Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot formulasi

12:06 15 Mart 2024 Siyosat
403 0

Katta narsa uzoqdan yaxshiroq ko‘rinadi, deyishadi. Har kuni ro‘y beradigan katta-kichik voqealar rivojida biz ularning kelgusi taraqqiyotdagi ahamiyatiga to‘liq baho berish uchun yetarli vaqtimiz ham bo‘lmaydi. Bu holat esa bir necha yillar davomida terilib, keyin umumiy ko‘rinishga ega bo‘ladigan mozaikaga o‘xshaydi. Faqat muayyan bir vaqt o‘tgach, bugun bizga oddiy bo‘lib ko‘ringan ana shunday voqealarning ahamiyatini balki biz emas, avlodlarimiz tushunib yetishar.

Shunday bir keng tarqalgan ibora bor: o‘zgarishlar davrida yashashdan Xudo asrasin, deydilar. Bu iboraning qanday kelib chiqqanini ham tushunish mumkin. Ya’ni  ko‘pchilik odamlar ich-ichidan odatiy hayotdagi keskin o‘zgarishlardan cho‘chib turishadi. Ulardan qandaydir noaniq xavf-xatar yoki muammolarni kutishadi. Balki bu odatdagi qo‘rquvdir? Masalan, yangicha sharoitlarga tezda ko‘nika olmaslik, yo bo‘lmasa, yangi va ko‘pincha balandroq bo‘ladigan talablarga javob bera olmaslikdan qo‘rqishdir? Balki “Uzoqdagi quyruqdan yaqindagi o‘pka yaxshi”dir?!

Boshqa tomondan esa yangilikka, taraqqiyotga intilishning yo‘qligi turg‘unlikka olib keladi. Axir, yoningdagilar oldinga qarab siljisa-yu, sen istiqbolni o‘ylamay, avvalgi holatingda qolib ketsang... yaxshimi shu? Bu alohida bir kishi yoki bir necha yuz va hatto bir necha ming kishi uchun ham unchalik fojiali voqea emasdir. Lekin butun bir mamlakat miqyosiga ko‘chsa, buning oqibati ancha ayanchli bo‘ladi. U tezda boshqalardan ortda qolib ketadi, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratib bera olmay qoladi.

To‘g‘ri, ulkan inqilobiy yo‘l bilan amalga oshiriladigan o‘zgarishlar hech kimga ham kerak emas. Lekin evolyutsion rivojlanish yo‘li, aniq maqsadli va izchil o‘tkaziladigan, asosiysi — samarali islohotlar orqali oldinga intilish insoniyat tarixida isbotlangan qonuniyatdir.

O‘zbekiston ham ana shunday taraqqiyot yo‘lini tanladi. Yangilanish jarayoni milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, ijtimoiy masalalarni hal etish va aholining turmush darajasini oshirishni ta’minlamoqda. Jumladan, siyosiy islohotlar davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirdi, xorijda qurolli to‘qnashuvlar ro‘y berayotgan va ijtimoiy muammolar kuchaygan bir sharoitda mamlakatimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga xizmat qildi. Iqtisodiy islohotlar esa ishlab chiqarishning barcha tarmog‘ini modernizatsiyalash va rivojlantirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish uchun sharoit yaratdi. Ijtimoiy sohadagi islohotlar-chi? Ular o‘zbekistonliklarning turmush darajasini ko‘tarish, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlashga olib keldi.

Shu asosda islohotlar jarayoni uzluksiz davom etmoqda. Negaki, har doim takomillashtirishni talab qiluvchi yo‘nalishlar, hal etishni hayotning, davrning o‘zi taqozo qiladigan masalalar yuzaga chiqadi.

Bugungi kunda biz yangi O‘zbekistonni bunyod etish bo‘yicha dolzarb ishlar bilan bandmiz. Mamlakatimiz rahbariyati uning eng yaqin davrga, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan vazifalarini aniq belgilab bergan.

Taraqqiyotning to‘liq manzarasi alohida voqea-hodisalardan iborat bo‘lgani holda, ularning har biri mamlakatning kelgusi rivoji sari yo‘naltirilmoqda.

O‘zbekiston bilan hamkorlikka qiziqish katta

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 18-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi”, degan qoida belgilab qo‘yilgan. Shunday ekan, davlatimiz ko‘plab mamlakatlar bilan samarali hamkorlik qilgan holda, ushbu moddani aniq chora-tadbirlar bilan mustahkamlab kelyapti.

Birinchi galda MDH mamlakatlari bilan hamkorlikni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Davlatimiz ular bilan bir necha o‘n yillar davomida birgalikda rivojlanib kelgan, jumladan, umumiy xo‘jalik-iqtisodiy aloqalar asosida, keyingi yillarda esa — mustaqillikka erishgan davlatlar bilan o‘zaro manfaatli kelishuvlar asosida. Hamdo‘stlik doirasida O‘zbekiston har doim yangidan yangi qo‘shma loyihalar bo‘yicha tashabbus ko‘rsatib kelmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili oktyabrda MDH sammitida so‘zlagan nutqida Hamdo‘stlik doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ilgari surgan edi. Ular orasida quyidagi takliflar bor: ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi uzoq muddatli kun tartibini ishlab chiqish maqsadida MDH mamlakatlarining yetakchi tahlil markazlari va ekspertlarining konferensiyasini tashkil etish; tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish; o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish va loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish; MDH mamlakatlarining Sanoat kooperatsiyasi va innovatsion ishlanmalari forumini o‘tkazish; Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha yangilangan dasturni hamda Agrosanoat majmuidagi kooperatsiyaning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni tayyorlash; hududlararo hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tayyorlash; transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, yo‘lovchi va yuk tashishni ko‘paytirish.

Mamlakatimiz MDH doirasidagi  ko‘p tomonlama hamkorlikdan tashqari, Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar bilan o‘zaro faol ikki tomonlama aloqalarni ham yo‘lga qo‘ygan. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi bilan sanoat, energetika, transport, kimyo va farmatsevtika yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Kooperatsiya aloqalari davlatlararo darajada ham, mintaqalar o‘rtasida ham rivojlanib bormoqda. Birgina o‘tgan yili oktyabrda Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning uchinchi forumi doirasida 3,5 milliard dollarlik bitim va shartnomalar imzolandi.

Shu bilan birga, ko‘p o‘n yilliklar davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni davom ettirib kelayotgan mamlakatlar bilan bir qatorda, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan ham faol hamkorlik qilmoqda. Bunga O‘zbekiston — Xitoy Xalq Respublikasi munosabatlari yorqin misol bo‘la oladi. Keyingi yillarda bu borada ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan Xitoy investitsiyalari hajmi besh baravar ortgan, qo‘shma korxonalar soni uch baravar ko‘payib, 2,4 mingdan oshgan, jamg‘arilgan XXR investitsiyalari 14 milliard dollarga yetgan. 2023-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy savdo aylanmasi hajmi bo‘yicha O‘zbekistonning savdo hamkorlari orasida birinchi o‘rinni, eksport hajmi bo‘yicha esa ikkinchi o‘rinni egalladi.

Keyingi yetti yilda O‘zbekistonning Xitoy bilan savdo aylanmasi deyarli uch baravar, ya’ni 4,8 milliarddan 13,7 milliard dollargacha ortgan. Ikki davlat yetakchilari yillik savdo aylanmasini 20 milliard dollarga yetkazish maqsadini belgilab olishdi. Ayni vaqtda O‘zbekistonda Xitoy investitsiyalari hisobidan energetika, jumladan, qayta tiklanuvchi energetika, avtomobil va elektrotexnika sanoati sohalarida muhim loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda.

Mamlakatimiz milliy iqtisodiyotni yanada rivojlantirish uchun boshqa davlatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni xalqaro tashkilotlar va dasturlar doirasida yanada kengaytirish hamda chuqurlashtirish bo‘yicha barcha imkoniyatdan faol foydalanmoqda.

Masalan, hamkorlikni rivojlantirishda Turkiy davlatlar tashkiloti samarali maydon bo‘lib xizmat qilyapti. Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining o‘tgan yili noyabrda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan majlisida muhim masalalar qatorida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini ham faollashtirish, ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Bu esa davlatlarimiz o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullab, markaz imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, birgalikda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratiga e’tibor qaratdi. Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ahamiyatga ega ekani ham ta’kidlandi. Bu borada davlatimiz rahbari O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish, qo‘shimcha ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali o‘tadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish choralarini qo‘llab-quvvatladi.

Oradan ko‘p o‘tmay Shavkat Mirziyoyev Boku shahrida BMTning Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etdi. O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida dastur doirasida tijorat, kommunikatsiya, transport va logistika, raqamlashtirish, energetika, suv resurslari, ekologiya, gender tengligi va boshqa sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan loyihalar hayotga tatbiq etilganini qayd etdi, shuningdek, savdoni soddalashtirish va innovatsion rivojlanish strategiyalarini qabul qilish bo‘yicha SPEKA doirasidagi mintaqaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish yuzasidan qator amaliy tashabbuslarni ilgari surdi.

Mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish maqsadida davlatimiz rahbari mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida jahondagi eng ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy etishni nazarda tutadigan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Ushbu choralarning qabul qilinishi, Prezidentimizning fikricha, davlatlarimiz o‘zaro savdo aylanmasini 2030-yilga borib 100 milliard dollarga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70 foizga yetkazish imkonini beradi. Shuningdek, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, zamonaviy ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida SPEKAning Maqsadli jamg‘armasini tashkil etish va uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etildi.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan misollardan tashqari, davlatimiz rahbariyatining Taraqqiyot strategiyasidagi ustuvor maqsadlardan birini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarini, xususan, Janubiy Osiyo, Yaqin, O‘rta Sharq va Afrikadagi hamkorlarimiz — Saudiya Arabistoni, BAA, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Hindiston, Eron bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha maqsadli choralarini qayd etish joiz.

Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan diplomatik aloqalar doimiy ravishda kengayib va chuqurlashib bormoqda. Shu yerda savol tug‘iladi: nima uchun tobora ko‘proq mamlakatlar O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda, axir, yaqingacha mamlakatimizga nisbatan bunday qiziqish bildirishmayotgan edi-ku. Buning omillari ko‘p. Lekin ko‘pgina xalqaro ekspertlar ta’kidlashicha, birinchi galda shu narsa rol o‘ynayaptiki, O‘zbekiston rahbariyati tinchliksevar siyosatni faqat deklaratsiya qilmaydi, balki uni amalga oshiradi. O‘zbekistonda ijtimoiy barqarorlik hukmron, samarali islohotlar hisobiga milliy iqtisodiyotning o‘sishi ta’minlangan, mamlakat intilayotgan aniq maqsadlarni o‘z Taraqqiyot strategiyasida belgilab olgan. U istiqbolli loyihalarni ilgari suradi. Xorijiy sarmoyadorlarni bu loyihalarda o‘zaro manfaatli asosda ishtirok etishga taklif qiladi. Ularga barcha darajada, jumladan, davlat darajasida har tomonlama ko‘mak ko‘rsatadi.

Davrdan ortda qolmay

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekistonda istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

— Yangi O‘zbekiston dunyodagi yetakchi davlatlar uchun jozibador va ishonchli hamkorga, Markaziy Osiyo esa xalqaro sarmoyadorlar uchun strategik imkoniyatlar mintaqasiga aylandi, — deb hisoblaydi Yevroparlament deputati Fabio Kastaldo.

Darhaqiqat, mamlakatimizda global miqyosdagi loyihalar ro‘yobga chiqarilmoqda. 2021-yil dekabrda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirdagi nutqida aytib o‘tganidek, bunday ulkan majmuaning qurilishi keyingi yillarda mamlakatimizda sanoat rivojini sifat jihatdan yanada yuqori bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirayotgan siyosatimiz natijasidir. Siyosatki, u O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning umumiy maqsadiga qaratilgan.

Ularning asosiy yo‘nalishlari esa bugungi tez o‘zgarayotgan davr talablariga g‘oyat mos tushadi. Bugun xalqaro maydonda shunday masalalar paydo bo‘lyaptiki, har qaysi davlat ularni hal qilmay turib, o‘z nufuzini yo‘qotib qo‘yishi, iqtisodiyoti esa raqobatga chidamsiz bo‘lib qolishi hech gap emas.

Jahonda kuzatilayotgan jarayonlar, masalan, atmosferaga zararli chiqindilar chiqarishni kamaytirish, qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishga qaratilgan harakatlarni ham inobatga olish zarur.

Bu borada “Uzbekistan GTL” zavodini qurish loyihasi ko‘p jihatdan ibratli. Mazkur zavod nafaqat mamlakatimizda, balki butun mintaqadagi 3,6 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlaydigan eng yirik neft-gaz-kimyo korxonasi hisoblanadi. Bu yerda joriy etilgan zamonaviy GTL texnologiyasi asosida noyob mahsulot ishlab chiqariladi. Masalan, aviakerosinni olaylik. U sifati va tozaligi bo‘yicha boshqa korxonalarda ishlab chiqariladiganlarga qaraganda ancha yuqori bo‘lib, zamonaviy samolyotlar uchun mo‘ljallangan. Dizel yonilg‘isi esa eng yuqori — kamida “Yevro-6” standartiga javob beradi.

Zavod “yashil” iqtisodiyotga o‘tish talablariga mos tushadi. Uning mahsulotlari esa eng yuksak xalqaro ekologik talablar va me’yorlarga monand. GTL — yoqilg‘isidan foydalanganda an’anaviy yonilg‘iga nisbatan zararli chiqindilar miqdori 40 foiz kamayadi.

Ekspert va mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, GTL texnologiyalari bo‘yicha ishlab chiqarilgan mahsulotga talab ortib bormoqda. An’anaviy yonilg‘i turlarining narxi qimmatlashgani, “yashil” sertifikatlar esa ommalashib borgani sari ushbu talab yanada yuqorilaydi. Demak, hozirda ishlab chiqarilayotgan va istiqbolda o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan “Uzbekistan GTL” mahsulotlari yaxshigina raqobat afzalliklariga ega.

Mavzuni davom ettirar ekanmiz, yana bir voqeaga e’tiborni qaratamiz. Joriy yilning yanvarida Prezident Shavkat Mirziyoyev XXRga davlat tashrifi doirasida Shenchjen shahrida joylashgan “BYD” kompaniyasi bosh qarorgohida bo‘ldi hamda kompaniyaning texnologik markazini ko‘zdan kechirdi. Mazkur kompaniya gibrid avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi mavqeni egallaydi. Davlatimiz rahbari Xitoy kompaniyasi rahbariyati bilan birga Jizzax viloyatida bunyod etilishi rejalashtirilgan 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarini yiQishga ixtisoslashtirilgan loyihaning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Mazkur loyihani ham strategik nuqtayi nazardan baholash maqsadga muvofiq. Tan olish kerak, mamlakat avtomobilsozligiga ichki ehtiyojni qondirish va eksportga mahsulot chiqarish uchun hali ancha mehnat qilish zarur. Soha va uning mutasaddilari oldiga ulkan vazifa — yiliga bir million avtomobil ishlab chiqarish rejasi qo‘yilgan. Shu bilan birga, dunyo miqyosidagi o‘zgarish, moyilliklarni ham inobatga olish zarur. Yetakchi kompaniyalar ichki yonish dvigateliga (IYOD) asoslangan avtomobillar miqdorini qisqartirishga yoki to‘laligicha elektromobillar ishlab chiqarishga ommaviy tarzda o‘tishmoqda. Qolaversa, ko‘plab mamlakatlarda IYOD bilan jihozlangan mashinalarga cheklovlar joriy qilinmoqda, elektromobil ishlab chiqaruvchilari va egalariga esa imtiyozlar berilmoqda.

Prezident aytib o‘tganidek, bizning korxonalar elektromobillarni o‘zlashtirishni paysalga soladigan bo‘lsa, kelajakda raqobatga kirisha olmaydi. Zararli chiqindilar miqdorini qisqartirish masalasi dolzarblik kasb etib borar ekan, elektromobillar ishlab chiqarish istiqbolli yo‘nalish bo‘lib qolaveradi. Shunday ekan, gibrid va elektr avtomobillar bo‘yicha “BYD” kompaniyasi sherikligidagi loyiha “yashil” avtomobillar ishlab chiqaruvchi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik borasidagi ilk qadam bo‘ldi.

“Yashil” energetika borasida ham shunga o‘xshash fikrlar bildirish mumkin. Keyingi yillarda O‘zbekistonda bu yo‘nalishda ham tub burilish yasaldi. Quyosh va shamol energiyasi imkoniyatlaridan foydalanish haqidagi qarorni o‘ta muhim va istiqbolli deyish mumkin. Mazkur yo‘nalishga asos solish va uni rivojlantirish uchun katta miqdorda mablag‘ talab etiladi. Shu sababli mamlakat rahbariyati “yashil” loyihalarni amalga oshirish yo‘lida yirik xorijiy investorlarni jalb etishga alohida e’tibor qaratdi. Buning uchun zarur qonunchilik bazasi deyarli yangidan yaratildi, xorijiy sarmoyadorlarni qiziqtirish uchun ma’lum imtiyoz va preferensiyalar berildi.

Nima bo‘lganda ham maqsad xarajatlarni oqlashi aniq. Navoiy va Samarqand viloyatlarida qurilgan, har birining quvvati 100 MVtli fotoelektr stansiyalarida o‘tgan yili 580 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu miqdor 240,4 ming uy xo‘jaligining yillik iste’molini qoplashga yetadi.

Quvvati 500 MVtga teng shamol elektr stansiyasining parraklari Navoiy viloyatining Tomdi tumani qiyofasini o‘zgartirib yubordi. Inshootning 100 megavattli birinchi navbati o‘tgan yilning oxirida ishga tushirilgan bo‘lib, qisqa vaqt mobaynida 155 ming xo‘jalik ehtiyojini qondirishga qodir bo‘lgan deyarli 31,2 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shamol elektr stansiyasining 200 MVt quvvatga teng keyingi navbati joriy yil yakuni bilan foydalanishga topshiriladi. 2025-yilda esa SHES to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.

Tomdi tumanidagi inshootga balandligi 97 metrli shamol turbinalar, uzunligi 77 metrga teng parraklar o‘rnatilayotgan bo‘lsa, Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida barpo etilayotgan ikkita — har biri 500 megavattli shamol elektr stansiyalariga balandligi 100 metrdan ziyod turbinalar, 84 metrli parraklar o‘rnatilmoqda.

Inshootning shamol hisobiga 400 MVt elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi birinchi quvvati joriy yil yakunida ishga tushirilishi mo‘ljallangan. SHES to‘liq quvvatga kirganda esa yiliga 3,6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib beradi. Aytish joizki, ushbu hajm hisobiga 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda atmosfera 1,5 million tonna chiqindilar bilan zaharlanishining oldi olinadi.

Keltirib o‘tilgan raqamlar O‘zbekistonning “yashil” energetika sohasidagi ulkan va istiqbolli dasturining ilk debochasi, xolos. Mazkur loyiha xalqaro hamjamiyatning ham e’tiborini tortdi. Masalan, ko‘plab mamlakatlarning ommaviy axborot vositalarida joriy yil bo‘sag‘asida Samarqand, Jizzax, Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridagi beshta fotoelektr stansiyasi hamda Navoiy viloyatidagi quvvati 2 400 megavattga teng shamol elektr stansiyasini umumiy tarmoqqa ulash tantanali marosimi keng yoritildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z so‘zida mamlakat aholisi va iqtisodiyotini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash, iqlim o‘zgarishi salbiy oqibatlarini yumshatish, respublikaning quyosh va shamol energiyasi borasidagi ulkan salohiyatidan unumli foydalanish, “yashil” energiya hisobidan eksportbop mahsulot ishlab chiqarish, xorijiy hamkorlar bilan birgalikda quyosh va shamol elektr stansiyalari uchun uskunalar hamda butlash qismlarini ishlab chiqarish, ularni ta’mirlash va qurishga yo‘naltirilgan boshqa sohalarni rivojlantirishda “yashil” generatsiyaning ahamiyatini e’tirof etdi.

Joriy yilda investorlar hamda Saudiya Arabistoni, BAA, Xitoy, Fransiyaning jahonga mashhur kompaniyalari bilan hamkorlikda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, energiyani saqlash tizimlarini barpo etish bo‘yicha o‘nta loyiha ustida ish olib borilmoqda. 2024-yilning o‘zida FES quvvatini 2,6 gigavattga, SHES quvvatini esa 900 megavattga yetkazish, 400 megavatt energiya saqlash imkonini beruvchi inshootlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.

Umuman aytadigan bo‘lsak, 2030-yilga qadar “yashil” elektrostansiyalar quvvatini 27 gigavattga olib chiqish mo‘ljallangan. Bu esa, o‘z navbatida, elektr energiyasi ishlab chiqarishni oshirish barobarida, yiliga 25 milliard kub metr tabiiy gazni tejash va atmosfera 34 million tonna zararli moddalar bilan ifloslanishining oldini olishga zamin yaratadi.

— O‘zbekiston bosqichma-bosqich sirkulyar iqtisodiyotga o‘tishni amalga oshirmoqda. Uning asosiy afzalliklari shundaki, sirkulyar iqtisodiyotda, avvalo, resurslar tejaladi, chiqindilar salmoQi kamayadi, uglevodorod bilan bog‘liqlik qisqaradi, aholi farovonligi ortadi, — deb yozadi Ispaniyaning “El Mundo Financiero” nashri muxbiri. — Shu va boshqa sa’y-harakatlar O‘zbekistonni “yashil” o‘sish borasida Markaziy Osiyoning yetakchisiga aylantiradi hamda butun mintaqani “yashil” kelajakka tomon yetaklaydi.

Erishilgan natijalar O‘zbekiston jahonning asosiy trendlaridan ortda qolmaslikka intilayotganini, zamon talabiga mos ravishda harakatlanayotganini isbotlaydi.

Iqtisodiyot o‘sib bormoqda, farovonlik ortmoqda

Mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasi o‘laroq nisbatan qisqa davrda butun respublika miqyosida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yaqin-yaqinga qadar, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot poytaxt atrofida aylanar edi, hududlarga esa qoldiq tamoyili asosida e’tibor berilardi. Bugun vaziyat tubdan o‘zgardi. Albatta, joylarda hayot darajasi markazga nisbatan farqlansa-da, infratuzilma sohasidagi shiddatli o‘sish dinamikasidagi zamonaviy sanoat korxonalarini qurish, uy-joy hamda ijtimoiy obyektlarni barpo qilish borasidagi o‘zgarishlar yaqqol sezilmoqda.

Shahar va tumanlardagi holatdan ko‘proq xabardor bo‘lgan mahalliy hokimiyatga hududlarni rivojlantirish istiqbollarini belgilashda keng imkoniyatlar taqdim etilgan. Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan maqsadlarga erishishda, dastur va loyihalarni amalga oshirishda ularni moliyalashtirish katta ahamiyat kasb etadi. Moliyalashtirish masalasi esa hududlarda olinayotgan daromadlar miqdori bilan uzviy bog‘liq.

Aynan shu bois mazkur jihatga Taraqqiyot strategiyasida alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni hududiy iqtisodiyot hajmini 1,4-1,6 karra oshirish, iqtisodiyotni muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, sanoat va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish kabi aniq vazifalar qo‘yilgan. Respublika tumanlari va shaharlari kesimida ishlab chiqilgan va besh yilga mo‘ljallangan hududiy dasturlar shunga yo‘naltirilgan.

Mazkur dasturlarni amalga oshirish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lmoqda. Hududlarga tashriflari davomida Prezidentimiz islohotlar natijalari bilan tanishish asnosida oddiy odamlarning turmush tarzidagi yangilanishlar xususidagi fikr-mulohazalariga ham quloq tutadi.

Har bir tashrif iqtisodiyot tarmoqlarida olib borilayotgan islohotlar natijalari aholi farovonligiga ko‘rsatayotgan ijobiy ta’sirini ham namoyon etadi.

Misol uchun olib qaraydigan bo‘lsak, Andijon viloyati milliy avtomobilsozlikning beshigi hisoblanadi. Bugungi kunda viloyatda avtomobil ishlab chiqarish sohasiga taalluqli 12 ta yirik va 160 dan ziyod o‘rta va kichik korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda yaxshigina daromad topayotgan 17 ming ishchi va mutaxassis mehnat qiladi. Kooperatsiya asosida ehtiyot qismlar yetkazib berishga ixtisoslashtirilgan loyihalar kengayishi barobarida, band bo‘lganlarning salmoQi ortib boraveradi.

Keyingi yillarda mamlakatda industrial hududlar tashkil etish va rivojlantirishga katta e’tibor berilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning fevral oyida Andijon viloyatiga qilgan tashrifi davomida Andijon tumanida tashkil etilgan “Andijon sanoat xabi” korxonasini ko‘zdan kechirdi. Bu yerda 195 gektar maydonda mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari kabi sohalarda o‘ndan ortiq loyihalar amalga oshirilgan. Joriy yilda mazkur industrial hududda 150 million dollardan ziyod o‘ndan ortiq loyihalar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Natijada viloyatning sanoat salohiyati, xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortadi, yana ikki mingta ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbarining tavsiya va ko‘rsatmalari asosida hudud iqtisodiyotini yanada ravnaq toptirish uchun xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish mo‘ljallanmoqda. Birgina Xitoy investorlari bilan 3 milliard dollarlik shartnomalar tuzilgan. Joriy yilda esa yana bir milliard dollar miqdoridagi investitsiyalar jalb etish mumkin. Shu maqsadda Andijon tumani hududidagi 218 gektar maydonda “Ipak yo‘li” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilib, xorijiy investorlarga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim qilinadi. Istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun esa zarur infratuzilma yaratiladi.

Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda viloyatda qiymati 1,7 milliard dollarga teng bo‘lgan 26 loyiha bajarilmoqda. Ushbu loyihalar energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, tekstil, qurilish mahsulotlari, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va infratuzilma kabi soha hamda tarmoqlarni qamrab olgan. Ular doirasida kichik gidroelektrostansiyalar, uy-joylar va dam olish maskanlarini qurish, elektrobuslar va akkumulyatorlar, keramik marmar, beton panellar, dori vositalari ishlab chiqarish, gilos va boshqa mevalar yetishtirish rejalashtirilgan. Yangi quvvatlar esa yangi ish o‘rinlari demakdir. Aholisi zich bo‘lgan Andijon viloyati uchun bu dolzarb ahamiyatga ega. O‘zbekiston Prezidenti bilan bo‘lgan suhbatda xitoylik investorlar mamlakatimizda biznes yuritishga katta qiziqish bildirib, buning uchun respublikada va mazkur hududda qulay imkoniyatlar yaratilganini e’tirof etdi.

Fevral oxiri — mart boshida Xorazm viloyatiga tashrif davomida ham davlatimiz rahbari hududlarni rivojlantirish borasidagi aniq natijalar bilan tanishdi.

Islohotlar tufayli so‘nggi yillarda mazkur hudud jadal rivojlanmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 12 trillion so‘mni, aholi jon boshiga daromad esa atigi 6,7 million so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda raqamlar mos ravishda 37 trillion va 19 million so‘mga yetkazilgan. Mazkur ko‘rsatkichlarga sanoat korxonalarining salmoQini 20,2 mingdan 31 mingga oshirish, sanoat ishlab chiqarishini esa 4,1 trillion so‘mdan 18,3 trillion so‘mga yetkazish hisobiga erishildi.

Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samarali amalga oshirilayotgan ko‘plab loyihalarni tilga olish mumkin. Jumladan, “Xiva klaster” MCHJ bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Jamiyat rahbariyati davlatimiz yetakchisi tashabbusi bilan taqdim etilgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalana olgan. O‘tgan yilda klaster salkam 20 ming tonna paxta yetishtirdi. E’tiborlisi, 1 545 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish usuli qo‘llanildi. Natijada sug‘orish jarayonida qimmatli suv resurslari sezilarli darajada tejaldi.

Prezident klasterdagi yakuniy jarayon — tekstil korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu yerda zamonaviy uskunalar asosida yiliga 7 ming tonna kalava ip, 4 ming tonna trikotaj matosi, 10 million tonna tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. Barcha mahsulot xalqaro standartlarga javob beradi hamda to‘laligicha eksport qilinadi. Korxonaning umumiy eksport salohiyati yiliga deyarli 15 million dollarga teng.

2018 — 2023-yillar davomida klaster tomonidan 105 million dollar qiymatga ega loyihalar amalga oshirilib, yiliga 50 million dollarga teng eksport imkoniyatlari yaratildi. E’tiborlisi, paxtani yetishtirish va chuqur qayta ishlash bilangina cheklanib qolmay, hamkorlik asosida paxta yog‘i, sovun, tuxum, sut mahsulotlari va hatto poyabzal ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Klaster tom ma’noda agro ishlab chiqarish markaziga aylangan. Prezident klasterning istiqboldagi rejalari bilan tanishdi. Rejalar esa bisyor. Birinchi navbatda, bu paxta yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash asnosida qo‘shimcha qiymat yaratish ko‘lamini yanada kengaytirish bilan bog‘liq. Qolaversa, boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash loyihalari ustida dastlabki ish olib borilmoqda. Shuningdek, iste’molbop mahsulotlar yetkazib berish, kichik yuk tashish avtomobillarini ishlab chiqarish loyihalari tuzilmoqda. Ahamiyatlisi, aytib o‘tilgan loyihalar evaziga ish o‘rinlari hozirgi 10 mingtadan 30 mingtaga yetkaziladi. Demak, kelajakda yana 20 ming xorazmlikning oilasiga baraka kiradi.

Bu kabi ijobiy o‘zgarishlardan darak beruvchi misollarni barcha hududda ko‘rish mumkin. Joylardagi uchrashuvlar davomida Prezidentimiz shuni ham ta’kidlaydiki, iqtisodiy o‘sish uchun ishga solinmagan imkoniyatlar hali juda ko‘p. Shuning uchun davlatimiz rahbari barcha 208 ta tuman va shaharning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlash, iqtisodiy rivojlantirish hisobiga aholi daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan loyihalarni tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berdi.

Hindistonda chop etiladigan nufuzli “The Economic Times” nashrining e’tirof etishicha, hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatini chuqur tahlil qilish asosida ularni yaxlit va parallel ravishda rivojlantirish O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining muhim tamoyili bo‘lib xizmat qiladi.

— Jahon miqyosida kuzatilayotgan iqtisodiy girdoblar davrida O‘zbekiston barqaror iqtisodiy o‘sishga erishib kelayotgan davlatdir. U asta-sekinlik bilan Markaziy Osiyoning investitsiyaviy xabiga aylanmoqda, — deya xabar beradi nashr. — Mamlakatda amalga oshirilgan izchil islohotlar, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar, jumladan, imtiyoz va preferensiyalar, investor huquqlarining kafolatlangani mahalliy va xorijiy sarmoyadorlar qiziqishini oshirmoqda. 

Yuqorida aytib o‘tilgan barcha hayotiy misollar — ulkan bunyodkorlik ishlari, ishlab chiqarishda asrlarga tatigulik megaloyihalar, aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar bir qarashda turlicha manzara hosil qilayotganday ko‘rinadi. Ammo ularni birlashtiruvchi umumiy maxraj borki, bu ham bo‘lsa, xalqimiz azaldan orzu qilgan osuda va farovon hayotga erishishda dadil qadamlar tashlanayotgani, yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanayotgani, mamlakatimiz dunyoda o‘z o‘rni, o‘z ovoziga ega bo‘lib borayotganida yaqqol aks etadi.

O‘tkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер