish Prezidentimiz tashabbuslarini keng jamoatchilik vakillari, ilmiy va ekspert doiralari bilan atroflicha hamda ochiq muhokama qilish muhitida amalga oshirilmoqda.
Bu jarayon ham Oʻzbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyev siyosiy yoʻlining yana bir muhim konsepsiyasi – fuqarolarning keng ishtirokini taʼminlash gʻoyasi bilan chambarchas bogʻliqdir.
Oʻzbekiston Prezidentining siyosati mamlakatimiz fuqarolari tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanmoqda va bu fuqarolar faol ishtirok etadigan amaliy muhitning shakllanishida oʻz ifodasini topmoqda.
Maʼlumki, fuqarolar ishtiroki deganda fuqarolarni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarga oid qarorlarni muhokama qilish, ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlariga jalb etish, ularning qarorlar qabul qilish jarayoniga taʼsir koʻrsatishi hamda ushbu qarorlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishi tushuniladi. Bu esa fuqarolik jamiyati va demokratik davlatning eng muhim prinsipi hisoblanadi.
Oʻzbekiston aynan Sh. Mirziyoyev yetakchiligi yillarida jamiyat va davlatning kelgusi taraqqiyotiga taalluqli muammolar boʻyicha qarorlar ishlab chiqish va qabul qilishda fuqarolik jamiyati bilan davlat hokimiyati organlari oʻrtasida ijtimoiy hamkorlikning uzluksiz, koʻp bosqichli jarayonini amalga tatbiq etishga muvaffaq boʻldi. Bu jarayon davlat hokimiyati organlari va fuqarolik jamiyati oʻrtasida har ikki yoʻnalish boʻyicha amalga oshirilib, ishtirokchilarning bir-birini tushunishiga, axborot bilan taʼminlanishiga koʻmaklashuvchi chora-tadbirlarni, fikr-mulohazalar va xohish-istaklarni toʻplash hamda mavjud muqobil variantlarning eng maqbulini tanlashni oʻz ichiga oladi.
Fuqarolar ishtirokiga ochiqlik hamda oshkoralik prinsiplarini taʼminlamasdan turib erishib boʻlmaydi va Prezidentimiz bu prinsiplarni himoya qilishni oʻzi uchun eng muhim vazifalardan biri sifatida tanlab olgan. Jamiyatda ochiq axborot-kommunikatsiya vositalarining, zamonaviy innovatsion muhitning mavjudligi ham mamlakatimizda fuqarolar ishtirokini faollashtirishga koʻmaklashadi.
Fuqarolar ishtirokini taʼminlash jarayonlarida mamlakatimiz parlamenti muhim oʻrin tutadi. Deputatlar Prezidentimizning tashabbuslarini amalga oshirish davomida doimo jamiyatimizdagi voqeliklarning eng qaynoq nuqtalarida boʻlib, qonunlarning amalda samarali qoʻllanilishini taʼminlashga, aholi oʻrtasida faol axborot-tushuntirish ishlarini olib borishga harakat qilmoqdalar, fuqarolarning faolligini taʼminlash uchun vositachi sifatida faoliyat koʻrsatmoqdalar.
Oʻtgan soʻnggi toʻrt yil ichida mamlakatimiz Prezidenti olib borgan siyosat natijasida Oʻzbekistonda milliy parlamentarizm tizimini rivojlantirish asoslari shakllantirildi.
Oʻzbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan davlat boshqaruvi tizimi sohasida amalga oshirilgan islohotlar xalq hokimiyatchiligi mexanizmlarini kuchaytirishga, davlat hokimiyati tarmoqlarining tom maʼnodagi va chinakam mustaqilligini hamda birligini taʼminlashga, parlamentning xalq manfaatlarini ifodalovchi, demokratiya va huquqiy davlatning asosiy prinsiplari bajarilishini taʼminlovchi organ sifatidagi rolini kuchaytirish uchun xizmat qilmoqda.
Bular esa, oʻz navbatida, ham respublika parlamenti darajasidagi, ham mahalliy Kengashlar darajasidagi vakillik hokimiyati organlarining butun tizimini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Prezidentimiz barcha darajalardagi deputatlarga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilib, ularni oʻz xalqining haqiqiy vakili boʻlishga, oʻziga qonun bilan berilgan keng imkoniyatlardan foydalanib, fuqarolarni tashvishlantirayotgan muammolarni hal etishni taʼminlashga, xalqchil oʻzini oʻzi boshqarish jarayonini qoʻrqmasdan va samarali tarzda amalga oshirishga chaqirdi.
Mamlakatimizda parlamentarizm tizimi faol rivojlanib borayotganligi Oʻzbekistonda keyingi vaqtlarda qaror topgan siyosiy rejim demokratik ruhga ega ekanligining yana bir dalilidir. Zero, toʻlaqonli parlamentarizm faqat demokratiya qaror topgan mamlakatlarda mavjud boʻla oladi. Chunki koʻplab olimlar taʼkidlaganidek, parlament davlat hokimiyatining boshqa institutlaridan farqli ravishda doimo “demokratiya nazariyasi va amaliyotining kesishuvi roʻy beradigan nuqtada turadi” va tom maʼnoda xalq hokimiyatchiligining timsoli hisoblanadi.
Davlat va huquq sohasiga oid koʻplab tadqiqotlarda milliy parlamentarizm tizimini shakllantirish jamiyatda davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro bir-birini tiyib turish va muvozanat tizimining haqiqiy uygʻunligiga erishish bilan bogʻliq ekanligi taʼkidlanadi. Shu munosabat bilan mamlakatimiz Prezidentining va uning Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimini demokratlashtirishni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarishdagi ulkan rolini alohida taʼkidlash muhimdir. Davlatimiz boshligʻining siyosiy yoʻli va uning Administratsiyasining yuqori malakali saʼy-harakatlari nafaqat davlat hokimiyati organlarining hamjihatlikda faoliyat koʻrsatishini va hamkorligini taʼminlash uchun xizmat qilib qolmay, balki yangi oʻzbek davlatchiligining murakkab va koʻp qirrali voqeligiga asos soldi. Ushbu yangi oʻzbek davlatchiligi huquq ustuvorligi prinsiplariga asoslanadi hamda fuqarolarning manfaatlarini hurmat qilish prinsiplariga sodiqligi, demokratizm va yuksak siyosiy-huquqiy madaniyati bilan ajralib turadi.
Milliy parlamentarizm tizimining shakllantirilishi mamlakatimizda demokratiyani qaror toptirish, jamiyat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishning muhim omilidir. Shu munosabat bilan Prezidentimizning yangi Oʻzbekistonning yangi istiqbollarini belgilab beradigan har bir Murojaatnomasi jamiyatimiz hayotida parlament tuzilmalari rolini yana-da oshirishni, hokimiyat vakillik organlarining ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning natijadorligi uchun masʼuliyatini kuchaytirishni taʼminlovchi samarali mexanizm boʻlib xizmat qiladi.
Nurdinjon ISMOILOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasining Spikeri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring