Yangi Oʻzbekistonning buyuk maqsadlari va global sahnadagi munosib ovozi

12:10 25 Sentyabr 2025 Siyosat
97 0

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qilgan nutqi nafaqat yurtimiz, balki butun dunyo hamjamiyati uchun muhim siyosiy voqea boʻldi. Ushbu nufuzli minbarda yangragan fikrlar, taklif va tashabbuslar — yangi davr, yangi Oʻzbekistonning qatʼiy pozitsiyasi, mustahkam maqsadlari va jahon bilan hamjihatlikda yashashga boʻlgan intilishining yorqin ifodasidir.

Prezidentimiz oʻz nutqida bugungi kundagi global vaziyatning jiddiy va murakkabligini aniq taʼrifladi. Dunyo betinch, xalqaro munosabatlarda qarama-qarshiliklar kuchaymoqda, zaif va boy davlatlar oʻrtasidagi tafovut keskin ortib bormoqda. Ana shunday ogʻir sharoitda, Oʻzbekiston tomonidan bildirilayotgan tashabbuslar oʻta dolzarb va hayotiy ahamiyatga egadir.

Shavkat Mirziyoyevning nutqi — bu siyosiy murojaat emas, balki oʻzgarishlarning amaliy dasturi, insonparvar, tinchliksevar va hamjihat siyosatning mukammal namoyonidir. Unda nafaqat mamlakatimizning ichki islohotlari, balki butun insoniyat uchun dolzarb boʻlgan masalalar — kambagʻallik, taʼlim, sogʻliqni saqlash, gender tengligi, ekologik muammolar va global xavfsizlik kabi keng qamrovli yoʻnalishlarga eʼtibor qaratildi.

Ayniqsa, mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar borasidagi natijalar faxr bilan tilga olindi. Kambagʻallik darajasining qisqarishi, taʼlim qamrovining kengayishi, maktabgacha va oliy taʼlim sohalaridagi ulkan oʻsishlarning barchasi aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan izchil va qatʼiy siyosat samarasidir. Prezidentimiz taʼlimni isloh qilish, oʻqituvchilar nufuzini oshirish, innovatsion sanoat tarmoqlarini rivojlantirish orqali yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib, kelajak avlodni salohiyatli va bilimli etib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratmoqdalar.

Ayni paytda, xalqaro hamjamiyat uchun taklif etilgan tashabbuslar Oʻzbekistonning global saviyadagi masʼuliyatli va faol ishtirokchisini yaqqol namoyon etadi. Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, Markaziy Osiyoning barqaror iqtisodiy rivoji, suv va iqlim muammolari, “yashil” energetika, sunʼiy intellekt, transchegaraviy hamkorlik, ekologik xavfsizlik, yoshlar tarbiyasi va bagʻrikenglik — bularning barchasi Yangi Oʻzbekiston islohotlarining tashabbusida bor.

Nutqning oʻziga xos jihati shundaki, u hech qanday populizmga berilmasdan, har bir masalaga hayotbaxsh yechim taklif qiladi. Afgʻon muammosiga befarq qaramaslik, Gʻazo va Ukrainadagi mojarolarga nisbatan tinchlik va siyosiy muzokaralarni ustuvor deb bilish Oʻzbekiston tashqi siyosatida insonparvarlik va muvozanat asosiy mezon ekanini koʻrsatadi. Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusi esa nafaqat mintaqamiz, balki dunyo boʻylab tinchlik gʻoyalarini yoshlar qalbiga singdirishda yangi sahifa ochishi mumkin.

Shu bilan birga, Islom maʼrifati va islom sivilizatsiyasiga oid boy ilmiy-maʼnaviy merosimizning dunyoga tanitish tashabbusi nafaqat faxr, balki javobgarlik hamdir. Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk mutafakkirlar faoliyatini xalqaro miqyosda targʻib qilish Oʻzbekistonning maʼrifiy yetakchilikka qadam qoʻyayotganini anglatadi.

Shavkat Mirziyoyevning ushbu nufuzli minbardagi nutqi Yangi Oʻzbekistonning nafaqat ichki taraqqiyoti, balki xalqaro sahnadagi faol, qatʼiy va tinchliksevar davlat sifatidagi yuksalishini anglatadi. Ushbu nutq har birimizda milliy faxr tuygʻusini oshiradi, mamlakatimizga nisbatan ishonchni mustahkamlaydi va kelajakka ishonch bilan qarashga ruhlantiradi.

Biz, xalq vakili sifatida, bunday yuksak maqsadlarni qoʻllab-quvvatlashni oʻz burchimiz deb bilamiz. Zero, Prezidentimiz nutqida yangragan har bir fikr mamlakatimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi va butun insoniyatning tinchligi uchun jasorat bilan aytilgan soʻzlardir. Ana shunday mustahkam siyosiy iroda va xalqaro maydondagi munosib ovoz orqali Yangi Oʻzbekiston oʻz tarixiy burchini ado etmoqda.

Hilola YUSUPOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер