Mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoyasi, oʻquvchilari uchun bepul ovqat, 100 ming oʻrinli talabalar turar joylarini barpo etish — Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasida yana nimalar aks etmoqda

21:50 30 Dekabr 2021 Hujjatlar
8105 0

Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi tayyorlandi.

Loyihada mutlaqo yangi yondashuv qoʻllanilib, rejalashtirilgan islohotlar natijadorligini taraqqiyotning maqsadlariga erishganlik darajasi asosida baholash tizimi joriy etilmoqda.

Jumladan, Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”da mamlakatimizni rivojlantirishning 7 ta ustuvor yoʻnalishi doirasida qariyb 100 ta maqsadlarga erishish nazarda tutilmoqda.

1. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 41 ta chora-tadbir belgilanmoqda:

➖ xalq bilan muloqotning mexanizmlari va taʼsirchan jamoatchilik nazoratining asoslarini takomillashtirish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa hududiy dasturlar ochiq eʼlon qilinib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqiladigan tizimni yaratish;

➖ mahallaning “faol modeli”ni joriy etish, uni aholining muammolarini bevosita hal qilish hamda hududni rivojlantirish uchun zarur resurs va imkoniyatlar bilan taʼminlash;

➖ “Elektron parlament” doirasida deputatlarni oʻz saylovchilari bilan, senatorlarni hududlardagi fuqarolar bilan bogʻlash, ular bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borish, saylovchilarni qiynayotgan muammolarni muhokama qilish va hal etish jarayonini raqamlashtirish;

➖ xalq deputatlari Kengashlarini hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, mahalliy byudjetni shakllantirish va nazorat qilishdagi asosiy boʻgʻinga aylantirish hamda mahalliy davlat hokimiyati faoliyatining asoslarini yangilash;

➖ davlat organlari faoliyatini “fuqaroga xizmat qilishga yoʻnaltirish” gʻoyasi asosida transformatsiya qilish, ular tomonidan markaziy tuzilma va hududlar kesimida «mahallabay» ishlashga qaratilgan yillik dasturlarni eʼlon qilish va muhokama qilish tartibini joriy etish;

➖ ixcham, professional, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy etish, davlat xizmatini zamonaviy standartlar asosida tashkil qilish va byurokratiyani bartaraf etish;

➖ “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini amaldagi 54 foizdan 100 foizga yetkazish, davlat xizmatlari qamrovini oshirish.

2. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 28 ta chora-tadbir belgilanmoqda:

➖ mulk huquqi daxlsizligini ishonchli himoya qilishni taʼminlash va qaror (harakat) noqonuniy emasligini sudda isbotlash majburiyatini mansabdor shaxsning oʻziga yuklash (“aybdorlik prezumpsiyasi”);

➖ fuqarolarni yashash joyi boʻyicha hisobga olish (“propiska”) tizimini yanada soddalashtirish va aholiga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, tekshirish uchun fuqaroni ichki ishlar boʻlimiga olib borish oʻrniga barcha maʼlumotlarni joyida tekshirish tartibini joriy etish;

➖ jinoyat qonunchiligini liberallashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jazoni oʻtab boʻlganlarni jamiyatga reintegratsiya qilish va ularga tadbirkorlik loyihasini amalga oshirish uchun “dastlabki ijtimoiy-moddiy yordam paketi”ni berish tizimini joriy etish;

➖ maʼmuriy adliyani rivojlantirish orqali, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ustidan samarali sud nazoratini oʻrnatish;

➖ yoʻl infaratuzilmasini takomillashtirish va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish orqali, yoʻllarda oʻlim holatlarini keskin qisqartirish boʻyicha dastur qabul qilish;

➖ huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish, ularning faoliyatini xalq manfaatlariga xizmat qilish hamda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlashga yoʻnaltirish;

➖ advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda salohiyatini tubdan oshirish, uning institutsional mustaqilligini taʼminlash.

3. Iqtisodiyotni rivojlantirish, uning oʻsish surʼatlarini zamon talablari darajasida taʼminlash yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 133 ta chora-tadbir belgilanmoqda:

➖ aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravar hamda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravar koʻpaytirish;

➖ bank tizimida xususiy sektor ulushini amaldagi 18 foizdan 60 foizgacha oshirish hamda fond bozori hajmini 7 mlrd dollarga yetkazish;

➖ qoʻshilgan qiymat soligʻini amaldagi 15 foizdan 12 foizgacha, telekommunikatsiya, bank va moliya kabi sohalarda foyda soligʻini amaldagi 20 foizdan 15 foizgacha tushirish;

➖ iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish va havoga chiqariladigan zararli gazlar hajmini 10 foizga qisqartirish;

➖ raqamli iqtisodiyot hajmini 2,5 baravar koʻpaytirib, dasturiy mahsulotlar industriyasi hajmini 500 mln. dollarga yetkazish;

➖ iqtisodiyotga 120 mlrd, shu jumladan 70 mlrd dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini 30 mlrd dollarga yetkazish;

➖ dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xoʻjaligining yillik oʻsishini kamida 5 foizga yetkazish;

➖ suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni tejash boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish, har yili kamida 7 mlrd m3 suvni tejash;

➖ chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5-2 baravar koʻpaytirish;

➖ meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, intensiv bogʻlar maydonini 3 baravar va issiqxonalarni 2 baravar koʻpaytirib, eksport salohiyatini 1 mlrd dollarga oshirish;

➖ sharoiti “ogʻir” boʻlgan 14 ta tumanlarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun pasaytirilgan soliq stavkalarini oʻrnatish;

➖ “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qiling” dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 mln nafardan oshirish hamda xorijiy turistlar sonini 9 mln nafarga yetkazish.

4. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 55 ta chora-tadbir belgilanmoqda:

➖ maktabgacha taʼlimning qamrov darajasini 67 foizdan 80 foizga yetkazish, nodavlat bogʻchalarga va maktablarga farzandini yuborayotgan ota-onalarning 3 mln soʻmgacha toʻlovlarini daromad soligʻidan ozod etish;

➖ maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrni yaratish hamda darsliklarni yangilash uchun Davlat byudjetidan 605 mlrd soʻm ajratish;

➖ Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida 1-4-sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash tizimini joriy etish;

➖ oliy taʼlimga qamrov darajasini amaldagi 28 foizdan 50 foizga yetkazish hamda davlat-xususiy sheriklik asosida 100 ming oʻrinli talabalar turar joylarini barpo etish;

➖ maktab oʻquvchilarining kamida bir kasbni egallashiga koʻmaklashish tizimini joriy etish;

➖ byudjetdan dori vositalari va tibbiy buyumlarga ajratilgan mablagʻlarni 3 baravar oshirish, mamlakatda ishlab chiqariladigan dori vositalari miqdorini 80 foizga yetkazish;

➖ tibbiy xizmatlardagi xususiy sektorning ulushini 25 foizga yetkazish, “oilaviy shifokor” yoʻnalishi boʻyicha mustaqil faoliyatni amalga oshirishga ruxsat berish;

➖ hududlarda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatining faoliyati “bir qadam” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyilib, 105 ta oilaviy shifokor punkti va 31 ta oilaviy poliklinika tashkil etish;

➖ jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanadigan aholini 33 foizga chiqarish, mamlakatimizda Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish.

5. Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash, ushbu sohani tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 33 ta chora-tadbir belgilanmoqda:

➖ “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” gʻoyasi asosida sogʻlom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish;

➖ kitobxonlikni keng ommalashtirish va “Kitobsevar millat” umummilliy gʻoyasini roʻyobga chiqarish;

➖ jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash;

➖Oʻzbekiston tarixini oʻrganish va targʻib qilishni rivojlantirish;

➖ “Yangi Oʻzbekiston – maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirish, shuningdek, 183 ta tuman va shaharlarda Maʼnaviyat va maʼrifat maskanlarini barpo etish va foydalanishga topshirish;

➖madaniyat va sanʼat sohalarini yanada rivojlantirish, madaniyat muassasalari va obyektlarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash.

6. Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 39 ta chora-tadbir belgilanmoqda:

➖ xalqaro maydonda atrof muhitga oid tashabbuslar, shu jumladan Butunjahon ekologiya xartiyasini ishlab chiqishni ilgari surish;

➖ Orol dengizining tubida qoʻshimcha 500 ming gektar yashil maydonlarni barpo etib, umumiy hajmini 2,5 million gektarga yetkazish;

➖ ekstremizm va terrorizm, ayniqsa uning zamonaviy koʻrinishlariga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish;

➖yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish orqali kambagʻallik va ishsizlik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish;

➖kasbga oʻqitish koʻlamini 2 baravar oshirib, jami 1 million ishsiz kishini kasb-hunarlarga oʻqitish va bu jarayonda nodavlat taʼlim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish;

➖jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulklarini deklaratsiya qilish tizimi bosqichma-bosqich joriy etish;

➖xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi siyosatini olib borish;

➖ “Vatandoshlar” jamoat fondi orqali xorijiy davlatlardagi yurtdoshlar bilan doimiy va samarali aloqalar oʻrnatish.

7. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish yoʻnalishida quyidagi maqsadlarga erishishga qaratilgan 77 ta chora-tadbir belgilanmoqda:

➖ fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash;

➖davlatning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;

➖ favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan ekologik muammolarni bartaraf etish;

➖Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni rivojlantirish;

➖ anʼanaviy hamkorlar bilan munosabatlarni rivojlantirish, BMT, global va mintaqaviy tashkilotlardagi faoliyatni kuchaytirish.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish boʻyicha milliy komissiya tarkibi tasdiqlanib, uning zimmasiga Taraqqiyot strategiyasidagi tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini nazorat qilish vazifasi yuklanmoqda.

Bundan tashqari, hududlar bilan ishlashning yangi tartibi oʻrnatilib, unga koʻra har yili barcha tuman va shaharning muammo va imkoniyatlarini chuqur oʻrgangan holda hududlar kesimida taraqqiyot dasturlari ishlab chiqish, ularning ijrosi yuzasidan hokimlar xalq deputatlari Kengashlariga, Bosh vazirning oʻrinbosarlari va idoralar rahbarlari esa Oliy Majlis palatalariga hisobot berishi amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Vazirlar Mahkamasiga Taraqqiyot strategiyasi va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish vazifasi yuklanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?