Yangi Oʻzbekiston yoshlari — kelajagimiz va istiqbolimiz poydevori
Yoshlar — har qanday jamiyatning ertasi. Ular tom maʼnoda, Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi hisoblanadi. Zero, yangi Oʻzbekiston yoshlari — kelajagimiz va istiqbolimiz poydevoridir.
Bugun yurtimizda ularning zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinayotgani, xususan, Prezident va ijod maktablari tashkil etilayotgani zamirida katta maʼno mujassam. Hozir biz zamonaviy talablar asosida jihozlangan, barcha shart-sharoitlarga ega oʻquv binolarida taʼlim olayotgan yoshlarning yutuqlari bilan haqli ravishda faxrlana olamiz.
Birgina Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchisi Firdavs Abduqayumovning IELTS dasturi boʻyicha yuqori ball toʻplab, AQSHning Jon Keroll universitetida tahsil olish uchun 96 ming dollarlik grant sohibiga aylangani ham davlatimiz rahbari boshchiligida qisqa vaqtda taʼlim-tarbiya sohasida tanlagan yoʻlimizning naqadar toʻgʻri ekanligini yaqqol isbotlab turibdi.
Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Yangi Oʻzbekiston – maktab ostonasidan, taʼlim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan gʻoyani ilgari surgani bejiz emas. Zotan, yurtboshimiz taʼkidlaganidek, “Agar katta avlodning bilimi va tajribasini, uzoqni koʻra olish fazilatlarini yoshlarimizdagi gʻayrat-shijoat, mardlik va fidoyilik bilan birlashtira olsak, koʻzlagan marralarga albatta yetamiz”.
Shu nuqtayi nazardan bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Murojaatnomada bayon etilgan ustuvor vazifalarning ijrosini taʼminlash uchun faol ish olib bormoqda. Xususan, ushbu tarixiy nutqdan soʻng, parlament quyi palatasida Murojaatnoma mazmun-mohiyatiga va ahamiyatiga bagʻishlangan bir qator tadbirlar oʻtkazildi.
Kuni kecha “Taʼlim va tarbiya – yosh avlod kamolotining poydevori va davlatimiz taraqqiyotining kafolati” mavzusida fraksiyalararo boʻlib oʻtgan amaliy muloqotda ham Murojaatnomada belgilab berilgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Samimiy va koʻtarinki ruhda oʻtgan muloqotda Murojaatnomadan oʻrin olgan vazifalar bilan birga, 2021-yilga moʻljallangan Davlat dasturi loyihasiga taʼlim tizimi taraqqiyotiga xizmat qiladigan bir qator takliflar bildirildi. Bu bejiz emas, albatta. Ayonki, Murojaatnomada belgilangan maqsadlarga soʻzsiz erishish barchamizdan yakdillik va faollik talab etadi.
Nega desangiz, joylarda aholi bilan uchrashuvlarimiz davomida aksariyat maktablarning binolari oʻtgan asrning oʻrtalarida qurilgani, oʻquv-partalari eski, sinfxonalar yetishmasligiga koʻp bor guvoh boʻlganmiz. Demak, mamlakatni qudratli qiladigan kuch ilm-fan, taʼlim va tarbiya ekan, bilim va maʼnaviyat maskani boʻlgan maktablar sharoitini yaxshilash kechiktirib boʻlmas vazifa hisoblanadi.
Murojaatnomada maktab taʼlimini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom ettirilishi aytib oʻtildi. Tabiiyki, joriy yilning oʻzida 30 ta yangi maktab qurish, 320 ta maktabni taʼmirlash va moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida byudjetdan 2 trillion soʻmlik mablagʻ ajratilishi ming-minglab yoshlarning qalbini toʻlqinlangani aniq. Bu yoʻnalishda boshlagan ishlarni davom ettirish maqsadida 2021-yilni mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilinishi yoshlarning salohiyatini namoyon etish borasidagi saʼy-harakatlariga yangicha kuch va ilhom bagʻishladi.
OʻzLiDeP saylovoldi dasturida Oʻzbekistonning taʼlim va intellektual rivojlanish darajasi boʻyicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Biz bu borada taʼlim tizimida raqobat muhiti shakllanishi uchun xususiy sektorga keng yoʻl ochishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz.
Bizning fikrimizcha, sohada davlat-xususiy sherikchiligi va xususiy xizmatlarni jadal rivojlantirish hisobidan bolalar uchun sport, musiqa va sanʼat maktablari qurilishini qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, ingliz tili, informatika, matematika va boshqa talab yuqori boʻlgan fanlarni chuqurlashtirilgan tarzda oʻrgatish sohasida xususiy sektorning ulkan imkoniyatlarini ishga solish qisqa vaqtda albatta, oʻz samarasini beradi.
Xulosa qilib aytganda, agar jahondagi rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar avvalo, taʼlim tizimidan boshlanganini koʻramiz. Taʼlim va tarbiyaning asosi, poydevori bu – maktabdir. Shu jihatdan maktablardagi taʼlim sifati poytaxtda ham, olis qishloqlarda ham yuqori boʻlishi lozim.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbek polvonlari kurash boʻyicha Jahon chempionatida 72 ta medal bilan birinchi oʻrinni egalladi
- Qaynuka uchun jigarini bergan yanga
- Toshkent viloyatidagi hayvonot bogʻida nazoratsiz qolgan sherlar qorovulni oʻldirdi
- Qish suratlari: oddiy hayotning noodatiy goʻzalligi
- Oʻzbekistonda qiymati 14 million yevrodan oshadigan loyiha ish boshlaydi
- Endilikda onlayn qimor oʻyinlarini oʻynash uchun litsenziya beriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring